Ozon – hayot himoyachisi
Ona sayyoramizni oʻrab turgan va bizni Quyoshning zararli nurlaridan himoya qilib kelayotgan Ozon qatlami haqida eshitgansiz. Biz ozon qatlamini koʻrmaymiz, qanday qilib u bizni himoya qilishi mumkin, deyapsizmi? Keling, bu haqida batafsilroq bilib olaylik.
Ozon qatlami nima?
Siz oftob uribdi, degan iborani bilasiz. Ayrim odamlar, ayniqsa, terisi nozik boʻlganlar quyoshda birozgina yurishsa ham darrov terilari qizarib, achisha boshlaydi. Uzoq vaqt quyosh ostida yurish esa koʻngil aynishi, bosh aylanishi, behushlik kabi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Quyoshning salbiy nurlaridan himoyalanish uchun biz yozda quyoshga qarshi krem va qora koʻzoynaklardan foydalanamiz. Ona sayyoramiz ham biz kabi quyoshdan himoyalanish uchun shunday maxsus “Krem” va “Koʻzoynak”dan foydalanadi. Biz buni Ozon qatlami deb ataymiz. “Ozone” grekchada oʻtkir hidli gaz degan maʼnoni anglatadi. Keling, yaxshisi Ozon qatlamiga sayohatni boshlaymiz. Biz yuqorida bir necha kilometrlik masofani bosib oʻtmoqdamiz – mana biz stratosferadamiz. I-ya-a, Ozon qatlami qani? Siz ham uni koʻrolmaysiz. Gap shundaki, Ozon qatlami yerni oʻrab turuvchi koʻrinmas gazlar – O3dan tashkil topgan. Ozon qatlami 1913-yil Fransuz fiziklari Charles Fabri va Henri Buisson tomonidan kashf etilgan. Lekin Ozon qatlamining oʻziga xos xususiyatlari britaniyalik metereolog Dodson tomonidan oʻrganilgan. Dodson 1928–1958-yillar oraligʻida ozon qatlamini monitoring qilib boruvchi stansiyalarga asos soladi. Bugungi kunda Ozon qatlami Dodson sharafiga Dodson birligi nomli oʻlchov orqali hisoblanadi.
U nima uchun kerak?
Dunyoda 9 ta sayyora mavjud. Ammo, ularning birortasida yerdagidek hayot yoʻq. Nimaga? Chunki Quyoshga yaqin sayyoralar issiq, uzoqdagilari esa juda sovuq. Unday boʻlsa, nima sababdan Yerga juda yaqin joylashgan Oyda ham hayot mavjud emas? Chunki oyda va boshqa sayyoralarda Ozon qatlami mavjud emas. Demak, Ozon qatlami yerda haroratning bir maromda boʻlishini va tiriklikni taʼminlab beruvchi muhim omildir. Quyosh haroratini yer sovuq muzliklarga aylangan boʻlar edi. Qolaversa, inson salomatligi uchun muhim boʻlgan D vitamini ham quyosh nurlarida mujassam. Ammo Quyoshdan chiquvchi ultrabinafsha nurlar ham borki, ular quyoshda kuyish, teri saratoni, turli koʻz kasalliklari, koʻrlik, oʻsimliklarning nobud boʻlishi, turli oʻrmon yongʻinlarining kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin. Ammo, insonlar tomonidan foydalaniladigan xlor, brom, Xlorftoruglerod – XFU deb nomlangan zararli moddalar mavjudki, u ozon qatlamining yemirilishiga, teshilishiga va ozon tuynugi hosil boʻlishiga sabab boʻlmoqda. Atmosferamizda Ozon miqdori shu darajada ozki, agar uni yerga – tekislikka joylansa, qalinligi atigi 3mmni tashkil etadi. Bu modda 100 yilgacha havoda saqlanib qoladi. Va uning tarkibidagi bir dona xlor molekulasi yuz minglab ozon molekularini yakson qiladi. Savol tugʻiladi? Biz bu moddani ishlatmasak boʻlmaydimi? Xlor, ftor, uglerod va vodorod birikmasidan iborat ushbu modda muzlatgich, havo sovutgichlarda, koʻpikli mahsulotlar ishlab chiqarishda, oʻt oʻchiruvchi moslamalarda, xlor va brom esa xalq xoʻjaligida hasharotlarga qarshi kurashuvchi pestisidlarda ishlatiladi. Afsuski, bu moddalar ozon qatlmining yupqalashishi va yemirilishiga sabab boʻlmoqda. 1974–yilda olimlar Shirley Roland va Mario Molina bu moddalar va ozon qatlami orasidagi aloqadorlikni aniqlashdi. 1987-yilda ozonni yemiruvchi moddalarni kamaytirish va keyinroq butunlay yoʻqotish haqidagi Monreal shartnomasi imzolandi. Ammo bunday moddalar taʼsirida allaqachon Ozon qatlamida tuynuk hosil boʻlgan. Agar Yer sharini tashqaridan turib kuzatadigan boʻlsak, Antarktidaning ustida hosil boʻlgan ulkan tuynukni koʻrish mumkin. Shu boisdan ham 1994-yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 16-sentabr Ozon qatlamini himoya qilish kuni sifatida belgilangan. Bu kunda dunyo boʻyicha “Osmonni saqlang: oʻzingizni himoya qiling – ozon qatlamini himoya qiling” shiori ostida turli tadbir va loyihalar oʻtkazilib kelinadi.
Biz nima qila olamiz?
Biz XFU moddasini batamom yoʻq qila olmaymiz. Sababi, vulqon otilishi kabi tabiat hodisalarining natijasida bu modda miqdori tabiiy ravishda ortib boradi. Ammo, baʼzi harakatlarimiz orqali Ozon qatlamiga yordam bera olishimiz mumkin ekan.
Avvalo, eski muzlatgichlardan qutulish kerak. Agar uyingizdagi muzlatgich 1995-yildan oldin ishlab chiqarilgan boʻlsa, undan voz kechganingiz maʼqul.
1994-yildan avval ishlab chiqarilgan havo sovutgichlarda Freon – XFU moddasi mavjud boʻlib, u ozon qatlami uchun juda zararlidir. Hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan sovutgichlar uchun esa HXFU moddasidan foydalaniladi. Afsuski, bu modda freondan zararsizroq boʻlishiga qaramay, ozon tuynugi kattalashishiga oʻz hissasini qoʻshmay qolmaydi. Shunday ekan, keling, yaxshisi, havo sovutgichlaridan kamroq foydalanishga harakat qilamiz. Hasharotlarga qarshi kurashishda ozon qatlamiga zarar keltirmaydigan, samarali usullarni izlab topish boʻlajak olim va olimalarimiz oldida turgan vazifalardan biridir. Kim biladi, balki siz shunday kashfiyot muallifi boʻlarsiz!
Dilnavoz NAJIMOVA