Saodat maskani
Yaqinda Toshkent viloyatining soʻlim goʻshalaridan birida yashaydigan qarindoshimiznikiga mehmonga bordim. Buni qarangki, keksalar va kichkintoylar uyda qolishgan, boshqalar esa uzumzorga chiqib ketishgan ekan. Men ham uzumzorga borib ularning mehnatini koʻrgim, uzum uzishga koʻmaklashgim keldi, lekin keksa buvijon uzumzor bu yerdan ancha olisda ekanini aytdilar. U kishi hovlidagi anjir daraxtlarini koʻrsatib, “yaxshisi, mana bu tilladek pishgan anjirlardan uzib-uzib yeng, anavi togʻoraga terib soling, uyga qaytayotganingizda olib ketasiz. Shahardagilarning ham ogʻzi tegadi, ortsa, murabbo ham pishirib qoʻyasiz. Buning murabbosi ham shifo”, – dedilar. Hovlining bogʻ qismiga oʻtdim-u shoxlarini hosildan arang koʻtarib turgan olma, anjir, olxoʻri, har biri kosadek keladigan behi va anorlarni koʻrib koʻzim quvnab ketdi. Bejizga, yurtimizni jannatmakon deb atashmaydi-da, dedim oʻzimga. Soʻng katta-katta shapaloq barglari orasiga yashirinib olgan anjirlarni uza boshladim. Barglari qoʻllarimni qichishtirganiga qaramay anchagina anjir terib qoʻydim. Orada rosa pishib yetilganidan bir-ikkitasini yeb ham oldim. Avvaliga qachon bu togʻora toʻlar ekan, deb oʻylagandim. Koʻz – qoʻrqoq, qoʻl – botir, deganlaridek, qoʻlimdagi togʻora bir zumda anjir bilan liq toʻldi. Ha, orasiga bozorda koʻrganimdek anjir yaproqlaridan uzib taxladim. Chunki shunday qilinsa, anjirning shirasi bir-biriga yopishib qolmaydi-da.
Kechga tomon uzum uzishga ketganlar uyga qaytishdi. Garchi ust-boshlari chang, yuzlari oftobdan qoraygan boʻlsa-da, kayfiyatlari baland edi. Oʻzlari bilan olib kelgan uch-toʻrt bosh qop-qora kishmishni yuvib dasturxonga qoʻyishdi. Yonimda oʻtirgan buvijon “oling-oling”, deya uzumdan bir shingil uzib menga tutdilar. Shirasi tilni yoradigan kishmishdan yer ekanman, yuqorida aytib oʻtganim, yurtimizning jannatmakon oʻlka ekanidan yana bir bor faxrlanib qoʻydim. Taniqli shoir Hamid Olimjonning:
Oʻxshashi yoʻq bu goʻzal boʻston,
Dostonlarda bitgan guliston...
degan misralari yodimga tushdi va ana shunday ajib tuygʻular bilan shaharga qaytdim.
Shaharda esa bayram taraddudi avjida. Chunki hademay Mustaqilligimizning 29 yillik toʻyini nishonlaymiz. Har yilgidek uni yangi bir shior bilan kutib olyapmiz. Bu shior “Sen – qudrat manbai, saodat maskani jonajon Oʻzbekiston” deb ataladi. Darhaqiqat, oʻtgan olti oy mobaynida boshidan oʻtkazgan qator talafatlarga qaramay, yangilanishga, yuksalishga intilayotgan Yangi Oʻzbekistonning ertangi qiyofasini tasavvur qilish qiyin emas. Nafaqat poytaxtimizda, balki yurtimizning turli viloyat va tumanlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ertaga oʻz qiyofasini koʻrsatadi. Metroning yangi stansiyalari, koʻp qavatli uy-joylar, yangi koʻprik, zavod va fabrikalar, bogʻcha va maktablar... Qoʻying-ki, aholining farovon yashashi uchun nimaiki zarur boʻlsa, barchasi amalga oshirilmoqda. Bu xayrli saʼy-harakatlar ertaga, albatta, xalqaro miqyosda boʻy koʻrsatishiga ishonaman. Bular haqida siz maktabga borgach birinchi dars – Mustaqillik darsida ustozlaringizdan bilib olasiz. Va albatta, taassurotlaringizga qoʻshib, taʼtilni qanday oʻtkazganingiz haqida “Gulxan”ga yozib yuborasiz. Agar taʼtil kunlaringiz samarali, qiziqarli oʻtgan boʻlsa, jurnalning minglab muxlislari siz haqingizda oʻqib, oʻzlari uchun xulosa chiqarishadi. Jannatmakon yurtimizga boʻlgan muhabbatlari oshadi.