Iffatli boʻlish nima
Tahririyatdan: “Gulxan”ning 1966-yil 9-sonidan boshlab qizlarga uy tutish, mehmon kutish, pazandalik, qanday kiyinish, odob va muomala kabilar haqida suhbatlar berib borilgan. Ilk suhbatga folklorshunos olima Muzayyana ALAVIYA taklif qilingan. Garchi oradan yarim asrdan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, onaxon ijodkorimizning aytgan oʻgitlarini bugungi qizlarimiz ham oʻqib katta saboq oladilar, degan xulosaga keldik.
Iffatli boʻlish nima
Insonda ikki xil goʻzallik bor: biri kishining tashqi husni – qaddi qomati, qosh-u koʻzi, yuzining chiroyidir. Bu goʻzallik maʼlum yoshga borguncha saqlanadi. Ikkinchisi esa, ichki – maʼnaviy goʻzallik. U borgan sari kamol topaveradi, koʻrkamlashaveradi. Bu goʻzallikning bir koʻrinishi hayo, ibodir. Qizlar eng avval hayoli boʻlishlari zarur. Hayoli qiz esa, albatta, iboli boʻladi.
Siz, hayo nima deb soʻrarsiz. Soʻzi, harakati, qiligʻi bilan boshqalarni xijolatga solmaslik, uyaltirmaslik hayo deyiladi.
Kunlarning birida koʻpchilik boʻlib televizor koʻrib oʻtirsak, bir qiz buvisiga: “Televizor koʻrganingiz bilan biror narsa tushunarmidingiz, borib ishingizni qiling. Oʻrnimni soldingizmi?” desa boʻladimi. Bu beti qattiq qizning soʻzini eshitib hammamiz xijolatdan yerga kirgudek boʻldik. Agar u qiz hayoli boʻlsa, shunday muomala qilmas edi. Ibo deganimiz, tuban ishlardan, notoʻgʻri harakatdan tortinish, behuda soʻz aytmaslikdir.
Raʼno togʻasi sovgʻa qilgan yoqut koʻzli toʻgʻnogʻichni yoʻqotib qoʻydi. Uni Gulchaman ariq boʻyidan topib olib, dugonasiga keltirib berdi. Agar ibosizlik qilsa, Gulchaman yolgʻonchi va oʻgʻri boʻlib qolardi. Uning ibosi bu tubanlikdan qutqardi.
Aytar soʻzining, qilar ishining oxirini oʻylab, shu harakatning natijasi nima boʻladi, degan kishi andishalidir. Ulugʻlar juda andishali boʻladilar.
Andisha, hayo, ibo bir-biri bilan juda inoq. Qayerda ibo boʻlsa, shu yerda andisha boʻladi. Hayo ham ibosiz yashay olmaydi. Demak, hayo bor joyda, albatta, ibo bor.
Qizlar oʻz iffatlarini yuqoridagi fazilatlari bilan saqlashlari kerak. Pokiza tabiat qizlarni iffat egasi, deymiz. Iffatli qizlarni barcha hurmat qiladi.
Yuqoridagi fazilatlariga qarab, qizlarga baho beradilar. Yasama hayo, ibo, haddidan oshgan taʼzim – juda sovuq koʻrinadi. Samimiyat esa, sizni yoqimli koʻrsatadi.
Har bir qiz yurish-turishida, odamlar bilan muomalasi chiroyli, jamoa ichida hayoli, iboli, andishali boʻlsa, hamma uni iffat egasi, goʻzal qiz, deydi. Barchaning unga havasi keladi.
Muzayyana ALAVIYA,
1966-yil 9-son