Suv keltirgan aziz
“Bektemir shams” fermer xoʻjaligi rahbari Mansur Beknazarov maktabimizning sobiq oʻquvchisi. Bahor yakunida maktabga kelib bogʻni aylanganini, yangi oʻtqazilgan nihollar suvsizlikdan qovjirab qolganini achinib gapirdi.
– “Lalmikor” mahallasi oqsoqoli bilan ham maslahatlashdim. Mahallaga va maktabga 85 metr chuqurlikdan quduq (sakvojina) qazib kelmoqchimiz. Harajatlarni hisoblab chiqdik. Suv quvurlari, nasos, shlanglar uchun 18 million soʻm mablagʻ kerak ekan. Hammasi fermer xoʻjaligimiz hisobidan boʻladi. Mahalla aholisi hashar yoʻli bilan ariq tozalash, chuqur qazishda bajonidil yordam beradigan boʻlishdi, – dedi. Biz xursand boʻlib taklifni qabul qildik. Tezda qazish ishlari boshlandi. Hasharda oʻquvchilar ham ota-onalari bilan birgalikda faol ishtirok etdi. Koʻpdan quyon qochib qutulmas. Koʻz ochib yumguncha deganlaridek, ulkan qurilish nihoyasiga yetdi. “Lalmikor” mahallasi va 1655 oʻquvchisi boʻlgan maktab toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Koʻpdan buyon suv koʻrmay qaqrab yotgan bir yarim kilometrli ariqdan toʻlib oqa boshlagan zilol suv 12 ming tup mevali va manzarali daraxtlarga qayta jon bagʻishladi.
Mansur akadan ibrat olgan tadbirkorlar Gʻolib Ravshanov, Sherzod Mingboyev, Oʻtkir Abdullayev oʻzlari oʻqigan ushbu jonajon maktabning sport zalini, hovli va maydonchasini toʻliq taʼmirlab, yoʻlaklarni asfalt qilib berishdi.
Mehnatlari rohatini koʻrgan ustozlar, mahalla aholisi saxovatpesha shogirdlaridan minnatdor boʻlishdi. Maktab oʻquvchilari esa tadbirkor akalarining madadiga javoban aʼlo va yaxshi baholar bilan oʻqishga soʻz berishdi. Bizning esa yurt koriga yaraydigan, elim deb, yurtim deb yonib yashaydigan shogirdlar tayyorlaganimizdan boshimiz koʻkka yetdi.
Savriddin SAFAROV,
Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanidagi
22-maktabning maʼnaviy va maʼrifiy ishlar
boʻyicha direktor oʻrinbosari