Sogʻlom hayot manbai
Sportga, jismoniy mashqlarga qiziqish xalqimizga xos. Buni adabiyotimiz, tariximiz tasviriy sanʼatimiz ham tasdiqlaydi. Oʻtmishda yashab oʻtgan musavvir bobolarimiz oq va qora otlar minib, ikki guruhga boʻlinib, uchi egilgan uzun tayoqcha bilan oʻt ustidagi koptokni surib chavgon oʻynayotgan chavandozlarni miniatyuralarda koʻp tasvirlaganlar. Ayollarimiz zarur boʻlganda erkakcha kiyinib jangga chiqishgan.
Tarixdan maʼlumki, Amir Temur bobomizni ham otasi bolaligidan jang sanʼatining barcha turlarini oʻrgatib, kattaroq boʻlgach esa ustozlar qoʻliga topshirib, chiniqtirgan. Shu bois Sohibqiron bobomiz yetti iqlim sultoniga aylangan, Jahongir degan sharafli nomga sazovor boʻlgan. Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ham jang sanʼatida bobosi Amir Temurdan qolishmagan. Bu haqida “Boburnoma” hamda shoir haqidagi koʻplab kitoblar orqali yaxshi tanishmiz. Sportning oʻnlab turlari oʻsha davrda jangovar mashgʻulotlar deb atalgan. Ular – otda yurish va ot ustida koʻplab jangovar mashqlarni bajarish. Merganlik, ogʻir toshlarni koʻtarish, suv va loy kechish, balandlikdan sakrash, kamonbozlik, badantarbiya, arqon va tayoq bilan bajariladigan mashqlar, sezgirlik, ziyraklik va yana koʻplab shu singari mashqlar. Ayniqsa, qoʻshinga bosh boʻladigan sarkardalar har tomonlama sinovdan oʻtgan bahodir, pahlavonlar boʻlishgan.
Ayollar orasida ham jangovar mashqlarni uddasidan chiqadiganlari boʻlgan. Shaxmat ishqibozlari mot qilishning “Dilorom moti” deb atalmish usulini yaxshi bilishadi. Dilorom Amir Temur saltanatida mashhur shaxmatchi ayol boʻlgan.
Mashhur akademik, matematik olim Saʼdi Hasanovich Sirojiddinov (bugungi kunda Toshkent Davlat Milliy Universiteti qoshidagi akademik litseyi olim nomi bilan ataladi) mohir shaxmatchi, stol tennisi boʻyicha mahorat egasi, hatto suzish boʻyicha chempion ham boʻlgan ekanlar.
Bunday misollarni koʻplab taniqli shaxslar hayotidan keltirishimiz mumkin.
Shu oʻrinda bir rivoyatni keltirib oʻtmoqchiman.
Podshoning oʻgʻli – saltanatning yakka-yu yagona vorisi mashhur ustozlar qoʻlida chavandozlik, qilichbozlik, kamondan oʻq otish, kurash kabi hunarlarini oʻrganibdi. Ustozlari: taʼlim va mashgʻulotlar nihoyasiga yetdi, deb podshoga xabar berishibdi. Podsho oʻgʻlini oʻzi imtihon qilmoqchi boʻlibdi va merosxoʻrning barcha mashqlarni bajarishidan koʻngli toʻlibdi. Podsho ustoz, murabbiylarga qarab: “Men podsho ekanman, bu mashqlarni oʻgʻlim uchun biror navkari qilsa ham boʻlaveradi, ammo shunday bir hunar borki, uni faqat oʻgʻlimning oʻzi bajarishga majbur. Boshqa kimsa uning oʻrniga bu mashqni bajara olmaydi. Qani bilaylik-chi, sizlar oʻgʻlimga shu hunarni ham oʻrgatganmikansizlar?” deydi va oʻgʻlini daryoga otishni buyuradi. Yigitchani daryoga tashlaydilar, u tipirchilab, baqirib choʻka boshlaydi. Ikki navkar daryoga oʻzini otib, uni zoʻrgʻa qutqarib qoladi.
Bulardan ham koʻrinib turibdiki, sport va jismoniy mashqlarsiz sogʻlom hayotni tasavvur qilish qiyin. Ibratli rivoyatning xulosasi shuki, birov uchun birov bilim ololmaydi, birov uchun birov suzib bermaydi. Shunday ekan har birimiz oʻzimizga maʼqul sport turlari bilan muntazam shugʻullanishimiz, sportga oshno tutinishimiz kerak. Zero, sogʻlom tanda sogʻ aql boʻladi.
Gulxanjon