Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Koʻngilni yoritgan mehr giyohi

Taniqli oʻzbek shoirasi, bolalar ijodkori, “Doʻstlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibasi, “Oltin qalam” Milliy mukofoti sohibasi Zulfiya MOʻMINOVAni katta-yu kichik juda yaxshi taniydi. Shoiraning Bolaga kitob bering nomli sheʼrini esa bugun respublikamizda yod olmagan bola boʻlmasa kerak.

Zulfiya opaning “Vatan tashlab ketmaydi”, “Beshiklarni asragin dunyo”, “Yonayotgan ayol”, “Qudratli yurtimga”, “Samoga sochilgan yulduzlar”, “Istiqlol – oltin gulim”, “Ayolga baxt bering, saodat bering”, “Azizim, baxtiyorim”, “Siz sheʼrga sigʻmaysiz”, “Surxonning muhtarama ayollari”, “Ayolga gul bering” kabi bir qator sheʼrlar va publitsistik maqolalardan iborat boʻlgan toʻplamlari adabiyot ixlosmandlarining sevimli asarlari qatoridan oʻrin olgan. Shoiraning yaqinda AQSHning “Amazon” nomli nashriyotida “Ayolni yengib boʻlmaydi” nomli toʻplami, Kanadada bolalar uchun “Tadbirkor tipratikancha” nomli sheʼriy toʻplamlari chop etildi.

Bugun sizni sevimli ijodkorimizning bolalik xotiralariga oshno etamiz.

 

Bir qatim nur

Men 1959-yil 15-iyulda Samarqand viloyati Narpay tumanida tugʻilganman. Ona qishlogʻimning nomi “Yangi saroy” boʻlib, bir yonidan Narpay kanali, bir yonidan Qozoq, qoq oʻrtasidan Damariq suvlari oqib oʻtadi. Qishloq odamlari Damariqdan suv ichardi.

Oilada yetti farzand – toʻrt oʻgʻil va 3 qiz edik. Onamning ismi Muqimtosh edi. Bobom bilan momomning farzandlari ketma-ket nobud boʻlavergach, toshdek muqim tursin, deya shunday ism qoʻyishgan ekan. Onam ogʻir, vazmin, juda mehnatsevar ayol boʻlgan. Otamning ismi Mardon boʻlib, quruvchilik qilardi. Shuning uchun ham ertadan kechgacha uyda boʻlmasdi. 20 dan ortiq sigir-u buzoq, yuzlab parrandalarga qarash, tandirda non yopish, xullas, roʻzgʻorning barcha yumushlari onamning zimmasida edi. Biz farzandlar ham qoʻlimizdan kelganicha onamga yordamlashardik, ammo katta roʻzgʻorning yuki ham katta edi. Gohida haddan ortiq shoʻxlik qilganimizda ham onam bizni koyimas, qattiq gapirmasdi.

Haligacha koʻz oldimdan ketmaydi. Onam sakkizinchi farzandiga homilador boʻlib, oy-kuni yaqinlashgan sari madori ketib, zoʻrgʻa yurar, roʻzgʻor ishlarini qilishga holi yoʻq edi.

Bir kuni erta tongdan otamni ishga, akam bilan opamni maktabga joʻnatgan onam uyning bir burchagiga oʻtirganicha oʻrnidan turolmay qoldi. Men tushdan keyin oʻqiganim sabab uyda edim. Onam tez yugurib borib, momom bilan Omonoy ammani chaqirib kelishimni aytdi. Men shoshganimcha buvimnikiga yugurdim... Ular onamning yonida uzoq qolib ketishdi. Ichkarida onam bir hushidan ketib, bir oʻziga kelib qiynalardi. Men tashqarida turgancha qoʻrquvdan titrab, iltijo qilib yigʻlaganlarim hali ham esimda.

