Mehrning goʻzal tarbiyasi
Maktablarda oʻtkazilayotgan bir qator maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlariga borganimizda falsafa fanlari doktori, professor, xalqaro toifadagi notiqlik boʻyicha murabbiy, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Jamila opa SHERMUHAMEDOVA bilan tez-tez koʻrishib turamiz. Garchi maktablarning tadbirlar zali oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan liq toʻla boʻlsa-da, Jamila opa soʻzga chiqqanlarida suv quygandek jim-jit boʻlib qoladi. U kishining madaniyat bilan kiyinishi, maʼnaviyat bilan gapirishi, tadbir ishtirokchilariga yuksak odob bilan murojaat qilishlari hammani sehrlab qoʻyadi...
Bir uchrashuvda oʻqituvchilar va oʻquvchilar oylab tayyorlagan sahna asarlari-yu, yod olingan sheʼr va qoʻshiqlaridan voz kechib, faqat Jamila opaning nutqini, u kishining maslahatlarini tinglash istagida ekanliklarini eshitib, biz ham lol qoldik.
Bugun biz yurtimizning ana shunday sevimli farzandi boʻlib kamol topishiga zamin boʻlgan Jamila opaning bolalik xotiralari bilan tanishamiz.
Besabr chiroq
Men 1950-yil 18-iyunda Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida, hozirgi Qorakoʻl shahrida ziyoli oilada tavallud topganman. Ismimni rahmatli dadam Chingiz Aytmatovning “Jamila” qissasidagi qahramondek jasur, qatʼiyatli boʻlsin, degan niyat bilan qoʻygan ekanlar.
Oilada 12 ta farzand – 8 oʻgʻil, 4 qiz edik. Men oʻn birinchi farzand boʻlsam-da, ota-onamning eng erkatoyi edim.
Otam, Toshpoʻlat Shermuhamedov – koʻp kitob mutolaa qiladigan, juda oʻqimishli inson boʻlib, biz farzandlariga kitob haqiqiy boylik – koʻngilni yuksaltira oladigan ulugʻ neʼmat ekanligini anglatib ulgʻaytirganlar. Otam har shanba kuni kundalik va daftarlarimizni sinchiklab tekshirib chiqardilar. Keyin hammamizni birga maktabga olib borib, sinf rahbarlarimizdan birma-bir odob-axloqimiz, oʻqishimiz haqidagi fikrlarini soʻrab, ustozlarimizga berayotgan bilimlari uchun minnatdorchilik bildirardilar.
Uyimizda tanbur, tor, dutor, chang, piaonino, doira – deyarli hamma cholgʻu asboblari bor edi. Otam goh tanbur, goh tor chertib qoʻshiq aytardilar. Bunday baland pardali, shirali ovoz hozir kam uchrasa kerak. Otam arab tilini mukammal bilgan. Uning arabcha husnixati juda chiroyli edi. Qurʼonni ham nihoyatda tiniq va goʻzal qiroat qilardi.
Biz uyda hech qachon bekor oʻtirmas, behuda koʻcha kezib yurmasdik. Uy ishlarida koʻmaklashardik, kitob oʻqirdik, musiqa asboblarini chalishni oʻrganardik.
Uyimiz goʻyo maʼnaviyat oʻchogʻi edi. Juda katta kutubxonamiz bor edi. “Qobusnoma”, “Mehmonnoma”, “Husnnoma”, “Odobnoma” nomli kitoblarni qayta va qayta oʻqirdik. Otam bizni bilim olishga yanada qiziqishimiz uchun hafta davomida koʻproq aʼlo baho olgan, badiiy kitob oʻqiganlarga alohida sovgʻa berardilar. Bunday ragʻbatga erishish uchun biz tinmay oʻqishga harakat qilardik.
