“GULXAN” – xalqning jurnali
60-yillar boʻlsa kerak, jurnalda “Baxtli bolalik” nomli foto-suratlar tanlovi eʼlon qilindi. Oʻsha vaqtlarda men oddiy qishloq bolasi surat olishga juda ishqiboz edim. Maktabda tashkil qilingan suratkashlik toʻgaragiga qatnardim. Dadam Toshkentga borib, “Smena” fotoapparatini olib kelganlar. Men bolalarni kuzatib yurib, oʻzimga yoqqan holatlarni suratga tushirdim-da, “Gulxan” tanloviga yubordim. Koʻp oʻtmay ulardan biri – kichkina mashinachani boshqarayotgan bolakay surati eʼlon qilindi. Quvonarlisi, men tanlovda gʻolib boʻldim. Shu tariqa jurnal muallifi va ishqiboziga aylandim. Menga qiziqib maktabimizdagi juda koʻp oʻquvchilar jurnalga obuna boʻlishdi. Undan ilhomlangan qalbim hayotimni jurnalistika deb atalmish ulkan bir ijod ummoniga boshlab kirdi. Jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirishimda oʻsha tanlovda gʻolib boʻlganim juda qoʻl keldi.
“Gulxan” – xalqning jurnali. U bir necha avlodni tarbiyalagan, desam xato qilmagan boʻlaman. Bu nashrni otalarimiz oʻqigan, biz oshno boʻlganmiz. Farzandlarimiz, endilikda nabiralarimiz qiziqib oʻqimoqda, maʼnaviy saboq olmoqda. Men katta matbuotning hamma bosqichlarida – bosh muharrirlikkacha boʻlgan ijod maktabini oʻtadim. Koʻpgina nashriyotlarni boshqardim. Bunday yuksak ijod maktabini oʻtashda ilk qadamni qoʻyishga imkon bergani uchun “Gulxan”dan bir umr mamnunman. Uning ismi jismiga monand maʼnaviy “olovi” bundan keyin ham avlodlar qalbini isitaversin.
Jabbor RAZZOQOV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist