Qalb istagi
Har bir kasbning oʻz bayrami, unitilmas ayyomi bor. Yozning eng qaynoq kunlarida nishonlanadigan shodiyona – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni ham ana shunday qutlugʻ sanalardan biri. Katta-yu kichik jurnalistlar, butun ijod ahli bu kunni oʻzgacha bir zavq-u shavq bilan kutishadi.
Bu bayram nafaqat nashr xodimlari, balki, jurnal yoki gazetani tayyorlashda oʻz ijodi bilan ishtirok etadigan yosh qalamkashlarning ham bayramidir. Fursatdan foydalanib sevimli “Gulxan” jamoasini, uning faol yosh ijodkorlarini ana shu bayram bilan chin koʻngildan muborakbod etaman. Oʻzim ham oʻquvchilik davrimdayoq shu bolalar nashrida jamoatchi muxbir sifatida ilk ijodlarim bilan faol qatnashganman. Hatto, 5-sinfda oʻqigan davrimda jurnal eʼlon qilgan “Baxtli bolalik” fotokonkursida sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritganman. Bu sovrin Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirishimda ijodiy ishlardan biri sifatida qabul qilingan.
“Gulxan” jurnali boʻlgʻusi jurnalistlar uchun chinakam ijod maydoni. Bu maktabda saboq olgan, oʻz maqolalari, sheʼr-u hikoyalarini eʼlon qilgan yosh qalamkash, albatta kelgusida yetuk jurnalist, yozuvchi va shoir boʻlib yetishishi mumkin. Buning uchun oʻzidagi isteʼdodni kamolga yetkazish, chuqur bilim va fidokorlik, maqsad sari intilish katta ahamiyatga ega. Sizlarga bu yoʻlda katta omad, oʻtkir qalam, joʻshqin ilhom tilab qolaman.
Jabbor RAZZOQOV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist