Tuganmas buloq
Mening bolaligim Surxondaryo vohasining togʻli Vahshivor qishlogʻida oʻtgan. Agar adashmasam, oʻshanda 5-6-sinflarda oʻqir edim. Bir kun otam xursand boʻlib kirib keldi. “Gulxan” jurnalida mening sheʼrlarim chiqibdi. Butun shahar-u qishloqlarga ovoza boʻlibdi. Kelgusida men zoʻr shoira boʻlarkanman. Bu gapni otamga qoʻshni qishloqdagi muallim aytibdi. Bu gap meni juda hayajonga soldi. Maktabga borsam u yerda ham shu gap. Quvonchdan osmonlarga uchdim. Jurnalni kutubxonadan olib uydagilarga, qarindoshlarga koʻrsatdim. Shundan keyin ijodimga jiddiy qaray boshladim. “Gulxan” bosh muharriri, sevimli shoiram Oydin Hojiyevaning dalda va oʻgitlari qalbimga juda katta quvvat boʻldi. Ketma-ket boshqa gazeta-jurnallarda ham sheʼrlarim chop etila boshladi. Oʻshanda muxlislarimdan besh mingdan ortiq maktub oldim. “Gulxan” jurnali mening hayotiy maqsadlarimni, adabiy taqdirimni belgilab berdi. Yuzlab doʻstlar orttirdim. Oʻzimga oʻxshagan yosh ijodkorlarning mashqlari bilan tanishdim, tajriba almashdim. Gulnoza Ernazarova, Nodira Baratova, Nargiz Dovurboyeva, Asadulla Joʻrayev, Lola Soipova, Dilfuza Qoʻziyeva... bugun ularning koʻpchiligi taniqli jurnalist, adib va rassom boʻlib yetishdilar. Qisqasi, “Gulxan” jurnali boʻlgʻusi ijod ahli uchun beshik, ulkan buloq vazifasini oʻtayapti. Men bir umr ushbu jurnal va uning jamoasidan meni kashf etganlari uchun minnatdorman.
Gulandom TOGʻAYEVA,
filologiya fanlari nomzodi,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi