Yangi dovonlar sari
Joriy yilning 24-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi eʼlon qilindi. Bu Murojaatnoma Yangi Oʻzbekistonni shakllantirishga qaratilgan boʻlib, xalqimizni ezgu tashabbuslar atrofida birlashtirish, barchaning vatanparvarlik kayfiyatini yuqori darajaga koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Murojaatnomadagi quyidagi muhim fikrlarni siz ham qulogʻingizga quyib olishingiz zarur.
...Biz Oʻzbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qoʻygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-maʼrifat va innovatsiya bilan erisha olamiz.
Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi boʻlib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur. Shuning uchun ham bogʻchadan boshlab, oliy oʻquv yurtigacha – taʼlimning barcha boʻgʻinlarini isloh qilishni boshladik.
Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo, ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerak. Ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻladi.
Sharq donishmandlari aytganidek:
“Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.
Taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart. Bu bizga yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.
...Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak maʼnaviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga koʻtarish maqsadida men yurtimizda 2020-yilga “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berishni taklif etaman...
Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz kelajagi boʻlgan yosh avloddan umidi katta. Oʻquvchi yoshlar oʻz ijodiy iqtidorini, qobiliyatini toʻlaqonli roʻyobga chiqarishi, yurt koriga kamarbasta boʻlishi uchun Prezidentimizning shaxsan oʻzlari barcha sharoitlarni yaratib berishga harakat qilmoqdalar. Bunga misol qilib, yuzlab iqtidorlilarni bagʻriga olgan ijod maktablari, tabiiy fanlarga ixtisoslashgan maxsus maktablar, musiqa va sport maktablarini aytishimiz mumkin. Darhaqiqat, Xalqaro hamjamiyatda Yangi Oʻzbekistonning har tomonlama bekam qad rostlashi uchun oldinda bizni yangi dovonlar kutib turibdi. Bu dovonlarni zabt etishga bel bogʻlagan mamlakatimiz rahbariga, ota-onalaringizga, ustozlaringizga kamarbasta boʻlishingizga ishonamiz. Siz buni uddalaysiz.