Erkin Aʼzam
Erkin Aʼzam 1950-yili 10-avgustda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tugʻildi. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1967–1972).
Oʻzbekiston radiosida muharrir (1972–1976), “Guliston” jurnalida xodim, adabiy kotib, (1976–1981), “Yoshlik” jurnalida boʻlim mudiri (1981–1986), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida koʻp jildli asarlar tahririyati mudiri (1986–1992), Oʻzbekiston respublikasi Milliy axborot agentligi Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari (1992–1994) lavozimlarida ishladi. Ikkinchi chaqiriq (1994–2004) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga saylandi. Hozirgi kunda “Tafakkur” jurnali bosh muharriri vazifasida xizmat qilmoqda.
Adibning dastlabki “Chiroqlar oʻchmagan kecha” hikoyalar toʻplami 1977-yilda chop etildi.
1981-yilda nashr qilingan ikkinchi kitob – “Otoyining tugʻilgan yili” nomli qissa va hikoyalar toʻplami uchun muallif 1982-yilda Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi mukofoti bilan taqdirlandi. Shundan soʻng isteʼdodli adibning bir qator roman, qissa va hikoyalar toʻplamlari bosmadan chiqdi. “Jannat oʻzi qaydadir”, “Shajara”, “Farrosh kampirning tushi”, “Xonadon egasi”, “Tanho qayiq yoxud devonaning orzusi” nomli peyesalari respublikamiz teatrlarida muvaffaqiyatli sahnalashtirilgan.
Erkin Aʼzam kinodramaturgiyamiz rivojiga ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Uning ssenariysi asosida tasvirga olingan “Chantrimore” (1990), “Piyoda” (1996) filmlari milliy kino sanʼatimizda yangilik boʻldi. Navbatdagi “Dilxiroj” (2001) filmi xalqaro miqyosda eʼtibor qozondi. Germaniya va Fransiya televideniyelari orqali namoyish etildi. Nusxasi Fukuoko (Yaponiya) kinomuzeyida saqlanadi; “Erkak” (2004) nomli filmi “Kinoshok” xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi ssenariy” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topildi, Vezul (Fransiya) xalqaro kinofestivalida bosh sovringa (Gran-pri) sazovor boʻldi; “Zabarjad” (2007) – “Moskovskaya premyera” va MDH anjumanldarida maxsus diplom bilan taqdirlandi, “Jannat qaydadir” (2008), “Qarzdor” (2010) nomli filmlari ham respublikamiz kinoteatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etildi.
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Erkin Aʼzamning hikoya va qissalari rus, ukrain, belorus, qozoq, tojik, turkman, gruzin, bulgʻor, tillariga tarjima qilingan. 2015-yilda adibning roman va qissalardan iborat salmoqli toʻplami Angliya va Fransiyada ingliz va fransuz tillarida nashr etildi. Erkin Aʼzam 2016-yilda “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoniga sazovor boʻldi.
Tahririyatdan: Erkin Aʼzam Mustaqillikning 29 yilligi arafasida “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Atoqli adibimizni yuksak mukofot bilan tabriklaymiz.