Mutolaaga shunchalik berilib ketgan edimki, kecha-yu kunduz faqat kitob oʻqirdim. Onam hamma narsada meʼyor boʻlishini aytib, meni koyib qoʻyardilar. Ayrim asarlarni oʻqiyotganimda, voqealar rivojiga shu qadar kirishib ketardimki, tun bilan kunni farqiga bormasdim. Gohida onamdan tanbeh eshitmaslik uchun tunda oʻrin ichiga moychiroq yoqib, boshimgacha koʻrpaga oʻranib asarning davomini oʻqirdim. Bir kuni koʻrpaning ichida qizib ketgan chiroq lov etib yonib ketgan. Oʻsha paytdagi ahvolimni tasvirlab berolmayman. “Besabr” chiroq tunda kitob oʻqishlarimni oshkor qilib qoʻygan. Shu voqeadan soʻng ota-onam meni har kuni vaqtida uxlashimni nazorat qiladigan boʻlishdi...
Otamning oʻgiti
Onam Sonagul Shermuhamedova bagʻri keng, mehribon ayol edilar. Otam bilan ikkisi bizni mehr-muhabbat, oqibat, sadoqat, iymon, insof, shukronalik muqaddas tuygʻu ekanligini tushuntirib, uqtirib katta qilishgan. Onam hech bir yegulikni uvol qilmasdilar. Uvol qilish gunoh ekanligini qayta-qayta taʼkidlar edilar. Shundanmi, uyimizda yerga, sholchaga non ushogʻi hech qachon toʻkilmagan. Mana shu odat menda hozirgacha saqlanib qolgan.
Onam juda koʻp xalq laparlarini bilardilar. Hanuzgacha onam aytgan mungli allalar qulogʻim ostida jaranglaydi. Bu alla, bu mehrli ovoz meni sehrlab qoʻyar, uxlab qolganimni sezmasdim.
Uyda erkaklar va ayollarning vazifalari aniq qilib qoʻyilgan edi. Hovlimiz yonida kichik va katta quduq bor edi. Akalarim shu quduqlardan suv tortib olishardi. Otam qizlarga chelakda suv koʻtarishga ruxsat bermasdilar. Qiz bola guldek nozik, shuning uchun unga ogʻir koʻtarish mumkin emas, bu ishni biz erkaklar qilishimiz kerak, deb taʼkidlardilar.
Ahamiyatli tomoni shundaki, biz juda kam shamollar edik. Chunki dadam bizni tez-tez shifokor koʻrigiga olib borib, qon tahlillaridan tortib tishlarimizgacha tekshirtirar edilar. Ovqatlanishimizga alohida eʼtibor berardilar. Har bir sabzavot va poliz ekinlarining tarkibini oʻrganib chiqardilar. Kartoshkaning tarkibida kraxmal bor deb, ovqatga soldirmasdilar. Alohida qovurib yoki qaynatib berardilar.
Yertoʻlamizda katta-katta xumlar boʻlardi. Otam olma sirkasidan tortib, turli shifobaxsh ichimliklarni ham oʻzlari tayyorlar edilar...
Ming afsuski, 9-sinfda oʻqiyotgan paytimda otam vafot etdilar. U kishining doimo: “Farzandlarim! Hech qachon oʻgʻrilik qilmang, yolgʻon gapirmang, oilaga, vatanga xiyonat qilmang, yuksak iymonni boshingizga toj qilib yashang...” derdilar. Men shu yoshimgacha otamning mazkur oʻgitlarini oʻzim uchun shior qilib yashadim.
Shu kunga qadar men “Mehnat Shuhrati” ordeni, “Oʻzbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 25 yilligi”, “Yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda qoʻshgan ulkan hissasi uchun” Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining koʻkrak nishonlari sovrindori va bir qator xalqaro diplomlar sohibasi boʻldim.
Goh kichkina, goh katta yutuqqa erishishimdan qatʼiy nazar, xayolimdan faqat birgina: “Ota-onamning ruhlarini ozgina boʻlsa-da shod eta olyapmanmi?!” degan oʻylar oʻtadi. Ularga munosib farzand boʻlish ishtiyoqi yana xalqimning bagʻriga yetaklaydi...
Bolalikning goʻzal bogʻi
Bolaligimda velosipedda tez-tez oilaviy sayrga chiqardik, daryoga choʻmilishga borardik. Samadjon akam menga suzishni, Bahodir akam esa velosipedda qoʻrqmay uchishni oʻrgatar edilar. Suzish – ogʻiz va burun suvga toʻlishiga qaramasdan oldinga intilishga, yani har qanday vaziyatda ham qiyinchilikdan chiqib ketish, aql, harakat, orzu, umid, iroda, sabr tuygʻularini shakllantirib, hayotda mustaqil boʻlishga undaydi. Velosipedda uchish esa oʻziga ishonch, jasorat va qatʼiyatni shakllantirar ekan. Men hozir oʻsha kunlarni eslasam, bolaligim kamolot xazinasi boʻlganligiga amin boʻlaman.
