Shifo bagʻishlovchi neʼmatlar
Bargizub – koni foyda
Bargizubning bir necha xillari boʻladi, uning zubturum degan ikkinchi nomi ham bor. Katta bargizubni yoʻl yoqalarida, boʻsh yotgan yerlarda, ariq, daryolar boʻyida koʻp uchratgansiz.
Bilsangiz, bu beozor oʻsimlikning barglari vitaminlarning haqiqiy koni, unda ayniqsa karotin (A provitamini), vitamin S koʻp. Bulardan tashqari, limon kislota, fitonsidlar, fermentlar va achchiq oshlovchi moddalar bor. Agar orangizda koʻkyoʻtal yoki bronxit bilan ogʻrigan bolalar boʻlsa, quritilgan bargidan tayyorlangan damlama balgʻam koʻchiruvchi vosita sifatida sizga koʻmak beradi. Yangi uzib olingan bargi esa yaralarni bitiradi.
Bargizubni gʻamlab qoʻyish uchun uning barglarini yigʻasiz. Ularni yaxshilab chayib, oftobga salgina tutasiz, soʻngra xonaga yoki salqin joyga yupqa qilib yoyib quritasiz. Yaxshi quriganidan keyin maydalab, bankalarga solinadi va qopqoq bilan mahkam berkitiladi. Ana shunday usulda tayyorlab qoʻyilgan giyohdan yil boʻyi foydalansangiz boʻladi.
Bargidan damlama tayyorlash uchun biror idishga qaynab turgan suvdan bir stakan quyiladi va bir osh qoshiq quritib maydalangan bargizub solib, qopqogʻi yopiladi. Shundan keyin ikki soat tindiriladi. Damlama tayyor boʻlgach, dokada suzib olib, kuniga toʻrt mahal ovqatlanishdan 30 daqiqa oldin ichishingiz mumkin.
Dorivor giyohlarni saqlaganda
Shifobaxsh oʻtlar xonaning salqin, quruq, uka-singillaringizning qoʻli yetmaydigan joyda saqlanadi. Giyoh solingan quticha yoki paketni toza karton qutichaga soling va qopqogʻini mahkam yopib qoʻying.
Shifobaxsh oʻtlarni juda koʻp miqdorda yigʻmang. Chunki ular uzoq vaqt saqlanganda dorivorlik xususiyati kamayib qoladi.
Naʼmatak, ryabina, qora smorodinaning saqlash qoidalariga juda puxta rioya qilishingiz zarur. Chunki yorugʻlikda, nam xonada, harorat pasayganda bu oʻsimliklar tarkibidagi vitaminlar, avvalo, askorbin kislota kamayib ketadi.
Efir moyi tutadigan oʻsimliklar – moychechak guli, dorivor valeriana – dalachoy ildizi, yalpiz va mavrak (choʻl yalpizi) bargini yaxshilab joylab saqlash juda muhim hisoblanadi. Ularni alohida saqlasangiz, oʻtkir hidi bir-biriga oʻtib ketmaydi. Shuning uchun bu oʻsimliklarni shisha idishlarga solib, ogʻzini pergament qogʻozga oʻrab, polietilen qopqoq bilan yopib qoʻyish zarur.
Shifobaxsh oʻtlar va qoqilarni oziq-ovqat mahsulotlari, yangi meva va sabzavotlar, yuvuvchi va dezinfeksiyalovchi vositalar yonida saqlash mumkin emas. Xonadagi nam havo yoki yuqori harorat shifobaxsh oʻsimliklarda, xususan tarkibida qand boʻlgan mevalarda (malina va chernikada) turli hasharotlarning rivojlanishiga olib keladi.
Dilafroʻz ZAYNIYEVA