Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“GULXAN” bilan 15 yil

Toʻqqiz yosh. U paytlari oʻzimcha sheʼr deb, bir nimalar qoralab yurar edim. Haqiqiy sheʼriyatni, chin adabiyotni esa menga “Gulxan” oʻrgatdi. Tahririyatga tez-tez xat yozib yuborardim va aksariyat hollarda ular jurnalda chop etilardi. Ilk maktublarim, ilk sheʼrlarim, ilk maqolalarim mana shu qadrdon jurnalning sahifalarida jurnalxon doʻstlarimga yetib borar edi. Bu esa shu kungacha erishgan muvafaqqiyatlarimga qanot bagʻishladi. Barcha yutuqlarimda “Gulxan”ning hissasi bor. Boisi, mening ilk ijod maktabim – U.

Tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, yosh ijodkorlarning anjumanlarida ishtirok etsam, adabiyotga, tasviriy sanʼatga qiziqqan oʻquvchi-yoshlarni “Gulxan”ga obuna boʻlishga hamda tahririyatga maktub yoʻllab turishga chorlayman.

2009-yil ushbu tahririyatda ilk bor amaliyot oʻtadim. Yozgi taʼtil mobaynida tahririyatdagi ustozlarimdan maqolalar yozishni, xatlar boʻlimida oʻquvchilarning maktublari bilan ishlashni oʻrgandim, turli viloyatlardan doʻstlar orttirdim. Oʻsha yili tahririyat tomonidan Faxriy yorliq bilan taqdirlanganimda, qanchalik sevinganimni kechagiday tiniq eslayman. “Gulxan” men kabi koʻplab yoshlarning yuragiga ijod gulxanini yoqib qoʻygan edi.

Hozirda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Oliy jurnalistika kursida oʻqiyapman. Bitiruv malakaviy ishimdan tashqari, bolalar jurnalistikasi boʻyicha ham ilmiy izlanishlar olib boryapman. Bunda yana, albatta, qadrdon tahririyatdan olgan bilimlarimga suyanaman.

Bugun bolajonlarning sevimli nashri qutlugʻ yoshini nishonlamoqda. Bu yosh jurnalxonlar uchun adabiy bayramdir. “Gulxan”ning yoshi ulgʻaysa ham qalbi hamisha yosh va navqiron. Tilagim, mana shu navqironlik aslo tark etmasin. Jurnal oʻquvchilari safi kengayib boraversin!

 

Yulduz OʻRMONOVA,

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.