Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Mahobatli togʻlar

Dunyo gʻaroyibotlaridan hayratlanuvchi aziz oʻquvchilar! Navbatdagi sahifamizda Sizlar uchun yer yuzining eng ulkan, maftunkor va viqorli togʻlari haqida yana Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi 6-maktabning geografiya oʻqituvchisi Ziyodulla aka Astanaqulov maʼlumot beradilar. Oʻylaymizki, ushbu ruknda berib borilayotgan qiziqarli maʼlumotlar geografiya fanini mukammalroq oʻrganishingizga katta yordam beradi.

 

Fudziyama

Bu togʻ yaponlarning muqaddas va buyuk togʻidir. Sintoizm yapon xalqining mahalliy dini. Ushbu dinga eʼtiqod qiluvchilar necha ming yildan buyon mana shu toqqa sigʻinadilar. Fudziyama choʻqqisini zabt etish goʻyoki gunohlarni yuvish deb hisoblashadi.

Togʻning eng baland choʻqqisi 3776 metrni tashkil qiladi. Uni zabt etish uchun hech qanday maxsus alpinistlik jihozlari talab etilmaydi. Fudzilma choʻqqisiga chiqish taxminan 6 soat vaqtni oladi.

Bu gʻaroyib togʻ Yaponiyaning “tashrif qogʻozi”ga aylanib boʻlgan. Bundan tashqari, jahonga mashhur foto va video apparatlar ishlab chiqaruvchi “Fujefilm” firmasi ham Fudziyama sharafiga nomlangan.

 

Tibet ajoyibotlari

Tibet togʻ tizmasining umumiy maydoni 2 mln. kv. km. boʻlib markaziy Osiyo, asosan Xitoy, Hindiston, Butan hududlaridan kesib oʻtgan. Tibet dunyoga oʻziga xos tabobati, Dalay Lamasi bilan mashhurdir. Tibbiyotda giyohlar bilan davolash rivojlangan va dorivor giyohlar Tibetdan butun dunyoga eksport qilinadi. Lama soʻzi oʻzbek tilida “eng ulugʻ”, dalay soʻzi esa “ruhoniy” degan maʼnoni anglatadi.

Lamaizm diniy taʼlimot boʻlib, VIII asrda vujudga kelgan. Tibetning markaziy, qismi Shambala deb ataladi. Bu yer tibetliklar fikriga koʻra oʻzgan olam va oʻzga oʻlchamlarga oʻtish joyi deb hisoblanadi.

Tibetda qizil rang qadrlanadi. Liboslar, uylar, ibodatxonalar va hatto bino tomlari ham qizil rangdadir.

 

Everest choʻqqisi (Jomalungma)

Everest sayyoramizning eng baland choʻqqisi hisoblanib, dengiz sathidan 8848 metr balandlikda, Himolay togʻining Xitoy-Nepal chegarasi Mahalangur qismida joylashgan. U Xitoyning janubi-markaziy Tibet va shimoli-sharqiy Nepalni ajratib turadi.

Ushbu choʻqqi dastlab 1953-yil 29-mayda zabt etilgan.

Everestni zabt etish uchun har yili minglab alpinistlar urinib koʻrishadi, biroq, kamdan kam kishiga bunday baxt nasib etadi. Faxr bilan shuni aytish mumkinki, 1996-yil yurtimiz alpinistlari bu choʻqqini zabt etibdi milliy bayrogʻimizni ilib kelishga muyassar boʻlishdi.

Darvoqe, Nepalning mahalliy aholisi ushbu choʻqqini biz bilgandek Jomalungma Everest deb emas, balki Sagarmatha deb nomlashadi. Ushbu soʻzni oʻzbek tiliga oʻgirsak “koinot onasi” degan maʼnoda jaranglaydi.

 

Pomir togʻlari

Pomir – dunyodagi eng baland togʻ tizmalaridan biri boʻlib, lugʻaviy jihatdan “dunyo tomi” degan maʼnoni beradi. Bu togʻ tizmasi Sharqiy Xitoy, Shimoliy Afgʻoniston boʻylab choʻzilib ketgan. Biroq uning asosiy qismi qoʻshni Tojikistonda joylashgan.

Pomirda dunyodagi eng katta togʻ muzligi mavjud boʻlib, u mashhur tadqiqotchi Fedchenko nomi bilan atalgan.

Shunisi quvonarliki, Pomirning eng baland choʻqqisi vatandoshimiz Ismoil Somoniy deb ataladi. Togʻ turizmi va gidroenergetikani rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.