Lovvulayver, “GULXAN”im
Oʻzbekiston bolalari va oʻsmirlarining sevimli nashri bejiz “Gulxan” deya nomlanmagan: bu jurnal olovi qalbi qaynoq bolaligimizning sevimli hamrohi. Oʻylab koʻrsam, bu tahririyatda uzoq emas, uch yil ishlagan ekanman. Biroq mening ijodiy faoliyatimning poydevori shu nashrda yaraldi. Ijodkor oʻzini kashf qilishi uchun jamoada atrofdagilar xayrixoh boʻlishi kerak. “Gulxan”da shunday samimiy muhit ichiga tushganmanki, qisqa muddatda tahririyatdagi har bir xodim oila aʼzoimdek boʻlib qolgan.
Birinchi galda, sheʼr qoralab, qoralama daftarini qoʻltiqlab yurgan yosh adabiyot ixlosmandining Omon Matjondek ulkan shoirning qanoti ostida, kundalik ijod va hayot darsida boʻlishi, onasi va opalarining mehrini bera oladigan ayollarning himmatidan doimo bahramand yurish talabaning qalbini quvvatlantirib turadi.
Bolalar matbuotida ishlashning gashti oʻzgacha, yozayotgan ijodiy ishlaringizda ham samimiylik, soddalik nafasi ufurib turishi kerak. Bir qarashda bolalar uchun yozish osondek tuyuladi, aslida bu juda murakkab. Qishloqdan katta dovonlarni zabt etish uchun kelgan yigitning ichidagi olovi ham gurullab turadi. Inson ruhini taftish qilish, anglash, katta sheʼriyatning yukini koʻtarish uchun chiranib, satrlarga gʻam-anduhning kulini purkab yurgan shoirni bolalar uchun ijod qilishga undagan ham tahririyatdagi samimiy muhit va bolalar nashrining oʻzigagina xos boʻlgan ohanrabosidir.
“Gulxan” jurnali tahririyati ana shunday katta maktab! Bugun bosma nashrlarning hayotimizdagi oʻrni torayib, eʼtibor susayib borayotgan davrda “Gulxan” bilan bogʻliq xotiralarni jonlantirish ham maroqli, ham sogʻinchli... Oʻzim uchun bir narsani tobora anglab yetyapman: bugun axborot-kommunikatsiya vositalari qanchalik rivojlanib borayotgan boʻlmasin, farzandlarimiz hayoti, ularning buguni va kelajagi uchun bolalar matbuotiga, “Gulxan”ga, uning tafti va nuriga ehtiyoj sezaveramiz.
Faxriddin HAYIT,
“Yoshlik” jurnali bosh muharriri,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi