Kichkina shahzodaning katta olami
Fransuz adibi Antuan de Sent Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari bilan tanisha turib, unda bolalarga xos begʻuborlik, soflik va samimiylikni tuydim. Asarning boshlanishida Ekzyuperi “Men bu asarni katta yoshdagi odam uchun bagʻishlaganimga bolalardan kechirim soʻrayman”, – deydi. Demak, biz bu asarni oddiy sarguzasht yoki ertak sifatida qabul qilmasligimiz lozim ekan. Keling, endi bizning eʼtiborimizni tortgan ayrim oʻrinlarga murojaat qilsak.
Koʻkka boqing: osmon musaffo... Oppoq bulutlar suzib yuribdi. Tangrining inoyati ila yana bir farahbaxsh kun oʻz nihoyasiga yetdi. Quyosh oʻz oʻrnini oyga boʻshatib berdi. Koʻk fonusi yoʻllarimizni yoritadi, qalblarga huzur baxsh etadi. Osmondagi yulduzlarga tikilasiz. Ayting-chi, siz soʻnggi bor unga qachon nazar solib oʻz yulduzingizni izlagansiz?! Ularga tikilib zavqlangansiz?! Agar bu asarni oʻqisangiz, siz, albatta, har kecha koʻkka boqib undan Kichkina shahzodangizni, ortingizda qolib, sizdan olislashayotgan shirin bolalik xotiralaringizni izlaysiz.
“Eng asosiy narsani koʻz ilgʻamaydi, u siyratda, botinda pinhon”
Asar qahramoni – Kichkina shahzodaning oʻz olami, kichik sayyorasi bor. Unda esa faqatgina uchta vulqon (uning ham bittasi harakatsiz) va u uchun beqiyos qiymatga ega, hammadan ham ziyoda koʻrgan feruza guli bor. Shahzoda yerga tushganda koʻplab feruza gullarga duch keladi, ammo uning uchun oʻz guli qadrli va azizdir. Chunki u yagona va yolgʻiz, dunyodagi boshqa birorta gulga oʻxshamaydigan feruza gulni asrab-avaylashni oʻz zimmasiga olgan. Jajji, sofdil sayohatchimiz yettita sayyorani kezib, birorta fuqarosi boʻlmasa ham u buyruq berishni yaxshi koʻradigan manman, kekkaygan qirol; shuhratparast; piyonista, korchalon kabi hayotda nima uchun yashayotganini bilmaydigan koʻplab insonlar bilan tanishadi. Asarni oʻqigan kishida bir savol tugʻiladi: Bu, axir, biz emasmi?! Ha, oʻsha shuhratparast bizmiz, eʼtibor, izzat-hurmat, hamma narsa bizga kerak, biroz eʼtiborsizlik boʻlsa buni oʻzimizga haqorat deb bilamiz. Lekin hech oʻylamaymiz-ki, biz oʻzi bunga loyiqmizmi?!.. Uchinchi sayyoradagi piyonistadan shahzoda “nega ichasan?” – desa, “ichishimning uyatligini unutish uchun”, – deb javob beradi. Deyarli barchamiz qilayotgan baʼzi ishlarimiz xato ekanligini bilsak-da, uni qilishda davom etamiz. Toʻrtinchi sayyorada yashaydigan korchalon uchun hech narsaning ahamiyati yoʻq, unga faqat sonlar va hisob-kitob boʻlsa yetadi. Bu qiyofada men farzandlaridan bolaligini tortib olgan millionlab ota-onalarni koʻrdim. Ular bir vaqtlar bola boʻlganliklarini, mehr-muhabbat va eʼtiborga qanchalar tashna yashaganini bilishganda edi, pul, ish deb eng muhim narsalarni chetga surishmagan boʻlarmidi... Beshinchi sayyoradagi fonuschi majoziy timsol boʻlib, bu dunyoning oʻtkinchiligiga, bugun lozim deb bilgan ishimiz ertaga hech narsaga yaramay, keraksiz boʻlib qolishi mumkinligiga shaʼma qilmayotganmikan?! Oltinchi sayyorada esa shahzoda geografni uchratadi. Keraksiz va muhim boʻlmagan, aslida oʻzi ham nima qilayotganini bilmayotgan insonlar obrazi shu timsol orqali ochib berilgan. Umuman olganda, bu sayyoralardagi barcha qahramonlarni birlashtirsak, bizning oʻzimiz, odatlarimiz va koʻrinishimiz zohir boʻladi. Kichik shahzoda esa ularni taftish qilayotgan vijdonimizga oʻxshaydi.
Asardagi yana bir asosiy personaj ilon boʻlib, adib bejiz uni tanlamagan. Ular panada hech kimga bildirmay gaplashishadi. Odamlar ham shunday emasmi?! Ular oʻz vijdonlari bilan hech kimga aytmay dardlashadi-ku. Vijdonini oʻldirib, soʻngra olislardan unga nazar tashlaydi.
Xullas, yosh doʻstim, kitoblar bizni mushohadaga chorlaydi, fikrlashga undaydi. Kezi kelsa, oʻz fikrimizni, falsafamizni ifodalay oladigan faylasufga aylantiradi. Siz ham Kichkina shahzodaning katta olamiga nazar tashlab koʻring... Ehtimol, sizda ham hali hech kim aytmagan fikrlar paydo boʻlar...
Shahzodbek ROʻZMETOV,
Alisher Navoiy nomidagi
ToshDOʻTAU talabasi