Kasb tanlashda adashmang
Maktabni bitiruvchi doʻstlarim! Orangizda 6-7-sinfda oʻqiyotganidayoq oldiga aniq maqsad qoʻyib, shu yoʻlda repetitor yoki toʻgaraklarga qatnab, bilimini mustahkamlab yurgan bolalar bor. Ota-onasi, aka-opasidan hunar oʻrganib, unga mehr qoʻyib, kelgusida shu hunarni davom ettiraman, deb niyat qilganlar ham anchagina. Qishloq sharoitida bogʻ va dala ishlarini oʻrganib, ota-onasiga chorvalarga qarashda koʻmaklashib, katta boʻlsam fermer boʻlaman, deb ahd qilganlar talaygina. Eng muhimi, ana shu maqsad va niyatning borligi, ahdning qatʼiyligi.
Ming afsuski, yoshi 17-18 ga toʻlgan boʻlsa-da, na kasb, na hunar haqida oʻylamay, maktabga borib, uyga kelib, uch-toʻrtta oʻziga oʻxshagan beqarorlar bilan birgalikda koʻchada bekorga vaqt oʻtkazib yurganlar yoki telefondan bosh koʻtarmay yengil-yelpi oʻyinlarga berilib ketganlar ham topiladi. Ular oʻz kelajagi haqida tasavvur qilishni ham bilmaydilar. Ularga nima deymiz: “Hali ham kech emas, bir ishning boshini tutishni, mustaqil qadam tashlashni oʻyla, qachongacha ota-onang boqadi?!” deymiz-da.
Yana bir mulohaza, aziz bitiruvchilar. Baʼzida oʻgʻil bolalar yanglishib qizlarga mos boʻlgan kasb-hunarni tanlashadi, qizlar esa oʻgʻil bolalar oʻqiydigan oʻqishlarga kirib qolishadi. Bir-ikki yil oʻqib, amaliy mashgʻulotlar boshlangach, bu oʻqishga notoʻgʻri kiribman yoki bu kasbni notoʻgʻri tanlabman, deb afsuslanishadi. Shunday holatga tushib qolmaslik uchun oʻzingiz istagan oʻqish yoki ota-onangizning maslahati bilan tanlagan yoʻlga qadam tashlashdan avval shu kasb-hunarning, mutaxassislikning oʻziga xos jihatlarini yaxshilab oʻrganing. Qanday qilib, deysizmi? Masalan, siz kelajakda yengil avtomashina ishlab chiqaruvchi muhandis boʻlmoqchisiz. Chunki uyingizga yaqin boʻlgan ustaxonaga kirib-chiqib yurib mashinalarga qiziqib qoldingiz. Siz mashina yaratishning ogʻir-yengil tomonlari haqida usta amakilardan soʻrab biroz maʼlumotga ham ega boʻldingiz. Muhandis boʻlish uchun koʻp oʻqish zarurligini ham bilasiz. Maqsadingizga erishish uchun zahmatlarga tayyorsiz. Kelgusida sizni nimalar kutayotgani haqida tasavvuringiz ham bor. Bu yoʻlda faqat dadil qadam tashlash qoldi, xolos.
Oʻzbekistonda avloddan avlodga oʻtib kelayotgan milliy hunarmadchilikning yuzlab turlari bor. Ularni sanab oʻtirmayman, chunki biz jurnal sahifalarida oʻz hunarini ana shunday sanʼat darajasiga koʻtarib, Xalqaro koʻrgazmalarda sovrinli mukofotlarni qoʻlga kiritgan oʻquvchi yoshlar haqida koʻp marta hikoya qilganmiz, fotosuratlar orqali amaliy ishlaridan namunalar berganmiz. Bir yigitga qirq hunar oz, degan maqolga amal qilib, “Barkamol avlod markazi”da milliy hunarmandchilikning koʻplab turlarini oʻrganayotgan bolalar bilan suhbatlashganmiz. Bu bolalar maktabni tamomlagach, qayerdan ish topsam ekan, qayerga oʻqishga kirsam ekan, deb oʻylanib oʻtirishmaydi. Chunki ular allaqachon oʻz yoʻllarini tanlab boʻlgan bolalardir.
Epli qiz, sepli qiz, deydi buvijonlar. Epli qiz boʻlish uchun qiz bola uquvli boʻlishi, birorta hunarni yaxshi oʻzlashtirib olishi kerak. Bu qiyin emas. Chunki qizlar uchun kasb-hunarlarning son-sanogʻi yoʻq. Shu oʻrinda saboq uchun sizlarga bir voqeani soʻzlab beraman. Bir oilaning erka qizi ota-onasiga: “Men shirinliklarni yaxshi koʻraman. Kelajakda shokolad va konfetlar ishlab chiqaradigan konditer korxonasida ishlamoqchiman”, debdi. Ota-onasi uni shu kasbga oʻrgatadigan kollejga oʻqishga berishibdi. U yerda kimyo fani ham oʻqitilar ekan. Qiz bu fanni maktabda umuman oʻzlashtirmagani sabab, “Kollej qiyin ekan, oʻqimayman”, deb turib olibdi. Shunda otasi unga: “Shokolad ishlab chiqarish uchun uning tarkibi qanday kimyoviy moddalardan iborat ekanligini bilishing kerak-da”, debdi. Lekin qiz dugonalari oʻqiyotgan tibbiyot kollejiga bormoqchi boʻlibdi. Otasi bu kollejda ham kimyo va biologiya fanlari kuchaytirib oʻqitilishini aytibdi. Erka qizning boshi qotibdi. “Unda tikuvchi boʻlaman”, debdi qiz. Ota-ona maslahatlashib, qizini tikuvchilik kursiga oʻqishga berishibdi. Uch-toʻrt kundan keyin u: “Bu oʻqish avvalgilaridan ham qiyin ekan, u yerda chizmachilik bor ekan”, debdi. Qizining hujjatlarini u oʻqishdan bu oʻqishga olib borishdan charchagan ota-ona unga: “Boʻldi shu yerda oʻqiyverasan”, deyishibdi. Erka qiz uch yil oʻqib ham tuzukroq andoza chizolmaydigan tikuvchi boʻlibdi. Ota-onasi uni ishga joylab qoʻyishibdi. Qiz hali u, hali bu korxonada oz-ozdan ishlab, boʻshab ketaveribdi. Ana sizga quntsizlik, dangasalikning oqibati. Ming afsuski, bunday yoshlar har bir tashkilot va korxonada topiladi.
Qissadan hissa deganlaridek, kelgusida erka qizning ahvoliga tushmaslik uchun maktab davridanoq aniq maqsad kerak boʻladi. Tanlagan kasbiga mehr qoʻyib, uni mukammal egallash yoʻlida tinimsiz intilgan, qunt qilgan odam albatta, oʻz kasbining ustasi boʻlib yetishadi.
Zahro HASANOVA