Oltin beshik
“Gulxan”ni barcha oʻzbek ijodkorlarining oltin beshigi desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Olis-yaqin shahar-qishloqlardagi havasmand oʻquvchilarning ilk mashqlari birinchi boʻlib shu jurnalda dunyo yuzini koʻrgan. Shu jumladan mening ham birinchi mashqim 1981-yilda chop etilgan, ostiga “Fargʻona viloyati Rishton tumanidagi 32-maktabning 8-”A” sinf oʻquvchisi Isajon Sultonov” deb yozib qoʻyilgani olamjahon umid baxsh etgan.
U hikoyamni oʻzim topolmay yurgan edim. “Gulxan”chilar jurnal toʻplamidan nusxa koʻchirib menga joʻnatishdi. Olis bolaligim bilan yuzlashtirgani uchun jurnal jamoasiga katta rahmat.
Fargʻonaning kichik bir qishlogʻidagi bolakayga Toshkentdan Temur Ubaydullo, Muhabbat Hamidova, Nodira Abdullayeva imzosi bilan maktublar kelardi. Gʻamxoʻrlik, mehribonlik sezilib turgan bunday xatlar men kabi son-sanoqsiz havasmandlarga kuniga oʻnlab-yuzlab yozilganini hozir yaxshi tushunaman. Shuningdek, ismlari bolalik onlarimdan xotiramga muhrlangan u siymolar qanchalar zahmatli yumushni bajarishganini, yaʼni qoʻlda, husnixatda yozilgan minglab mashqlarni koʻz nurini sarflab, bittalab oʻqib, orasidan chop etsa boʻladiganlarini tanlab, tahrir qilishganini, umid bilan koʻz tikib turgan bolakaylarga “ukam”, “singlim” deya avaylab, maktublar yozishganini yaxshi tushunaman.
Ilk hikoyam chop etilganida jurnalga sevimli yozuvchimiz Xudoyberdi Toʻxtaboyev bosh boʻlgan ekanlar. Maktabni bitirib, Toshkentga oʻqishga kelganimda esa Xudoyberdi aka “Sharq yulduzi” jurnaliga ishga oʻtib, “Gulxan”ga oʻsha mahallarda navqiron yoshdagi Abdulla Oripov bosh muharrir boʻlib kelgan ekan. “Matbuot uyi”ning uchinchi qavatidagi kichkina xonasida xalqimizning ulugʻ shoiri bilan koʻrishish sharafiga muyassar boʻlganimni, u zot qarshisidagi oʻn yetti yashar gʻoʻr bolakayga marhamat koʻrsatib, paxta gulli choynakdan choy quyib uzatganini-yu men ichishga iymanib, piyolani qoʻlimda tutib turaverganimni eslayman. Abdulla Oripov men oʻqishga kirmoqchi boʻlgan Toshkent Davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) jurnalistika fakulteti dekani Anvar Shomaqsudovga tavsiyanoma yozib berganini hozir ham faxr bilan yodga olaman.
Beshik deb bejiz aytmadim. Qanchadan-qancha yosh adiblar shu “Gulxan”da uchqunlanib, hayot yoʻllarida davom etishdi. Beshik esa har doim ham begʻubor onlarning ajoyib timsoli boʻlib qolaveradi. Qutlugʻ yoshing muborak boʻlsin, adabiyotimizning oltin beshigi!
Isajon SULTONOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi