Oʻquvchim – faxrim
“Bilagi zoʻr birni, bilimi zoʻr mingni yiqar” deb xalqimiz bejiz aytmagan. Bu soʻzlar hozirgi davrda ayniqsa, ahamiyatlidir. Chunki ilm insoniyatning eng katta doʻsti, hamkoriga aylandi. Yoshlarimiz bilimi, aql-u zakovati bilan nafaqat mamlakatimizda, balki jahonda oʻzlarini namoyish qilishga erishmoqdalar. Buni yosh grossmeyster – maktabimizning eng faol jamoatchi oʻquvchisi Javohir Sindorov misolida koʻrish mumkin. 2010-yilda shaxmat klubida Sabohat Zaynutdinovadan shaxmat sirlarini oʻrganishni boshlagandayoq aql gimnastikasi yosh qobiliyat egasini oʻz jozibasi bilan rom qildi. 2 yil mobaynida butun iqtidori va zakovatini sevimli mashgʻulotiga sarflagan bolakay 2012-yil dekabr oyida shaxmat boʻyicha maktab oʻquvchilari oʻrtasida Hindistonning Dehli shahrida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida blits turnirda oltin, standartda kumush medal sovrindori boʻldi. 2013-yildagi chempionatda kumush medal bilan taqdirlandi.
Bunday nufuzli musobaqalar Javohirni “pishitdi”. U 2014-yil iyun oyida Gretsiyaning Kavala shahrida oʻtkazilgan maktab oʻquvchilari oʻrtasidagi jahon chempionatida rapid va blits yoʻnalishlarida 2 ta oltin medalni qoʻlga kiritib, ikki karra jahon chempioni boʻldi. 2015-yil Tailand, Janubiy Koreya, Rossiyada oʻtkazilgan Jahon va Osiyo chempionatida ham qoʻli baland keldi. 2018-yil Javohir Sindarov 12 yosh-u 10 oylik boʻlganida uchinchi bor xalqaro grossmeyster normasini bajardi. U birinchi xalqaro grossmeysterlik normasini 2018-yil iyun oyida Rossiyaning Voronej shahridagi Xalqaro turnirda, ikkinchi marta shu yil sentabrda Turkiyada oʻtkazilgan 20 yoshgacha boʻlgan shaxmatchilar oʻrtasidagi Jahon chempionatida bajardi. Prezidentimiz grossmeysterga ushbu muvaffaqiyati uchun tabrik xati yubordi va Toshkent shahridan 3 xonali uy sovga qildi.
Bugungi kunda Javohir tengdoshlari orasida Jahon reytingida 2500 reyting ball bilan hindistonlik Rameshbabu Pragnonvdxdan keyin (uning reyting bali 2519) ikkinchi oʻrinda turibdi.
Men musobaqada bunday darajaga erishaman deb oʻylamagandim, – deydi Javohir, – juda hayajonga tushdim. Buni tasvirlab berolmayman. Ayniqsa, Prezidentimizning tabrigi meni yanada ruhlantirib yubordi. Bunday natijalarga erishishimda atoqli huquqshunos Komil bobomning xizmatlari beqiyos. Chunki shaxmatga boʻlgan layoqatimni birinchi boʻlib ular payqab, shaxmat klubiga olib borganlar. Hozirgacha har bir musobaqamni murabbiylarga xos talabchanlik bilan kuzatib boradilar, maslahatlarini ayamaydilar.
9-sinf oʻquvchisi Javohir Sindorov 27-iyun 2020-yilda “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni sohibi boʻldi. Yangi Oʻzbekistonning salohiyatli, ertangi kunini yanada koʻproq muvaffaqiyatlar bilan toʻldiruvchi oʻquvchim bilan faxrlanaman.
Nargiza KENJAYEVA,
Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 300-DIU maktabi oʻqituvchisi