Oxirgi hushini yoʻqotishdan keyin onam oʻziga kelmadi. Keyin katta yuk mashinasiga ortgancha tuman markazidagi shifoxonaga olib ketishdi. Kechga tomon chaqaloqning oʻlik tugʻilgani haqidagi shumxabar yetib keldi. Bir hafta oʻtgach esa onamning jonsiz tanasini uyga olib kelishdi. Oʻshanda men 11 yoshda edim. Kutilmagan bu musibatdan oilamiz, yaqinlarimizning qay ahvolga tushganini tushuntirib berolmayman. Goʻyoki uyimizda bir qatim ham nur qolmagandek edi...

 

Jasorat

Bolaligimda bobom bilan buvim (onamning ota-onasi)meni tez-tez uylariga olib ketishardi. Sanobar buvimga biz nabiralar “Katta ena” deb murojaat qilardik. Men buvim buyurgan yengil yumushlarga yarab qolganimdan rosa xursand boʻlardim. Masalan: qishloq chekkasida yolgʻiz yashaydigan Tojinor momoga har erta tongda sut olib borib berish, tovuqlarning tuxumini paqirga terib chiqish, choynak, piyolalarni yuvish, bobom daladan kelsalar maxsisini yechib, qoʻllariga suv quyib turish... Menga ayniqsa, bobomning oyoqlarini uqalash va yerga qarab yotganlarida ustilariga chiqib bellaridan yelkalarigacha u yoqdan bu yoqqa yurish yoqar edi. Ikkinchi jahon urushini koʻrgan bobomning tanasida katta-kichik chandiqlar boʻlib, bu jangohda tekkan oʻqlarning izlari edi. Bitta oʻq oʻng yelkasiga tegib, oldidan teshib oʻtgan. Yana biri qoʻlining u yogʻidan tegib, bu yogʻidan chiqqan, biri belidan oʻtgan. Ayniqsa, ikkala oyogʻida beoʻxshov chandiqlar koʻp edi. Keyinchalik bilsam, bu chandiqlar nemis itlari tishlarining oʻrni ekan.

Bobomning hikoya qilishicha, bir jangda bobom va uning batalonini nemislar asir olibdi. Bir necha oy tutqinlikdan soʻng bobom va uning doʻstlari qochishga muvaffaq boʻlishibdi. Buni sezib qolgan fashistlar ortlaridan quvibdi. Reja boʻyicha asirlar oʻzlarini daryoga tashlab qochishlari kerak boʻlgan. Ammo, askarlardan oldin yetib kelgan dushman itlarini chalgʻitish, imkon qadar koʻproq asirlarni qochishiga ulgurishi uchun bobom va yana ikkita oʻrtogʻi bu yirtqich itlar bilan olishib, ularni qaytarib turishgan ekan. Askar doʻstlarining uzoqroqqa ketishganini koʻrgachgina, oʻzlarini daryoga tashlaganida yetib kelgan fashistlar ularga yomgʻirdek oʻq yogʻdirishgan. Oʻq teshgan yaralardan toʻxtovsiz qon sizib tursa-da, sovuq suvni kechib oʻtishgan ekan...

Ayozli qish tunlarida bobomning oyoqlari ogʻrir, ingrab chiqardilar. Men oʻshanda bobom bilan faxrlanib, yer yuzida tinchlik boʻlishi uchun jasorat koʻrsatgan barcha yaxshi odamlarga atab sheʼrlar yozgan edim.

 

Mehr giyohi

Bobom va buvim namoz oʻqishar, roʻza tutishardi. Nazdimda ular sajdaga bosh qoʻyib, butun dunyoni yomonlikdan qutqarayotgandek tuyulardi.

Bobomning ovozlari shunday shirali ediki, sehrlanib oʻtirardim. Ular namozni tugatib, “Assalomu alaykum” deyishar, men ham ularga salom berar edim. Bu orada shirchoy tayyor boʻlardi. Saharlik dasturxonidagi xurmo, mayiz, yongʻoqdan yeb men ham ularga qoʻshilib oʻzimcha roʻza tutardim.

