Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Issiq nondek tuyg‘ular

Tilak natijasi yaxshi niyatda, deyishadi. Bundan bir necha yil muqaddam o‘quvchilarim orasida Parizoda tortinibgina she’r yozishga ishtiyoqi borligini bildirdi. Avvaliga mashqlariga nisbatan ancha qattiqqo‘llik qildim. Orada biroz arazlab ham oldi. Tanqidiy fikrlar faqat uning foydasi uchun xizmat qilishini tushungach, maslahatlarimga astoydil quloq tutdi. So‘ng uni tahririyatlar, matbuot uylari, ijod qaynagan go‘shalar tomon yetakladim. Uning “Ustozlar, omon bo‘ling!” nomli ilk she’ri viloyatning “Zukkolar davrasida” jurnalida e’lon qilindi. Ko‘p o‘tmay uning “Tong taronasi” va “Qalbim sozi” she’riy to‘plamlarini nashrdan chiqardik.

O‘tgan yilgi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovining respublika bosqichida Parizoda Ro‘ziboyeva tanlov hay’atining maqtovlariga sazovor bo‘lgan edi. Bu yil esa ijodkor qizimizning intilishi va iste’dodi e’tirof etilib, Zulfiyaxonim izdoshi degan sharafli nomga loyiq ko‘rildi. Mukofotni shaxsan Yurtboshimiz qo‘llaridan qabul qilib olishi nafaqat maktabimiz jamoasini, tahsil bergan ustozlarini, balki barcha qishloqdoshlari qalbini ham g‘urur va iftixorga to‘ldirdi.

Bugun pedagogik faoliyatimga 36 yil to‘lgan bo‘lsa-da, ilk kunlardagidek hayajondaman. Kenja shogirdimning yutuqlaridan yuragim qalqiydi. Yana ko‘zlarida vatan ishqi chaqnab turgan millatimizning yuzlab gavharlari yetishib chiqishidan umidvorman.

Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan zukko, qobiliyatli, iste’dodli qizlarni tarbiyalashda beminnat hissalarini qo‘shayotgan men kabi ustozlarga yutuq muborak bo‘lsin, deyman!

 

Oqiljon MAVLONOV,

Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani

16-maktab o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.