Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ustoz oʻgiti – omad kaliti

Qahramonimiz Mohinur Rahmonova 2004-yilning 7-avgustida Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi Pahlavon Mahmud mahallasida tugʻilgan. U hozir tumandagi 6-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi.

Sergʻayrat qiz bolaligidan sport bilan doʻst tutindi. Maktabning jismoniy tarbiya oʻqituvchisi Gulyor Rahmonovadan belbogʻli kurash sir-asrorlarini oʻrganishga kirishdi.

Ustozining maslahatlariga tayanib, mashgʻulotlarni maromiga yetkazishni odatiga aylantirdi. Qisqa vaqt ichida tuman, keyinchalik, viloyat miqyosida oʻtkazilgan musobaqalarda gʻolib va sovrindor boʻldi. 2018-yilda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 2004–2005-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida ilk bor qatnashib, bronza medali bilan taqdirlandi. 2019-yilgi musobaqalar kurashchi qiz uchun omadli keldi. Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida boʻlib oʻtgan mamlakat chempionatining 63 kilogramm vazn toifasidagi sportchi qizlar orasida Oʻzbekiston chempioni nomiga sazovor boʻldi. Bu gʻalaba uni yanada ruhlantirdi. Oʻtgan yil 8-11-avgust kunlari Toshkent viloyati Olmaliq shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun 15-17 yoshli oʻgʻil va qizlar oʻrtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritdi. 2020-yil ham Mohinur uchun muvaffaqiyatli boshlandi. Mart oyi boshida Navoiy viloyati Nurota tumanida oʻtkazilgan mamlakat kubogida barcha raqiblarini yengib, birinchi marta Oʻzbekiston kubogi sohibasiga aylandi.

Ayni damda polvon qiz Yangibozor tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabiga qatnab, belbogʻli kurash boʻyicha Xorazm viloyatining tajribali treneri, xalqaro toifadagi hakam Bekbergan Boltayev qoʻl ostida mahoratini oshirmoqda.

Gulxanjon Mohinur Rahmonovani yutuqlar bilan chin qalbdan qutlab, bundan-da yuksak marralarni egallashini tilab qoladi.

Dilafroʻz ZAYNIYEVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.