Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Boʻyoqlar yaratgan goʻzallik

Jurnalimizning elektron manziliga Asalxon Baxtiyorovaning ijodiy ishlarini yuborgan Baxtiyor bobo nabirasining tasviriy sanʼatga anchadan buyon qiziqishi haqida toʻlqinlanib yozibdilar. Asalxon Qarshi shahridagi 1-IDUMning 8-sinfiga oʻtibdi. Biz Asalxon chizgan rasmlarni koʻzdan kechirar ekanmiz uning oʻz ustida tinimsiz izlanib, tasviriy sanʼatga doir qoʻllanmalarni oʻqib-oʻrganganiga guvoh boʻldik. Qunt va oʻtkir zehn bilan chizilgan rasmlar bizni yosh rassom bilan suhbat qilishga chorladi:

– Rasm chizishga kichkinaligimdan qiziqqanman. Buvim chizgan bir-biridan ajoyib rasmlarga qarab hayron qolardim va havas qilardim. Garchi rasm toʻgaraklari va maxsus sanʼat maktabiga bormagan boʻlsa-da, amakimning chizgan rasmlari ham mahoratli rassomlarnikidan kam emasdi.

Boshlangʻich sinfda oʻqiyotganimda sinf rahbarim Anjelika Erikova rasm chizishga boʻlgan ishtiyoqimni sezib, meni maxsus sanʼat maktabida oʻqishimni tavsiya qilgandilar. Shundan soʻng men 5-sinfdan boshlab shahardagi 1-son bolalar musiqa va sanʼat maktabining tasviriy sanʼat boʻlimiga qatnay boshladim. U yerda ustozim Nafisa Nigʻmatovadan tasviriy sanʼat sirlarini qunt bilan oʻrganishga kirishdim. Shuni faxr bilan ayta olamanki, mening ikkita maktabim bor. Biri menga bilim bersa, ikkinchisi dunyo goʻzalliklarini, tasviriy sanʼat sirlarini yana-da teranroq anglashimga yordam beradi. Hozirgi kunda esa birinchi maktabimning 8-sinf, ikkinchi taʼlim dargohining esa 4-sinf oʻquvchisiman.

Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, meni tinmay rasm chizib, bir nechta tanlovlarda gʻolib boʻlishimga bobojonim sababchilar. Chunki bobom menga doimo: “Rasm chizishing uchun senga nima kerak boʻlsa, hammasini olib beraman”, – deydilar. Shu maqsadda rang-barang boʻyoqlar, albomlar sovgʻa qiladilar. Kelajakdagi niyatim yurtimning betakror manzaralarini moyboʻyoqlar orqali dunyoga koʻrsatishdir...

Asalxonning boʻyoqlar yordamida yaratayotgan goʻzalliklarini koʻrib, koʻnglidagi ezgu niyatlarini tinglar ekanmiz, betakror hayratlari, mehnatlari orzulari sari yetaklashiga ishonamiz!

 

Nilufar JABBOROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.