Moziyga qaytib
Moziyga qaytib ish koʻrish xayrli, deydilar. Boshlanayotgan Yangi yilda “Gulxan”ning tabarruk 90 yoshini nishonlar ekanmiz, jurnalimiz tarixiga, u bosib oʻtgan yoʻlga imkon qadar nazar tashladik. Maqsadimiz, jurnalxonlar safiga qoʻshilgan yangi muxlislarimizga “Gulxan” haqida kengroq maʼlumot berish. Uning uzoq yillik toʻplamlarini varaqlab, turli yillarda eʼlon qilingan eng yaxshi maqola, hikoya, lavhalari bilan bugungi jurnalxonlarimizni tanishtirishga qaror qildik. Zero, bu mavzular hali ham oʻz qadrini yoʻqotmagan.
Darhaqiqat, “Gulxan” deyarli bir asrdan buyon millatning kelajagiga, yosh avlod maʼnaviyatiga ulkan hissa qoʻshib kelmoqda. U hamisha muxlislar xizmatida. Yuzlab yosh ijodkorlarni tarbiyalab, katta yoʻlga kuzatishda davom etyapti. Jurnallarni varaqlab shunga amin boʻldimki, bu nashrda hamisha fidoyi qalamkashlar, isteʼdodli rassom va dizaynerlar xizmat qilgan ekan. Jurnal arxividagi fotosuratlarga muhrlangan lavhalar esa 90 yillik tarix haqida hikoya qiladi. Hozirda elimizga tanilgan shoir, yozuvchi va rassomlarning oʻquvchilik yillarida yozgan sheʼr va hikoyalari, chizgan rasmlarini izlab topib, sahifaga qoʻyish uchun jurnalimiz jamoasi astoydil mehnat qildi. Zero, ular bilan tanishgan havaskor albatta ibrat oladi, oʻziga ishonchi ortadi. Qalamni mahkamroq tutadi. Chunki, yuksalish yoʻlida “Gulxan” unga yelkadosh ekanligini his qiladi.
2019-yil 19-mart kuni mamlakatimiz rahbari yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, yosh avlodni adabiyot, madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha beshta muhim tashabbusni ilgari surdilar. Men shuni aniq ayta olamanki, bugun “Gulxan” tahririyatida amalga oshirilayotgan ishlar, jurnalning barcha sonlari ana shu besh tashabbusning toʻrtta bandiga ayni javob boʻladi.
Hozirda jamiyat rivojini internetsiz tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, matbuotda bu juda muhim. Bu borada jamoamizning barcha aʼzolari faol ish yuritmoqda. Eng avvalo, jurnalning veb sahifasi – gulxan.uz sayti faollashdi. Facebook ijtimoiy tarmogʻida tashkil etilgan “Gulxan” jurnali sahifasi qisqa muddatda koʻplab doʻstlar orttirdi. Ayni vaqtda ularning soni 5000 taga yaqinlashib qoldi. Sahifaga aʼzo boʻlish istagini bildirayotgan mushtariylarimiz sanogʻi esa kundan kun oshib bormoqda. Jurnalning elektron manzili ham muntazam ishlab turibdi.
Biz oʻquvchilarning qiziqishlariga qarab oʻtgan yili eʼlon qilingan “Yosh jurnalist” tanlovini 2020-yilda ham davom ettirishga qaror qildik. Aziz oʻquvchilar, shoshiling, tanlov gʻoliblarini ajoyib sovgʻalar kutmoqda.
Qadrli jurnalxonlar, “Gulxan”ning qoʻlingizdagi sonini ota-onalaringiz, buvi-bobolaringiz bilan birgalikda oʻqishni maslahat beramiz. Negaki, oila aʼzolaringiz jurnal sahifalari orqali oʻz bolaliklariga qaytishadi, oʻquvchilik yillarini eslashadi. Taniqli shoir va yozuvchilarning suratlarini koʻrib ular ijodidan yodlagan sheʼrlari yoki oʻqigan hikoyalarini esga olishadi. Xayolan maktab davriga qaytib, “Gulxan” bilan bogʻliq xotiralarini sizga soʻzlab berishsa, ajab emas. Bu jurnal ular uchun kutilmagan sovgʻa boʻlishiga ishonaman. Jurnalni maktabga olib borib ustozlaringizga, sinfdoshlaringizga ham albatta, koʻrsating. Aniq bilaman, “Gulxan”ni koʻrgan sinfdoshlaringiz unga qiziqib qolishadi va qanday obuna boʻlish haqida sizdan yoʻl-yoʻriq soʻrashadi.
“Gulxan” olovi esa uning 90 yillik muxlislari hamda unib-oʻsib kelayotgan yosh avlod qalbini maʼnaviyat nurlari bilan alangalataveradi.