Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Eh, qushlar, qushlar

Bolajonlar, goh yoqimli ovoz bilan sayrab dilimizni zavqlantiradigan, goh biyron-biyron gapirib bizni hayron qoldiradigan, osmonda erkin-erkin qanot qoqib, suvda miriqib-miriqib shoʻngʻib, sahroda shamoldan tez yugurib mahoratini namoyish qiladigan qushlarni bejizga, qanotli doʻstlarimiz deb atamaymiz. Chunki ular bogʻ va polizlardagi, gʻallazor va dalalardagi hasharotlarni qirib bogʻbon va dehqonlarga koʻmaklashadi, hosillarni har xil zararkunandalardan himoya qiladi. Qushlar haqida gap ketganda ularning atrof-muhitni pokizaligini saqlashdagi xizmatini oʻz koʻzim bilan koʻrgan bir voqea misolida gapirib bermoqchiman.

Hovlimiz etagiga tomorqaga solish uchun anchagina mahalliy oʻgʻit toʻplab qoʻygandik. Bir kuni ertalab uydan chiqib qarasam, oʻsha tarafdan son-sanoqsiz badbashara qurtlar oʻrmalab kelyapti. Yuragimni vahima bosdi. Axir ular turli kasalliklar keltirib chiqarishi mumkin-da. Darhol dadamni chaqirdim. Dadam bozorga borib ularga qarshi dori olib kelishni aytib, meni tinchlantirdilar. Shu choq qayerdandir uchib kelgan chumchuq pir etib yerga tushdi-da qurtlardan biri tumshugʻiga ilib uchib ketdi. Keyin ikkinchi, uchinchi qush shunday qildi. Biz nonushta qilib boʻlib, kelib qarasak, bu yoqimsiz, zararli qurtlardan nom-nishon qolmabdi.

– Koʻrdingmi qizim, jajjigina chumchuq qanchalik chaqqon sanitar qush ekan. Bir zumda hovlimizni ham, tomorqamizni ham tozalab berdi, – jilmaydilar dadam.

– Tabiatni oʻzi chevar – har qanday zararkunandani oʻz kushandasi boʻladi, – dedilar buvim. – Qara, qaldirgʻochlar baland-balanddagi chivin, pashsha, arilarni tutib yeb qoʻyadi. Qizilishton bir kunda 12 ming tup daraxt tanalarini qurt-qumursqalardan tozalaydi, qushlarni bejizga odamzodning doʻsti, deyishmaydi.

Ornitolog olimlarning aniqlashicha, qushlar bundan 150 million yil avval paydo boʻlgan ekan. Dastlab ularning qanoti kaltagina boʻlib, xuddi hozirgi tovuqlardek yer bagʻirlab uchishgan xolos. Vaqt va zarurat ular qanotini takomillashtirgan. Hozirgi vaqtda fanga qushlarning 8663 turi maʼlum. Yer yuzida 100 milliardga yaqin qush yashaydi.

– Voy boʻ, buncha qush qayerga sigʻadi?! – dedim hovliqib.

– Bu sen oʻylaganchalik koʻp emas. Agar bu raqamni yer yuzidagi barcha aholi son boshiga taqsimlasak, har bir kishiga 25 donadan qush toʻgʻri keladi. Qanoti rivojlangan sari qushlarning uchish tezligi ham osha borgan. Olimlarning aytishicha, eng tez uchadigan qush qirgʻiy ekan. U bir soatda naq 360 kilometr olisga uchib bora olar ekan. Vaholanki, tezyurar avtobus ham bu masofani 3 soat-u 20 daqiqada bosib oʻtadi. Jarqaldirgʻoch soatiga 320 kilometr, xat tashuvchi kabutarlar 117 kilometr, yovvoyi oʻrdak 110 kilometr, loyxoʻrak va yovvoyi gʻoz bir soatda 90 kilometrga parvoz qiladi. Jajji chumchuq ham anoyi emas u ham bemalol avtobus bilan bellashadi, yaʼni soatiga 60 kilometrni koʻrdim demay uchib oʻtadi.

Bilsangiz, balandlikka uchishda hech bir qush kalxatga tenglasha olmas ekan. U 7000 metr yuksaklikda ham bemalol uchaveradi. Yangi Zelandiyadagi kivi oʻzini nega qushlar safiga qoʻshishlariga hanuz hayron. Chunki unda mutlaqo qanot yoʻq, demak uchishni orzu ham qilmaydi, – dedilar dadam ishkomga uch-toʻrtta xas tashib in qurishga intilayotgan musichani kuzatib jilmaygancha.

Oʻshanda jajji chumchuqning beminnat yordami bahona qushlar haqida shuncha maʼlumotni bilib oldim.

Negadir bugun bu haqda sizlarga ham aytgim keldi.

 

Mohigul RASULOVA,

Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 27-maktab oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.