Shifo bagʻishlovchi neʼmatlar
Togʻjambil
Togʻjambil (ruschada chabrets) xushboʻy oʻsimlik, uning tarkibidagi efir moyida mikrobga qarshi moddalar – timol, shuningdek achchiq, boʻyovchi va oshlovchi moddalar, smolalar, mineral tuzlar bor. Togʻjambil oʻti mikroblarga qarshi va tinchlantiruvchi xususiyatga ega.
Aziz bolajonlar, togʻjambil qaynatmasi va suyuq ekstraktini yuqori nafas yoʻllari kasalliklarida, bronxitda balgʻam koʻchiruvchi va ogʻriq qoldiruvchi vosita sifatida ishlatish mumkin. Togʻjambil ekstraktidan yoʻtal dori tayyorlashda foydalaniladi.
Malina
Bolajonlar, malina mevasini qadimdan shamollaganda isteʼmol qilinadi. Yangi uzilgan malina tarkibida limon kislota, olma kislota va salitsilat kislota, oson hazm boʻladigan qand, vitamin S, V, R, karotin (A provitamini) boʻladi. Malina kaliy tuzlari, ayniqsa fosfor tuzlariga boy. Yuz gramm malina mevasida 35-40 milligramm fosfor boʻladi. Shuncha miqdordagi malina katta yoshli odamning asalga boʻlgan sutkalik ehtiyojini qondiradi. Malinada oz miqdorda kobalt moddasi ham bor.
Meva yangi pishgan paytida juda foydali boʻladi. Hazm organlarida surunkali kasalligi bor va yurak-tomir tizimi xastaligiga uchragan bemorlarga parhez taom sifatida beriladi.
Malina qoqi damlamasi oʻtkir shamollash kasalliklarining boshlangʻich pallasida ichilsa, isitmani tushiradi, terlatadi. Damlama tayyorlash uchun ikki osh qoshiq malina qoqiga ehtiyotlik bilan bir stakan qaynoq suv quyasiz va 10-15 daqiqada tindirasiz. Soʻngra dokada suzib olib, issiqligida uxlash oldidan isteʼmol qilasiz. Agar kunduz kuni uydan tashqariga chiqmaydigan boʻlsangiz, bunday choydan 2-3 mahal ichish mumkin. Malina qoqi ikki yil mobaynida ham oʻzining shifobaxshligini yoʻqotmaydi.
Bu meva tarkibida purin moddasi koʻp boʻladi, shu sababli podagra, nefrit kasalligi bor bemorlar malina damlamasini ichmasliklari kerak.
Malina oʻsimligi barglarida burishtiruvchi moddalar – tanin va vitamin S bor. Shifokorlar meva bargi damlamasini meʼda-ichakning ich ketish bilan kechadigan baʼzi bir oʻtkir va surunkali kasalliklarida tavsiya qiladilar.
Bunday damlama tayyorlash uchun malinaning maydalangan bargidan ikki osh qoshiqni biror idishga solib, ustidan bir stakan qaynoq suv quying va 3-4 soat tindiring, soʻngra dokada suzing. Damlama kuniga 3-4 mahal yarim stakandan ichiladi. Bunday suyuqlik anginada, milk shamollaganda tomoq va ogʻizni chayish uchun ham ishlatiladi.
Ayniqsa, havo sovib, shamollash bilan bogʻliq kasalliklar koʻpayadigan mavsumda vitaminli choy siz uchun juda ham foydalidir. Bunday choy damlash uchun malina, naʼmatak, qoragʻatni teng miqdorda olasiz. Ikki osh qoshiq aralashmani idishga solib, ustiga bir stakan qaynoq suv quyiladi. Qopqoqni yopib, bir necha daqiqa tindiriladi, soʻngra dokada suziladi. Taʼ bga koʻra qand yoki asal solib, kuniga 2 mahal yarim stakandan ichishingiz mumkin.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA