Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Taʼtildagi takliflar

Hormanglar, bolalar! Taʼtil yaxshi oʻtyaptimi? Bilamiz, yaxshi bolalar soy va anhorda choʻmilib, bepoyon yaylovlarda, qoʻy-qoʻzi, echki-uloqlarni quvalab, tomorqasida yoki fermer dadasining dalasida mehnatda chiniqib, dov-daraxtlar, sabzavotlar bilan “tillashib”, aniqrogʻi dehqonchilik, bogʻdorchilik sohasida, mahoratini oshirib, sport bilan doʻstlashib dam olyapti. Karantin sabab “Barkamol avlod” markazidagi toʻgaraklarga borolmayotgan oʻgʻil bolalar bobosidan qadimgi hunarlarimiz sirini, qiz bolalar momolaridan chevarlik, tikuvchilik, kashtachilik, zardoʻzlik, oshpazlikni oʻrganib oʻtkazyapti. Afsuski, orangizda, “bu yilgi taʼtil choʻzilgani yaxshi boʻldi. Ana dam-u mana dam”, deb taʼtilni kun uzzukun televizor qarshisida yotvolib yoki kompyuter, telefon ekraniga tikilib, sogʻligʻiga zarar yetkazib oʻtkazayotgan bolalar ham bor.

Nega sogʻligʻini ketkazadi, axir ular ham bolalarga moʻljallangan telekoʻrsatuvlardan, kompyuterdagi rang-barang zavqli oʻyinlar, multfilmlardan nimanidir oʻrganadi-ku, deysizmi. Toʻgʻri-ku, ammo asalning ham ozi shirin. Soatlab ekranda har xil ranglar keskin almashib turadigan multfilm, davomli, zavqlantirib, hayajonni oshiruvchi oʻyinlar tomosha qilish bolalarning bosh miyasidagi moviy suyuqlikni quritib, xotirasini, monitorning kuchli yogʻdusi esa koʻrish qobiliyatini pasaytiradi. Yoshiga mos kelmaydigan – yovuzliklar, yomonliklar aks etgan filmlar qahrini qattiq qiladi, telefon ekranidagi oʻtkir nur asabni charchatadi, baʼzi kanallardagi tiyiqsiz filmlar bola ongiga, tarbiyasiga salbiy taʼsir qiladi. Bundan ham yomoni bu “ilgʻor texnika”da namoyish qilinayotgan savollar javobi, tugunlar yechimi bilan boʻlgani uchun bolani tafakkur qilishdan, tabiatni, obrazlarni oʻzicha tasavvur qilishdan toʻxtatib qoʻyadi. Yaʼni bir qarashda “donolarga ham dars beradigan” bunday faktlar, kinolar, yengil-yelpi, oldi-qochdi voqea-hodisalar sizni izlanishdan, oʻrganishdan chalgʻitadi. Yanayam aniqrogʻi, donishmandlar davrasidan yiroqlashtiradi.

Voy boʻ, rosa bopladingiz-ku, unda taʼtilda faqat mehnat qilishimiz kerak ekan-da, deysizmi? Sirayam unaqa emas. Yozgi taʼtil sizga dam olish uchun beriladi. Taʼtildan kuzatilgan maqsad – sayr-u sayohatga chiqish, qarindoshlarnikiga mehmonga borish, miyaga dam berish, oʻrtoqlaringiz bilan turli oʻyinlar oʻynab, jismonan va maʼnan rivojlanish. Ammo madaniy dam olish bor, maʼnaviy dam olish bor. Biz sizga maʼnaviy dam olish haqida maslahat bermoqchimiz.

Tongda turib daryo sohilida, bogʻ va xiyobonlarda sayr qilish, qushlar sayrogʻiga quloq tutish, oʻzingizga yoqqan musiqani tinglash – bu chinakam maʼnaviy dam olish. Biroq, ana shunday maroqli dam olishga imkoni boʻlmaganlarning ham xafa boʻlishlariga aslo hojat yoʻq. Chunki olimlarning aytishicha, tabiat bagʻriga chiqmasdan ham maroqli dam olish mumkin ekan.

Qanday qilib deysizmi? Badiiy asarlar oʻqib. Chunki kitobdagi badiiy tasvirlar sizni goh sarhadsiz dengiz, goh purviqor togʻlar, goh qadimiy shaharlar bagʻriga olib kiradi, matonatli, irodali, hazilkash, serzavq qahramonlarga oshno qiladi. Ana shu damlarda kayfiyatingiz koʻtarilib, ancha sergap boʻlib qolasiz.

Yoʻgʻ-ye, deyishga shoshilmang. Negaki shifokorlarning aytishicha, olti daqiqa kitob oʻqigan odamning charchagan asablari joyiga tushib, fikri tiniqlashar ekan. Televizor yoki telefondan tarqalayotgan yorqin nur miyaga uygʻonish kerakligi haqida signal yuborsa, kitob oʻqish esa aksincha taʼsir koʻrsatadi. Xotirjam boʻlishga, tinchgina uxlashga yordam beradi. Miya uxlash vaqti boʻlganini sezadi. Eshitgansiz, baʼzilar kitob oʻqisam uyqum keladi, deydi-ku. Bu xuddi oʻsha narsa. Kitob oʻqish jarayonida siz oʻzingiz sezmagan holda tasavvuringizni shakllantirib borasiz, chunki kitobdagi voqealarni xayolan jonlantirasiz. Yozuvchi aytgan daraxtni koʻz oldingizga keltirasiz, yozuvchi tasvirlayotgan qahramon qiyofasini tasavvur qilasiz. Bir soʻz bilan aytganda, kitob estetik qarashlarni shakllantirish vositasi.

Taʼtildagi tengdosh, yangi oʻquv yiliga ham jismonan chiniqib, ham bilimimni boyitib boray, yangi oʻquv yilida yaxshi va aʼlo baholarga oʻqib ustozni, ota-onamni quvontiray, ukalarimga oʻrnak boʻlay desangiz, yuqoridagi fikrlarimizga amal qiling – k-oʻ-oʻ-p kitob oʻqing. Uyimizda kitob yoʻq deysizmi, kutubxonaga chiqing, oʻrtogʻingizdan soʻrab tursangiz ham boʻladi, bahonada fikr almashasiz. Darvoqe, “Gulxan” jurnali ham maʼnaviyatingizni oshirishda, dunyoqarashingizni kengayishida kitoblardan qolishmaydi. Shunday ekan, taʼtilda “Gulxan”ga doʻst boʻling – biz doʻstlarni qadrlaymiz.

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.