Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shifo bagʻishlovchi neʼmatlar

Aziz bolajonlar, xabaringiz bor, dunyo mamlakatlaridan, jumladan yurtimizdan ham koronavirus pandemiyasi butunlay chekingani yoʻq. Bunday vaziyatda tanasining immun tizimi past kishilarda ehtiyotsizlik tufayli virus yuqtirish xavfi yuqoriroq boʻladi. Afsuski, bu holat bolalarda ham uchrashi mumkin. Bu xatarning oldini olish uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

Sir emas, koʻpchilik bolalar ovqat tanlaydi. Baʼzilari taomdagi sabzi, sholgʻom, karamni ajratib tashlashadi. Kimdir oshqovoqli taomni umuman xush koʻrmaydi. Bu toʻgʻri emas. Chunki bu kabi chimxoʻrlik, injiqlik tanada vitaminlarning kamayib ketishiga sabab boʻladi. Darmondorilar yetishmovchiligi tufayli ayrim bolalar kasallikka tez chalinadigan, nimjon boʻlib qolishadi. Shunday ekan, quyida tananing himoya tizimini mustahkamlaydigan tabiiy va samarali vositalar haqida soʻz yuritamiz. Unutmang, serquyosh oʻlkamiz shifobaxsh giyohlar va meva-sabzavotlarga juda boy.

 

Piyoz va sarimsoq

Piyoz va sarimsoqda koʻpgina kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroblarga qarshi taʼsir qiladigan uchuvchan moddalar – fitonsidlar bor, biroq ulardan toʻgʻri foydalanishni bilish kerak.

Piyoz va sarimsoq suvini burunga tomizish mumkin emas, chunki u yalligʻlangan shilliq qavatni shikastlaydi. Burun kataklariga piyoz va sarimsoq boʻlagini suqish aslo mumkin emas, uni burundan tortib olish oson emas. Bunday hollarda otolaringolog shifokorning yordami kerak boʻladi. Shuning uchun mana bunday qiling: toza, quruq stakanga qirgʻichdan oʻtkazilgan piyoz yoki sarimsoqdan ikki osh qoshiq soling va stakanni krujkadagi qaynoq suvga qoʻying. Qalinroq qogʻoz voronka bilan stakanning ogʻzini yoping. Voronkaning ingichka uchini burunga toʻgʻrilab, chiqayotgan bugʻni hidlang (har bir burun katagiga 10 daqiqadan). Muolaja kuniga 3-4 marta takrorlanadi. Fitonsidlar burun boʻshligʻiga, qoʻshimcha boʻshliqlariga va eshituv yoʻllariga tushib, yaxshi taʼsir koʻrsatadi. Tajribaning koʻrsatishicha, oʻtkir tumovda baʼzi kishilarga aloe suvi yaxshi yordam beradi. Aloe suvi 5 tomchidan ikki-uch kun mobaynida har bir burun katagiga tomiziladi.

Agar ovqatga sarimsoq solmoqchi boʻlsangiz, ovqat pishganda olovni oʻchiring-da, sarimsoqni solib, taomni 3-5 daqiqa suzmay turing. Shuni biling-ki, sarimsoq uzoq pishirilganda oʻzining foydali xossalarini yoʻqotadi. Sarimsoqni sovib qolgan ovqatga solish yaramaydi, chunki bunday qilganda ovqatning mazasi buziladi. Sarimsoq tarkibidagi efir moyi unga oʻtkir, ishtahani ochadigan hid beradi, unda turli biologik moddalar koʻp boʻlganidan mazasi yaxshi va davolash xususiyatiga ega. Shuningdek, sarimsoq tarkibida mikroelementlar va bir oz vitamin bor. U ichakning harakat va sekret funksiyasini oshiradi, yurak faoliyatini ragʻbatlantiradi. Uning suvi bosh terisiga surtilsa, soch mustahkam boʻladi.

Sarimsoq qanchalik foydali boʻlmasin, uni hamma ham yeyaverishi mumkin emas. Meʼdasida va oʻn ikki barmoqli ichagida yarasi bor bemorlarga, gastrit, jigar va oʻt pufagi, buyrak, oshqozon osti bezi kasalligi bor odamlarga tavsiya etilmaydi. Chunki uning tarkibidagi efir moyi ana shu aʼzolarning shilliq qavatini zararlaydi.

 

Dilafroʻz ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.