Bahorim, xush kelibsan
Quchog‘ini gul-u chechaklarga to‘ldirib Navro‘zi olam kirib keldi. Tabiat qisqa fursatda o‘zining sokin, o‘ychan libosini o‘zgartirib, turfa ranglarga burkandi.
Bahorning ilk kunlarida hovlimizdan ko‘chaga chiqqim kelmay qoladi. Chunki bahor kelishi bilan erta ochiladigan binafsha, chuchmoma, nargis kabi ko‘p yillik gullarim ifori butun hovlini tutib ketadi. Ularga izma-iz lola, nastarin, gulsafsarlar ochiladi. O‘rik, gilos, olcha, qarag‘at gullaydi. Nastarin gulining ajoyib rangi va shoxlariga qarab to‘ymayman. Garchi ular har yili birdek yashnab ko‘ngillarga zavq ulashsa-da, xuddi endi birinchi marta ko‘rayotgandek suqlanib, zavqlanib termulaman, gullardan nari ketgim kelmaydi. Hovlidan arang uzilib ko‘chaga chiqaman. Ariq bo‘yidagi qator olchalar ham oppoq bo‘lib gullagan. Yaratganga shukrona aytib, chuqur-chuqur nafas olaman. Gullar ifori butun vujudimga singib ketadi, huzur qilaman. Avtobusga chiqib tahririyatga ishga kelar ekanman, yo‘l-yo‘lakay ko‘chalar, xiyobonlardagi tabiiy o‘t-o‘lanlarning bahoriy o‘zgarishlarini ko‘rib yana quvonaman. Ko‘chalarda obodonlashtirish xizmatchilari shakl berib ekkan gullar, archalar, barcha dov-daraxtlarning husniga boqaman. Ular menga ilhom beradi. Yuragimga to‘kilgan she’riy misralar quyilib-quyilib kelaveradi.
Bahor keldi nozlanib,
Quyoshdan jilolanib.
Atlasdayin libosi
Egnida yal-yal yonib.
Ko‘zni qamashtirdi u,
Dillarni yashnatdi u.
Sog‘ingan ko‘ngillarga
Bor bisotin sochdi u.
Buncha go‘zal bo‘lmasa,
To‘lib-toshib kelmasa,
Har g‘uncha, har yaproqning
Lablarida kulmasa.
Qadamlaring qut bo‘lsin,
Yozgan seping but bo‘lsin,
Bodroqdek gullab bergan
Butoqda hayot unsin.
Gul iforin simirib,
Husniga to‘yib-to‘yib,
Guldastalar tutaman
Yaqinlarga sevinib.
Bag‘ringga enkib ketay,
Yomg‘irdek singib ketay,
Shamoldek har giyohning
So‘ziga quloq tutay.
Qoshimizga yelibsan,
Guldastalar ilibsan.
Fasllar erka qizi
Bahorim, xush kelibsan!
Aziz jurnalxonlar, muhtaram yurtdoshlar! Navro‘z bayrami barchangizga muborak bo‘lsin! Uyg‘onish va yangilanish fasli xonadonlarimizga fayz-baraka olib kirsin. Yurtimiz tinch, hayotimiz farovon bo‘lsin. Bayram shodiyonalari har bir ko‘ngilga mehr-oqibat va ezgulik tuyg‘ularini ulashaversin!
Z.Hasanova