Ertalabdan bobom chorva mollariga qarash bilan, momom uy yumushlari bilan band boʻlar edi. Ular temir irodali odamlar edi. U paytlar hali qishloqda chiroq yoʻq, tabiiy gaz hali odamlarning tushiga ham kirmagan zamonlar edi. Oshxonamizning yonida kattagina omborxona boʻlib, xonaning yarmida qoplarda guruch, noʻxat, mosh va yana bir qancha menga nomaʼlum don-dunlar turardi. Yarmiga toʻshalgan somonlarning ustida esa tarvuzlar, tepada osilgan qovunlar, uch-toʻrt qator simlarga osilgan uzum, anorlar saqlanar edi. Qishda ularni qanday saqlashganini eslolmayman-u, ammo to ilik uzildigacha olma, behi, yongʻoq, mayiz, turshakning keti uzilmasdi. Ayozli kunlar boshlanganda bobom ikki, uchta qoʻchqorini soʻydirib, katta qozonda oʻzining yogʻiga qovurib, sopol xumlarga soldirib qoʻyar edi. Bu xumlar oshxona toʻrida saqlanar, qish chillasida, ayniqsa, roʻza chogʻida momom bu goʻshtlardan turli taomlar tayyorlar, kosalarga solardi-da, mening qoʻlimga berib: “Iftorlikda duo qilib yeydi”, deya qishlogʻimiz keksalarining uylariga joʻnatardi. Goʻshtlarni tarqatar ekanman, qoʻshnilarimiz ham menga topganlarini ilinishar, yoʻl-yoʻlakay ular bergan xurmo va mayizlardan tatib koʻrar ekanman, goʻyoki mehr giyohi ichimga tushib, koʻnglimni yoritayotgandek tuyulardi...

 

Bir poy etik

Amakimning qizi Xolbuvi bilan ikkimiz bir sinfda oʻqirdik. U mening yaqin dugonam boʻlib, maktabga birga borib, birga qaytardik. U juda mehribon va kamgap qiz edi.

Qish kunlarining birida darslar tugab, maktab hovlisiga chiqsak, rosa qor yogʻibdi. Mening oyogʻimda yangi etik. Xolbuviga esa uydagilari hali etik olib berishga ulgurishmagani uchun paypoq bilan kalishda edi. Qishlogʻimiz maktabdan uzoqda joylashgan. Oraliq bir yarim soatlik yoʻl. Maktabdan chiqib sal yoʻl yurib qarasam, Xolbuvining oyogʻidan sovuq oʻtib, yuzlari qizarib ketayapti. Shunda men, “Xolbuvijon, meni oyogʻim qizib ketayapti. Kel, menga kalishingni berib, meni etigimni kiya qol”, dedim. U esa, “Yoʻq, axir seni tez-tez tomogʻing ogʻriydi. Etigingni menga bersang, shamollab qolasan”, dedi. Men uning sovuqdan qizargan yuzlariga qarab, rahmim kelib, nima qilishni bilolmay qoldim. Keyin: “Tezroq uyga bora qolaylik. Senga ham yangi etik olib kelishgandir”, dedim umid bilan.

Daryoga yaqinlashganimizda izgʻirin kuchaydi. Men toqat qilolmadim. Unga: “Toʻxta, menga kalishingni bir poyini ber, men esa senga etigimni bir poyini beraman”, dedim. U axiyri bunga rozi boʻldi. Biz ikki doʻst bir oyogʻimizda kalish, bir oyogʻimizda etik bilan qishloqqa dirdirabgina kirib bordik. Uyga borsak, Xolbuviga ham yangi etik olib kelishgan ekan...

Oʻsha kuni kechasi bilan tomogʻim ogʻrib, ertasiga maktabga borolmadim. Xolbuvi ertalab ahvolimni koʻrib, xafa boʻldi: “Zulpiyajon, sen meni deb kasal boʻlding-da! Endi butunlay sogʻayib olguningcha darslarni tayyorlashingda oʻzim yordam beraman. Darslarni oʻqituvchi aytgandek tushuntirib beraman”, dedi.

