Soʻnmas saboq
“Gulxan” jurnali, taʼbir joiz boʻlsa, adabiy maydondagi serotash gulxan kabi yillar davomida koʻplab yosh ijodkorlarni atrofida jipslashtirib, ularning qalbiga nur va iliqlik baxsh etib kelayotgan nashrlardan biri. Ishonamanki, 90 yil davomida oʻzbek adabiyotining ne-ne taniqli va atoqli namoyondalari undan shunday ragʻbat va madad olgan. Quvonchlisi, bu gulxanning qoʻri hamon yal-yal choʻgʻlanib, alangasi avjlanib turibdi, bardavom va barqaror boʻlgay!
Doim mamnuniyat bilan aytamanki, mening ham yosh qalbimni shu gulxan ilitgan, ijod yoʻlimni bir qadar yoritgan. Oʻquvchilik davrimizda barcha bolalar nashrlari kabi “Gulxan”ning har bir sonini intiq kutar, qiziqib oʻqir edik. Undan tillaga teng adabiy-maʼrifiy saboqlar oldik, adabiyotning, sheʼriyatning sirli, sehrli olamiga oshno boʻldik...
Hamisha minnatdorman va qarzdorman sendan, “Gulxan”jon, deyman.
Nashrlarning ajoyibi “Gulxan”dir,
Xush iforlar taratguvchi gulshandir.
Har sahifa, har soʻzida ming maʼno,
Har jumlasin deysiz goʻyo gulqanddir.
Dilshod Rajab,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori,
Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi