Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qanday qilib Turin universiteti talabasi boʻlish mumkin?

Salom-salom, akademik litsey va maktabning yuqori sinfida taʼlim olayotgan, oliy oʻquv yurtlariga tayyorgarlik koʻrayotgan, ammo qaysi fanni chuqurroq oʻqisam, kelgusida qanday universitetga kirsam, deb oʻylanib turgan doʻstim. Keling, bu vazifani birgalikda hal qilaylik. Qanday qilib deysizmi? Biz ijodiy jamoamiz bilan kelishgan holda, yurtimizdagi oliy taʼlim muassassalari haqida maqolalar tayyorlab borishga qaror qildik. Universitetlar borasida oʻzingizni qiziqtirgan savollarni t/me/dilnavoz_najimovaga yuborishingiz mumkin. Bugungi sahifamiz orqali esa Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti bilan yaqindan tanishamiz.

Nazarova Umida (Turin politexnika universiteti informatsion texnologiyalar (IT) yoʻnalishi 2-bosqich talabasi)

Italiya taʼlim tizimi boʻyicha men birinchi bosqich talabasi hisoblanaman. Chunki bizda birinchi kurs tayyorlov bosqichi hisoblanadi. Bu yerda oʻqiyotgan talabalàr ikkinchi yildan rasman birinchi kurs hisoblanishadi. Oʻzbekiston taʼlim tizimida oliy taʼlim 4 yillik boʻlsa, Italiyada 3 yil. Universitetimiz Italiya va Oʻzbekiston andozalariga amal qilgan holda bir yil tayyorlov kursini qoʻshgan. Aslida, tayyorlov kursida oʻqimay ham birinchi bosqichdan oʻqish mumkin. Masalan, imtihondan eng yaxshi natijani qoʻlga kiritgan talabalar toʻgʻridan-toʻgʻri birinchi bosqichdan oʻqishi mumkin va ular 3 yil oʻqiydi. Lekin, menimcha, tayyorlov kursida oʻqigan yaxshiroq. Imtihon fizika, matematika, logika, ingliz tili fanlaridan online test shaklida boʻladi. Testni ishlab boʻlgan zahoti, natijalar maʼlum boʻladi. Test natijalari foiz koʻrinishida boʻladi va belgilangan foizdan koʻp natijani qoʻlga kiritgan abituriyentlar oʻqishga qabul qilinadi. Imtihon qiyin emas. Masalan, men 40% natijani qoʻlga kiritganman. Ingliz tilidan esa kamida 5.5 balldan yuqori IELTS sertifikati talab qilinadi. Agar bunday sertifikat boʻlmasa, kelasi yilda IELTS topshiraman, degan mazmunda tilxat yoziladi. Lekin bir narsani unutmaslik kerak IELTS topshirgan boʻlsangiz ham bu yerda baribir ingliz tilidan imtihon topshirasiz. Ingliz tili imtihoni reading koʻrinishda boʻladi. Eng katta ballni fizika va matematika fanlari beradi. Savollar soniga kelsak, menga fizikadan 10 ta, matematikadan 20 ta, logikadan 6 ta, ingliz tilidan oʻqish boʻyicha 6 ta savol tushgan. Online test tartibi biroz farq qiladi. Masalan, bir savolni bilmayapsiz, test soʻngida ishlayman deb shu savolni tashlab ketsangiz, avtomatik ravishda 0 ball beriladi. Agar javobni xato belgilasangiz, har bir xato javob uchun toʻplagan umumiy balingizdan minus ball olib tashlanadi. Oʻqishga topshirish uchun Turin universitetining saytida roʻyxatdan oʻtish lozim. Natijalar ham saytda eʼlon qilinadi. Universitetizmizda 3 ta yoʻnalish bor: IT – informatsion texnologiyalar; Mechanical engineering-mexanik muhandislik; Civil engineering – Arxitektura va dizayn. Darslar ingliz tilida boʻladi. Baholash tizimi ham biroz farqli. Masalan, 30 L ball bu 5+baho degani, 18-oʻtish bali. Sessiya arafasida matematikani yaxshi bilganlar màtematikani, fizikani yaxshi bilganlar fizika boʻyicha oʻz bilimlarini boshqa tengdoshlari bilan bajonidil boʻlishadi. Turin universitetini tugatgan aksariyat bitiruvchilar GM, Uzavtosanoat korxonalarida, hozir qurilayotgan zamonaviy uylarni loyihalash tashkilotida ishlashi mumkin. Turinda stipendiya yoʻq. “Gulxan” muxlislari sabr bilan, tirishqoqlik bilan oʻqishdan, izlanishdan charchamasa, albatta oʻzlari istagan oliygohning talabasi boʻla olishadi.

Abdurashidova Munisxon (Dasturlash fani oʻqituvchisi)

Men sizga darslarimiz haqida gapirmoqchiman. Universitetimiz ochilganda talabalarga C dasturlash tili oʻrgatilar edi. Chunki dasturlash tilini oʻrganish uchun C asosiy-basic bilimlarni beradi. Keyinchalik bu til eskirdi. Chunki hozirda android, windows platformalariga tuziladigan dasturlar high-level language-yuqori darajali tillardan birida yoziladi. Shuning uchun ikki yildirki, Piton dasturlash tili oʻrgatiladi. Aslida, dasturlashni oʻrganish qiyin emas. Lekin matematika va logikasi kuchsiz talaba bu fanni oʻzlashtirishga qiynaladi. 4-bosqichni bitirayotganda aksariyat talabalarimiz oʻrgangan bilimlari asosida oʻzlari mustaqil dastur yaratishga harakat qilishadi.

Universitetga kerakli hujjatlar – umumiy oʻrta maxsus taʼlim muassasini bitirganlik toʻgʻrisidagi hujjat va pasportdan nusxa; Imtihonda asosan logarifmlar, funksiyalar, oddiy trigonomerik funksiyalar koʻproq tushadi. Testlar ingliz tilida boʻladi. Lekin ingliz tilidan yuqori balli sertifikat koʻp narsani hal qilmaydi. Masalan, IELTSdan 7.5 yoki 8 olgan talaba bilan 5.5 ball olgan talaba bir xil. Asosiy balni matematika, fizika va logika beradi. Va bu fanlardan eng yuqori ball toʻplaganlar grand asosida qabul qilinadi.

Mana, qadrli doʻstim, bugun Turin universiteti haqida ozmi-koʻpmi maʼlumotga ega boʻldik. Xoʻsh, siz yana qaysi oliygohlar haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishni istaysiz? Fikrlaringizni kutib qolamiz!

 

Dilnavoz NAJIMOVA tayyorladi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.