Maktabdan bir oʻzi qaytib kelgan Xolbuvi darhol yonimga kirdi-da: “Men seni yoʻl boʻyi sogʻindim. Maktabda ham sogʻindim, endi hecham kasal boʻlmagin”, deya yigʻlab yubordi. Oʻsha kuni ikki dugonaning bir oyogʻida kalish, bir oyogʻida etik bilan koʻrgan mahalladoshlar bizni “Haqiqiy, chin doʻstlar mana shunday boʻlishadi”, deb rosa maqtashgan ekan. Hozir ham doʻstlik, sadoqat haqida oʻylasam, oʻsha zavqli kunlarim yodimga tushaveradi.

 

Gulqogʻozdagi yozuvlar

Yuqori sinfda oʻqiyotganimizda Xolbuvi “Jismoniy tarbiya” darsidan uzunlikka sakrash boʻyicha imtihon topshira olmadi. Oʻqituvchimiz Saydulla domla sinfimizdan yana sakkizta, Xolbuvi bilan toʻqqizta oʻquvchining bahosini qoʻyib bermadi. Men sinf boshligʻi edim. Oʻquv choragi yakuniga yetib borar, ammo toʻqqiz sinfdoshim bahosini ololmay qiynalishardi. Bir kuni tanaffus paytida Xolbuvi menga: “Sen sinf boshisan, oʻylab yoʻlini top! Men shu “JT”dan bahoyimni olayin”, dedi. Men unga: “Mana Yangi yil kelayapti. Oʻqituvchimizga biror sovgʻa bersak poraxoʻrlar degan, nom olib, baloga qolamiz. Ammo, muallimning bolalari koʻp. Sen uydagilarga aytib, bitta archa oldir. Ikkimiz archani muallimning uyiga olib borib beramiz. Bolalari archa atrofida aylanib, oʻyinga tushsalar ustozni koʻngli yumshab, senga baho qoʻyib beradi”, dedim. Ish shuncha oson kechishidan xursand boʻlgan Xolbuvi oradan uch kun oʻtib, amakimga aytib qishlogʻimizdan uncha uzoq boʻlmagan oʻrmon xoʻjaligidan yam-yashil archa oldirib keldi. U “Kel, archaga bitta qogʻozga gullar chizib, ushbu sovgʻa Zulfiya va Xolbuvidan deb, yozib qoʻyamiz. Chunki sen bahoingi olgansan. Shunday deb yozmasak, mening bu xatti-harakatim baho uchunligi bilinib qoladi”, dedi. Ismimni qoʻshib yozish fikri oʻzimga uncha yoqmasa-da, sinf boshligʻi sifatida rozi boʻldim.

Ertasi kuni ikki dugona archani koʻtarib, oʻqituvchinikiga yoʻl oldik. Oʻqituvchimizning uyi qishlogʻimizdan ancha olisda, temir yoʻl tarafda ekan. Soʻrab-surishtirib topib bordik. Darvozani muallimning xotini ochdi. Ayolning jilmayib turgan yuziga qarab biz baravariga: “Assalomu alaykum! Yangi yilingiz muborak boʻlsin”, dedik. Ayol esa beparvogina: “Ha, yana archami?!” dedi va darvozani lang ochdi. Davozadan ichkariga kirib koʻrsak, devor yoqalab qator qilib qoʻyilgan sakkizta archa turibdi. Archalarning har biriga “Zulfiya va Risolatdan”, “Zulfiya va Otamuroddan”, “Zulfiya va Tojinordan”... degan gulqogʻozlar ilingandi. Yozuvlardan tushundimki, baholarini ololmagan sakkiz sinfdoshim ham muallimning uyiga archa olib kelishibdi. Biz qator turgan archalar yoniga oʻzimiznikini qoʻydig-u tezda ortga qaytdik. Ertasiga bildimki, oʻsha kuni – men Xolbuviga gapirayotganimda, bahosini ololmayotgan boshqa sinfdoshlarim ham eshitgan ekan... Ertasi kuni meni va toʻqqizta baho ololmagan sinfdoshlarimni maktabimiz direktori Razzoq Xudoyorovichning xonasiga chaqirishdi. Ne koʻz bilan koʻraylikki, direktorning xonasida bizning archalar qator qilib terib qoʻyilibdi. Dumaloq stol atrofida “Jismoniy tarbiya” oʻqituvchimiz, sinf rahbarimiz va direktor oʻrinbosarlari oʻtirishar edi. Xonadagi sukunatdan sezdikki, mening sinfdoshlarimga bergan maslahatim jinoiy javobgarlik darajasidagi salbiy oqibatga olib kelibdi. Bu holatga aloqam yoʻq, deya olmasdim. Chunki yashil archalardagi gulqogʻozlarning barchasida mening ismim turardi. Direktor oʻshanda uzundan-uzoq tarbiyaviy soat oʻtgani va hammaning archasini qoʻliga berib: “Uylaringga olib ketasizlar va har biringiz “Jismoniy tarbiya”dan uzunlikka sakrash boʻyicha qaytadan imtihon topshirasizlar!” degani hamon yodimda.

