Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Zerikishga vaqt yoʻq

Mahallamizdagi barcha xonadonlar har bir parcha yerdan ikki-uch xil hosil olib, yaxshigina daromad qilishyapti. Eng muhimi, pomidor, bodring, kartoshka, sabzi-piyoz oʻzlaridan chiqqani sababli bozorga borish tashvishi yoʻq. Bu esa bozorlarda narx-navoning pasayishiga sabab boʻlmoqda.

Yozgi taʼtilga chiqqan bolalar ham karantin tufayli uyda oʻtirganlari uchun hovli ishlarida ota-onalariga yordam berishmoqda. Boysun tumanidagi 13-maktabning 7-sinf oʻquvchisi Farzona Ochilova kelajakda ingliz tili oʻqituvchisi boʻlmoqchi. Taʼtil paytlari ham televizor orqali ingliz tilida berilayotgan onlayn darslarini muntazam kuzatib boradi va turli badiiy kitoblar oʻqiydi. Boʻsh vaqtlarida gulchilik bilan shugʻullanadi. Xonadonlarida oʻstirilayotgan turli tuman gullarni parvarish qiladi. Tuvaklardagi anvoyi gullarni aytmaysizmi. Ularni sugʻoradi, oziqlantiradi, tagini yumshatadi. Chamandek gullarni koʻrsangiz, bahri-dilingiz ochiladi. Dugonalari Fotima va Zuhraga ham parvarish qilish sirlarini oʻrgatadi. Farzonaning akasi Abbos esa oiladagi kattalardan oʻrganib, toʻrt qoʻzi boqayapti.

6-maktabning 8-sinf oʻquvchisi Samandar Vohidov 24 dona tovuq boqmoqda. Roʻzgʻordan ortgan tuxumlarni qoʻni-qoʻshnilar sotib olishadi. Bu esa oilaga qoʻshimcha daromad boʻlmoqda. Kelajakda tovuqlarini koʻpaytirish uchun harakat qilmoqda. Samandarning akasi Jasur dehqonchilik bilan shugʻullanadi. 3 sotixli tomorqasida pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, baqlajon, oshqovoq yetishtirmoqda. Handalak, qovun, tarvuzlari ham pishdi.

Mahalladagi Toʻti xola bir necha sogʻin sigir boqadi. Nevaralari bu ishda momolariga eng yaqin yordamchi. Gʻaffor boboning issiqxonasida yil boʻyi pomidor, bodring pishadi. Boboning nevaralari ham har ishda yordam bermoqda. Daraxt yaprogʻi bilan koʻrkam, odam mehnati bilan deganlaridek, mahallamizdagi katta-kichikning yozda ham oʻziga yarasha foydali mehnati bor.

 

Zilola TOSHQULOVA,

Surxondaryo viloyati Boysun shahridagi

1-maktab oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.