Maktabim uyimizga yaqin edi. Onam saranjom-sarishtalikni yaxshi koʻrar, biz qizlardan har kuni tozalik ishlarini oʻz vaqtida, toʻliq bajarishimizni talab qilardilar.
Bir kuni erta tongdan ota-onamning xonalarini yigʻishtirib, tozalab chiqdim-da, shoshib kiyimlarimni almashtirib, maktabga kech qolmaslik uchun yugurdim. Sinfga kirib borganimda sinfdoshlarim meni koʻrishi bilanoq qiqir-qiqir kula boshlashdi. Men hayron boʻlib: “Nimaga kulyapsizlar?!” deb soʻradim. Ular esa boshimni koʻrsatib yana kulaverishdi. Boshimga qoʻlimni tekkazib bildimki, xonani yigʻishtirayotgan paytimda otamning shlyapalarini kiyib olgan va shoshganda buni butunlay unutgan ekanman. Oʻshanda ahvolimga oʻzim ham rosa kulgandim...
Sinfimizda oʻgʻil bolalar koʻp edi. Men sinfboshi edim. Oilada ham, sinfda ham oʻgʻil bolalar ichida oʻsganim uchunmi tabiatan oʻgʻil bolalardek – bir soʻzli, qatʼiyatli, choʻrtkesar boʻlib ulgʻaydim.
Geografiya fanidan ustoz Valida opa Isoqova dars oʻtardilar. Koʻpincha menga “Bugun darsni sen oʻta qolgin. Yana qon bosimim koʻtarildi”, – derdilar. Men xaritada joylashgan davlatlar oʻrnini puxta oʻrgangan edim. Doskaga ilingan xaritani koʻrsatib, sinfdoshlarimga dars oʻtardim. Soʻzim yakunida esa hazillashib: “Men albatta shu davlatlarning hammasiga boraman”, – derdim. Chin dildan qilingan niyatga Xudoyimning oʻzi yetkazar ekan. Shu kungacha menga bir qancha davlatlarga borish, ish tajribalarini oʻrganish nasib etdi.
Agar xalqimizning yuragidan ozgina boʻlsa-da joy olib, vatanimning koriga yarayotgan boʻlsam, bunda bobom bilan buvimning ham xizmatlari katta. Chunki bobom bilan buvim oʻz davrining ilgʻor kishilari boʻlishgan. Ularning har bir suhbatlari biz nabiralari uchun katta dars edi.
Suhbatlarning birida bobom bir voqeani gapirib bergan edilar. Bobom bilan buvim turmush qurish arafasida boʻlishganida Buxoro amiri Olimxonning sarbozlari buvimni olib qochib ketishgan ekan. Chunki buvim shu qadar chiroyli boʻlgan ekanlarki, ular bu goʻzal faqat amirga munosib deb hisoblashgan. Bobom qayligʻini qaytarib olib kelish uchun qoʻrqmay toʻgʻri amir huzuriga borgan. Shunda amir: “Agar 10 sarbozimdan yettitasini kurashda yengsang, qalligʻingni ham, saroyning eng qimmatbaho taqinchogʻini ham olib ketasan”, – deb shart qoʻygan. Oʻsha paytlarda biz tomonlarda milliy kurash ancha rivojlangan, bobom kuragi yerga tegmagan polvonlardan boʻlgan ekan. Bobom hamma sarbozlarni yer tishlatib, buvimni ham, qimmatbaho tarixiy taqinchoqni ham olib qaytgan ekan. Buvim bobomning jasur va dovyurakligi haqida faxr bilan menga soʻzlab berardilar...
Men bolaligimni goʻzal bogʻga oʻxshataman. Ota-onam, bobom bilan buvim u katta bogʻni shu qadar qaynoq mehr bilan parvarish qilishganki, men hozirgacha ana shu mehr-muhabbatning tafti bilan yashayapman.
Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA