Habib Rahmat
Taniqli bolalar shoiri Habib Rahmat 1941-yil 21-yanvarda Toshkent shahrida tugʻildi. 1956-yilda oʻrta maktabni tugatgach, qurilishda ishchi boʻlib mehnat faoliyatini boshladi. Soʻngra podshivnik zavodida tokarlik qildi. 1962-yilda Toshkent madaniy oqartuv texnikumiga oʻqishga kirib kutubxonachilik sohasini egalladi. Shundan soʻng bir muddat “Gulxan” jurnalida, “Oʻzbekiston fizkulturachisi” gazetalarida adabiy xodim boʻlib ishladi. Bu faoliyati unga ijodiy maktab boʻldi desak xato qilmagan boʻlamiz. Chunki bolalar ijodkorlari minbari boʻlgan “Gulxan” jurnali hamisha bolalar shoiri va yozuvchilari bilan gavjum boʻlardi. Hakim Nazir, Nosir Fozilov, Poʻlat Moʻmin, Quddus Muhammadiy, Qudrat Hikmat, Ilyos Muslim, Hamidulla Yoqubovlar bilan boʻlgan davra suhbatlari yosh shoir uchun oʻziga xos maktab edi. Uning jajji, ammo juda teran fikrli sheʼrlari Oʻzbekiston xalq shoiri Quddus Muhammadiy nazariga tushdi. Ustoz Habib Rahmatdan qimmatli maslahatlarini ayamadi. Keyinchalik ham uning ijodini kuzatib, matbuot orqali fikrlarini bildirib turdi.
Uning ilk sheʼri 1958-yilda “Gʻuncha” jurnalida eʼlon qilindi. Shoirning 1966-yilda yoshlar nashriyotida 30 ming nusxada nashrdan chiqqan “Sizni Vatan erkalar” nomli birinchi kitobi oʻquvchilar tomonidan iliq kutib olindi. Shundan soʻng shoirning “Uloq solmadi quloq” (1971), “Qushlar odati”(1974), “Ali bilan bolari” (1976), “Kim kimga oʻrtoq” (1982), “Olam toʻlsin qoʻshiqqa” (1984), “Bilgim kelar sirini” (1986), “Kulib tursinlar doim” (1987), “Qani, oʻqib koʻray-chi” (1988) nomli biri-biridan quvnoq ruhdagi kitoblari chop etildi. 1991-yilda Choʻlpon nashriyoti shoirning 50 yillik yubileyiga bagʻishlab “Qiziq sovgʻalar” nomli toʻplamini nashrdan chiqardi. Bolalar psixologiyasini yaxshi bilgan ijodkorning har bir asari kitobxonlar tomonidan sevib oʻqiladi. Uning “Botir askarcha”, “Alomat-e alomat” nomli kitoblari ham bolalar adabiyotida muhim voqea boʻldi. Shundan soʻng shoir oʻzini dramaturgiyada ham sinab koʻrishga qaror qildi. Uning “Ovdagi hodisa” nomli pyesasi respublika qoʻgʻirchoq teatrida sahnalashtirildi. Pyesa Bolalar uchun yozilgan eng yaxshi sahna asari respublika tanlovida faxrli 2-oʻringa loyiq topildi.
Habib Rahmatning bir necha kichik pyesalari respublikamizdagi qator badiiy havaskorlar teatrlarida sahnalashtirildi. Shoir shu kunlarda ham suyukli bolajonlarga ijod qilishni toʻxtatgani yoʻq. Kuni kecha “Oʻzbekiston” nashriyotida bosmadan chiqqan “Qaytdim yana bolalikka” nomli toʻplami bobo shoir bugungi kunda ham toʻlib-toshib yozayotganini, uning jajji bolajonlarga aytadigan koʻp va xoʻp gaplari borligini koʻrsatadi.