“GULXAN” oʻqib olim boʻlganman
Asli kasbim oʻqituvchilik boʻlsa-da, jurnalistika – mening quvonchim, 50 yildan buyon yozaman va bundan faxrlanaman.
Oʻquvchilik yillarimdan buyon “Gulxan” mening eng sevimli jurnalim hisoblanadi. Esimda, 5-sinfda butun sinfimiz “Gulxan”ga toʻliq obuna boʻlganmiz. Bu qoida maktabni bitirgunimizcha davom etgan. U paytlar jurnal oq-qora rangda nashr qilinar edi. Men oʻzbek va jahon adiblarining tabiat haqidagi turli hikoyalarini qiziqib oʻqirdim va ularning ayrimlarini soʻzma-soʻz yodlab olib, sinfdoshlarimga aytib berardim. Keyinchalik ijodimning asosiy mavzusi tabiat boʻlib qoldi. Tabiat haqida yozish oson emas. Uning butun murakkabliklarini aks ettirish uchun togʻ-oʻrmonlarda kezmoq, shudringli oʻtloqlar-u qoʻngʻirtob qoyalarda tong ottirmoq, tunlari goʻyo pastlab qolganday tuyulgan yulduzlarga boqmoq kerak boʻladi. Togʻdagi har bir buloq suvining taʼmini boshqalaridan farqlashingiz, har bir giyohning hidini alohida his etishingiz talab etiladi. Shunda ona tabiat sizga oʻzining sir-asrorlarga yoʻgʻrilgan quchogʻini baralla ochadi.
“Gulxan” jurnali tahririyati bilan 2014-yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqdaman. Shu yillar mobaynida oʻndan ortiq hikoya va esselarim jurnal sahifalarida eʼlon qilindi.
“Oʻlanbuloq”, “Saroytosh”, “Qoplondara” hikoyalarini yozayapman. Vaqti-soati bilan bu qiziqarli hikoyalar ham yosh jurnalxonlar hukmiga havola qilinadi. Oʻylaymanki, ungacha jurnal adadi yuz mingdan oshib ketadi.
Ochil TOSHQULOV,
Antik dunyo xalqaro ilmiy akademiyasining professori,
Surxondaryo viloyati Boysun tumani