Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Oltin medallilar

Siz O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya ijodini yaxshi bilasiz. Uning bir-biridan haroratli, dilbar she’rlarini sevib o‘qigansiz. Qalbingizda ezgulik, go‘zallikka muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otgan otashnafas she’rlar muallifi hayotda qanday inson bo‘lganligini bilishni har biringiz istaysiz, albatta. Unday bo‘lsa uzoq yillar “Saodat” jurnalida Zulfiya opa bilan yelkama-yelka mehnat qilgan, ustozning har bir harakatidan bir ibrat olgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Erkin MALIKning “Bir kuni Zulfiya opa...” kitobini o‘qing. Barcha savollaringizga javob topasiz.

Quyida shu kitobdan olingan bir lavhani e’tiboringizga havola etamiz.

 

Katta qizim Dilfuza oltin medal bilan o‘rta maktabni tamomlab, O‘rta Osiyo pediatriya tibbiyot instituti (hozirgi TDPTI)ga hujjat topshirdi. Ammo o‘qishga kirishiga yarim ball yetmay qoldi. Buni eshitib Opa: “Bor-yo‘g‘i yarim balmi”, dedilar-da, darrov Andijon tibbiyot instituti rektoriga telefon qildilar. Rektorni yaxshi tanirkanlar. U yerda kirish bali pastroq bo‘pti. Kelsin, olamiz, faqat hujjatlarini ertaga tushgacha yetkazsin, degan javob bo‘ldi. Opa “Nima deysiz”, degandek menga qaradilar. Men xursand bo‘lganimdan, yarim qarindoshimiz Andijonda yashashini, ammo hujjatni yetkazib berolmasligimni aytdim. Chunki kun kech bo‘lib qolgan, ertaga hujjatlarni olish ham kamida peshingacha cho‘zilishi tayin edi. Opa xiyol o‘ylanib turdilar-da, yana bir joyga qo‘ng‘iroq qildilar. U tomondan go‘shakni ko‘tarishdi shekilli:

– Menga Nabi Majidovichni ulang, qizim, – deb o‘zlarini tanishtirdilar.

Nabi Majidovich Pediatriya institutining rektori edi. Ular quyuq salom-alik qilishdi. Ichimda chiroq yondi. Agarda hozir borib hujjatni olsam, kechqurun poyezdga o‘tirsam, ertalab yetkazib boraman, deb o‘yladim. Opa nima demoqchi ekanliklarini odatlariga ko‘ra tez-tez aytdilar. Opa, telefonda uzoq gaplashishni yoqtirmasdilar. Nabi Majidovich tomonidan qandaydir javob bo‘ldi shekilli, Opa birdan jiddiy tortdilar.

– Ha, shunday deng, bari qizlar deng, bo‘pti, bo‘pti, birgalikda harakat qilamiz unda, bir joydan yorib chiqarmiz, axir... nima dedingiz, ha... Siz tavsiyangizni berovring, xo‘p... kelishdik, – dedilar.

Ma’lum bo‘lishicha, oltin medal olib, o‘qishga kira olmagan bitta mening qizim emas ekan, ularning soni yigirmatadan osharkan. Hammasiga ham shu yarim ball, bir ball yetmay qopti. Opa xotin-qizlar jurnali “Saodat” nomidan qizlarni himoya qilsalar, bitta qo‘shimcha guruh ochilishi mumkin bo‘larkan. Hamma gap vazirlikni ko‘ndirishda qolibdi. Opaning bu ishni uddalashga ko‘zlari yetdi shekilli, Andijonga qo‘ng‘iroq qilib, hujjatni kutmaslikni aytib qo‘ydilar. Opa, birovni ilhaq qilishdan yomoni yo‘q, derdilar va bunga o‘zlari qattiq amal qilardilar. Biron joyga kitobxonlar bilan uchrashuvga boradigan bo‘lib (ularning ro‘yxati menda turardi), borolmay qolsalar, albatta, o‘zlari qo‘ng‘iroq qilib, uzrlarini aytar, o‘rnilariga taniqli shoi­ralardan birini jo‘natardilar.

Shunday qilib, men yigirmanchi avgustdan o‘ttizinchi avgustga qadar, deyarli o‘n kun igna ustida yurgandek bo‘ldim. Opa shu kunlar davomida yangi guruh uchun kerakli tashkilotlar bilan “jang” olib bordilar. Ular shu yil o‘qishga kirmasalar, yanagi yilgacha erga tegib ketishadi. Oltin medallar sandiqning bir chekkasida qolib ketadi... Esiz, talantlar, esiz o‘n yillik mehnat, esiz orzu-umidlar! Mana Opaning tashvishi nima edi. Keyin, bu institutning tashkil etilganiga ko‘p bo‘lmagan, respublikamizda bo­lalar shifokorlari yetish­masligi ha­qida tahririyatga ko‘p­lab shikoyat xatlari kelardi. Bolajon yurtimiz uchun bu juda tashvishli holat edi. Bolalar o‘limi ko‘p edi. Yuqori tashkilotlarga murojaat qil­ganlarida Opa o‘sha xatlardan foy­dalandilar. Nihoyat, o‘ttizinchi av­gust kuni yangi guruh ochilgani ha­qida vazirlikning qarori chiqdi. Opa tanimagan, bilmagan yigirmata xona­donda to‘y bo‘lgani aniq. Yigirmata yosh, yigirmata taqdir! Ular bu xayrli ishning orqasida kimlar turganini bilmasdilar ham. O‘shanda Opa katta ishonch va umid bilan:

– Hali bu qizlar o‘z sohasining shunday mutaxassislari bo‘lsinki... – deganlari hamon qulog‘imda jaranglab turadi.

Chindan ham shunday bo‘ldi. Ko‘pchiligi o‘z sohasining yetuk kishilari, olimalari bo‘­lishdi. Shu jumladan, mening qizim Dilfuza ham tibbiyot fanlari nomzodi, chaqaloqlar bo‘yicha yetuk mutaxassis...

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.