Direktorning xonasidan chiqdim-u archa koʻtarib olgan sinfdoshlarimga qarab yigʻlab yubordim. Ular esa: “Bizni kechir Zulpi, sendan soʻramay ismingni gulqogʻozlarga yozdik. Bunday boʻlishini bilmagandik...” deyishdi.

Boshimizni egib, sinfga kirib borganimizda, sinfdoshlarimiz bizni masxara qilib rosa kulishdi va:

“Archa, archa, archajon,

Yaproqlaring ninajon.

“JT”dan topshirolmay,

Biz yuribmiz chalajon”, deb qoʻshiq aytishdi. Avvaliga ulardan xafa boʻldik. Soʻngra oradan vaqt oʻtib, oʻzimiz ham ularga qoʻshilib ushbu voqeani kulib eslaydigan boʻldik.

Mana, oradan qirq yildan ortiq vaqt oʻtdi. Hamon sinfdoshlarim yangi yil arafasida menga ijtimoiy tarmoqlar orqali toʻqqiz dona yashil archa yuborishadi. Tabrik yoniga gullar suratini chizib: “Seni yaxshi koʻramiz! Salom bilan “JT”chilar” deb yozib qoʻyishadi. Shunda koʻnglimni bolaligimning eng zavqli onlari egallab oladi. Yuragim toʻla sogʻinch bilan: “Men ham sizlarni judayam yaxshi koʻraman, mening begʻuborlarim”, deb yozib yuboraman...

 

Orzu

Dunyoga kelganimda ota-onam meni xalqimizning sevimli shoirasi Zulfiyaxonimdek boʻlishimni orzu qilib, ismimni Zulfiya qoʻyishgan ekan. Otam qanday sharoit boʻlishidan qatʼiy nazar bizga kitob olib kelishni kanda qilmasdi. Shuning uchun ham kitobga bolaligimdan oʻzgacha mehr qoʻyib oʻsdim. 5-sinfda oʻqiyotganimda maktab kutubxonasidagi barcha kitoblarni oʻqib chiqqan edim. Kutubxonachidan har kuni, “Birorta yangi kitob kelmadimi?” deb soʻrayverardim. Bir kuni yangi kitoblar kelganidan xabar topib, kutubxonaga yugurib bordim. Kutubxonachi yangi kitoblarni uyga bermasligini, shu yerda oʻqib topshirishim lozimligini aytdi. Havo sovuq, kutubxona ancha zax edi. Men kutubxona pechkasiga yelkamni suyab oʻtirganimcha yangi kelgan kitobni oʻqib, uzoq qolib ketibman. Mutolaaga shunchalik berilib ketganimdan hatto, kutubxonachi opaning ustimdan qulflab, uyiga ketib qolganini ham sezmabman. Shunda kutubxona derazasidan maktab qorovulini yordamga chaqirib, zoʻrgʻa u yerdan chiqib olganman.

9-sinfni tamomlaganimdan soʻng Kattaqoʻrgʻon shahridagi pedagogika bilim yurtida oʻqidim. Soʻng OʻzMUning filologiya fakulʼteti talabasi boʻlish baxti nasib etdi. Ishladim, ijod qildim, doimo xalqimning xizmatida boʻldim. Hozirgacha ota-onamning yuragidagi orzularini mashʼal qilib koʻtargancha, ruhlarini shod qilish umidi ila yashayapman...

 

Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.