Birlashgan oʻzar
Aziz oʻquvchilar, bu yil yozgi taʼtil kunlari har doimgidek serzavq va taassurotlarga boy oʻtmadi. Ayniqsa, aholi zich yashaydigan poytaxtda karantin munosabati bilan uyda qolgan bolalar biroz zerikib qolishganidan xabarim bor. Ha, oromgohlar ishlamadi, suv havzalari, toʻgaraklar huvillab qoldi. Hatto sayrgohlarga chiqish, hayvonot bogʻi va boshqa dam olish maskanlariga borish ham taʼqiqlab qoʻyildi. Nima ham derdik, tojdor virusni uyda qolibgina yengish mumkin ekan-da. Uzoq viloyat va qishloqlardagi, togʻ yonbagʻirlari, tabiat qoʻynidagi bolalar esa har yilgidek yozni mazza qilib oʻtkazishdi. Chunki aholi siyrak yashaydigan uzoq tumanlarga tojdorvirusning panjalari yetib borolmadi.
Karantin yumshatilgan yoz kunlarining birida oilamiz bilan Boʻstonliq tumanining Yakkatut qishlogʻida bir necha kun dam olib qaytdik. Toza havo – tanga davo, deganlaridek Burchimulla togʻlarining muzdek va musaffo havosidan toʻyib-toʻyib nafas oldik, xushmanzara tabiatning chiroyini nafaqat telefonlarimizga, balki koʻzlarimizga ham joylashtirdik. Qishloqdagi olmazordan oʻtib Chorvoq suv omborining qirgʻoqlari tomon borar ekanmiz, yuragim bir narsadan juda ogʻridi. Yoʻldagi qiyalik va chuqurliklardagi axlat uyumlari, dam oluvchilarning yoʻl-yoʻlakay tashlab ketgan polietin idishlar, turli konsevantlardan boʻshagan metal idishlar, zar qogʻoz xaltalar... bularning hammasi shunday chiroyli Boʻstonliqning asl jamoliga tojdor virusdan ham xunuk bir koʻrinishda raxna solib turardi. Nazarimda, atrofning aynan chiqindilar bilan ifloslangan shunday joylari unsiz yigʻlayotgandek, tanasi ogʻriqdan iztirob chekayotgandek tuyuldi. Kayfiyatim buzilganini koʻrgan farzandlarim gap nimada ekanligini darrov fahmlashdi.
– Oyijon, hamma ham bir xil emas. Afsuski, odamlar orasida yeb-ichib, dam olib oʻtirgan joyini, yurgan yoʻllarini ana shunday bulgʻatib ketadiganlari ham koʻp, xafa boʻlmang, – deb menga tasalli berishdi.
Quyoshda koʻm-koʻk mavjlanib turgan Chorvoq suv omborining qirgʻogʻiga keldik. Ana manzara... Atrofi gir aylana baland togʻlar bilan oʻralgan Chorvoq manzarasi hammamizni lol qilib qoʻygandi. Hech kim churq etmay, ana shu goʻzal goʻshaga tikilgancha tabiatdek mohir musavvirning ijodiga lol qolib turardi. Katerga oʻtirib butun Chorvoqni aylandik. Katerning gurillagan ovozi suvning shovullashiga qoʻshilib ketdi. Quvonchdan porlagan koʻzlarimiz atrofga tikilib toʻymasdi. Shu payt bir necha chet mamlakatlarni koʻrib kelgan oʻgʻlim:
– Ishoninglar, bunday chiroyli joylar faqat bizning yurtimizda bor, Antaliyada dengiz boru atrofida togʻlar yoʻq, – deb taʼriflay ketdi.
Qishloqqa qaytar ekanmiz, yana haligi noxush koʻrinishlarga koʻzim tushdi. Shu oʻrinda “Gulxan” jurnalining Boʻstonliq tumanidagi oʻquvchilariga quyidagilarni aytgim keldi: Siz dunyolarga boʻylashib borayotgan Yangi Oʻzbekistonning kelajagisiz. Yurtimiz rahbari Vatanimizning ertasini siz bolalarga, yoshlarga ishonib, koʻplab xayrli ishlarni amalga oshirmoqdalar. Shunday ekan, Boʻstonliqning soʻlim yerlarini avaylab asrashga kirishing. Tuman Yoshlar Ittifoqi boʻlimi bilan birgalikda aniq rejalar tuzing, oʻquvchi yoshlardan iborat nazorat brigadalari tashkil eting. Kerak boʻlsa, yerga chiqindi tashlagan dam oluvchilarni jarimaga torting, avtotransport yoʻllariga “Chiqindi tashlaganlik uchun... soʻm jarima” deb ogohlantirilgan banerlarni dam oluvchilar koʻproq keladigan joylarga ilib qoʻying. Jarimadan tushadigan mablagʻlarni Boʻstonliq hududini tozalashga sarflang. Ana shundagina siz oʻz uyingiz, oʻz yeringizni koʻz qorachigʻidek asragan boʻlasiz.
Zero, yurtimizda pandemiyaning sovuq shamoli kezayotgan bir paytda, atrof – muhitning tozaligi havoning tozaligini belgilaydi. Havo qancha sof boʻlsa, odamlar shuncha sogʻlom, immuniteti mustahkam boʻladi.