Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Orzuga chorlovchi mayoq

Ijodkor oʻz yoʻlini tanlashida kimdir, nimadir sabab boʻlar ekan. Bolalik paytlarimda rassom boʻlish orzusida “Gulxan” jurnaliga rasmlar yuborar edim. Oʻsha paytlarda “Gulxan” jurnalini oilamiz davrasida sevib mutolaa qilar edik. 1978-yil fevral sonida men chizgan 4 ta rasm afsonaviy musavvir Chingiz Axmarovning oq yoʻli bilan muqovaning uchinchi sahifasida chop etildi. Bu yosh iqtidor uchun beqiyos voqea edi. Ana shu ragʻbat taqdirimni oʻzgartirdi. Oʻzimga ishonchimni oshirdi, rassomlik olamiga olib kirdi. Talabalik yillarimda (1979–1985) jurnalga illyustratsiyalar ishlab, faol ijod olamiga kirib bordim.

Oʻsha paytlarda adabiyotimiz dargʻalari, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Abdulla Oripov, Oydin Hojiyeva, Muhabbat Hamidova, Temur Ubaydullo, Safar Barno singari betakror jurnal fidoyilari bilan yaqindan tanishdim. Menga ular ilk bora asarlarimni jurnalda chop etish imkonini berishdi. Shu yillarda ustozim Mirvosil Odilov menga otalarcha gʻamxoʻrlik qilib, sanʼat asarlariga illyustratsiyalar chizishni oʻrgatdilar.

“Gulxan” jurnali men uchun nafaqat ijod, balki hayot maktabi ham boʻlgan. Qalam haqi bilan moddiy jihatdan qoʻllab turgan. Juda boy talaba boʻlganman. Jurnaldan kelgan qalam haqini talabalar bilan baham koʻrar edim. “Gulxan” jurnali orqali juda koʻp yozuvchi, shoir, rassomlar bilan tanishganman. Jurnal oʻquvchilarni ilk orzulariga qanot boʻlgan katta dargoh. “Gulxan” bugun ham hammamizning eng sevimli jurnalimizdir. Uni qoʻlga olganimizda bolaligimizni eslaymiz, yoshlar bilan muloqotga kirishamiz. Men hech oʻchmaydigan yorugʻ olovi minglab isteʼdodlar yoʻlini yoritayotgan “Gulxan” jurnalidan minnatdorman. Oʻzining 90 yillik faoliyati davomida millionlab oʻquvchilarga katta hayotga kirib kelishlarida chin doʻst, yoʻlchiroq boʻlib kelayotgan “Gulxan” jurnalini qutlugʻ yoshi bilan tabriklayman.

Jurnalning bolajon ijodiy xodimlariga xayrli ishlarida zafarlar tilayman. Yoshlarimiz qalbiga ezgulik nurlarini sochayotgan sevimli jurnalimiz nomi yuksalaversin.

Ortiqali Qozoqov,

Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.