Hayot maktabi boʻldi
“Gulxan” jurnaliga ishga kelganimda Shuhrat domla bilan ilk marta koʻrishdim. Rahim Bekniyozning “Momiqjon” qissasi eʼlon qilinayotgandi. Masʼul kotib rahmatli Narimon Orifjonov:
– Shuhrat domlaga oʻqitib kel, – dedi. Shuhrat aka oʻshanda tahrir hayʼati aʼzosi edilar.
Eshik qoʻngʻirogʻini bosdim. Xiyol oʻtmay, eshik ochilib, nuroniy bir chehra namoyon boʻldi.
– Keling, oʻgʻlim.
Men qissani uzatdim.
– Yaxshi, – dedilar Shuhrat aka, – uch kundan keyin keling. Oʻqib chiqaman.
Uch kundan keyin borib olib keldim. Varaqlasam, tahririmning baʼzi joylari qayta koʻrilgan, oʻchirganlarim tiklangan ekan. Biron hafta oʻtgach, Shuhrat domlaning oʻzlari kelib qoldilar.
– Tahrirning koʻp joyiga qoʻl urdim. Xafa boʻlma, – dedilar domla sensirab. – Asarni tahrir qilish – uni hafsala bilan boʻyash emas. Yozuvchining uslubi, fikri, maqsadi bor. Bular bilan hisoblashmasdan boʻlmaydi.
Men nima deyishimni bilmasdim. Suhbatlashgim kelardi.
– “Sening sevging” degan kitobingizni oʻqiganman, – dedim oxiri.
– Qʼalay, yoqdimi?
– Zoʻr! – dedim hayajon bilan, – sheʼrlaringizni yod bilaman.
Shuhrat aka bir zum menga nigoh qadadilar.
– Senga yoqqan boʻlsa, men juda xursandman.
– Nega sochlaringiz oq? Hali yosh boʻlsangiz kerak?! – deb yubordim bexosdan.
– Ha, endi, umr degani qayergadir muhr bosadi. Umrimning muhri sochimga tushdi. Aytgancha, “Shinelli yillar” romanini oʻqiganmisan?
– Oʻqiganman.
– Boʻlmasa, yana bir bor oʻqib chiq.
Shuhrat aka xayrlashib chiqib ketdilar. Narimon aka uni kuzatib qaytgach, menga taʼna aralash dedi:
– Bunaqa tomdan tarasha tushgandek savol berma. Katta odam. Urush koʻrgan. Koʻngli ogʻrib qolishi mumkin.
– Ogʻzimdan chiqib ketibdi, bilmay qoldim, – dedim gunohkorona.
Shuhrat akaning tarjimai holi bilan shundan keyin yaxshilab tanishdim.
“Gulxan”dagi davrim menga nafaqat ijod, hayot maktabi ham boʻldi.
Temur UBAYDULLO,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist