Obodlik koʻngildan boshlansa
Yurtimiz rahbarining Toshkent viloyati Boʻka tumaniga tashrifidan axborot vositalari orqali xabar topgach, koʻnglimizda tezroq borib shu obod manzillarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrib kelish istagi tugʻildi. Har doimgidek boʻlim boshligʻi, jonkuyar jurnalist opamiz Muhabbat Hamidova bilan Boʻkaga qarab yoʻl oldik.
Shamoldek yelib ketayotgan yengil mashinada borar ekanmiz katta yoʻllarning tekis va silliqligi diqqatimizni tortdi. Odatdagidan koʻra toʻlib-toshib turgan Toshkent dengizining huzurbaxsh mavjlaridan zavqlangan koʻnglimiz Boʻka safariga chiqib toʻgʻri ish qilganimizni tasdiqlardi goʻyo. Bugʻdoyzor va paxtazorlarni ortda qoldirib tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga yetib keldik. Bu yerda bizni Xalq taʼlimi boʻlimi boshligʻining maʼnaviyat ishlari boʻyicha oʻrinbosari Rustam Qoʻshboyev ochiq chehra bilan qarshi oldi. Prezidentimizning beshta muhim tashabbuslari boʻyicha belgilab olingan va amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida soʻzlab berdi.
– Tumandagi barcha maktablarda, “Barkamol avlod” markazi va Bolalar internatida kompyuter texnologiyalari, robototexnika, kibersport boʻyicha toʻgaraklar ochish belgilangan. Ularning ayrimlari ishni boshlab yuborishdi. Bu toʻgaraklarda barcha boʻkalik bolalar va oʻsmirlar ilm-hunar oʻrganadi. Sifatli telekommunikatsiya va yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini yoʻlga qoʻyish uchun zamonaviy stansiyalar ishga tushirildi. Endi tumandagi 49 ta maktab, 14 ta maktabgacha taʼlim muassasasi yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanadi. “Yosh kitobxon” tanlovida faol ishtirok etgan oʻquvchilarni ragʻbatlantirish maqsadida koʻhna Samarqand shahriga sayohat tashkil etdik.
Biz Rustam akadan shu kunlarda mashhur boʻlib ketgan “Boʻston” qishlogʻi haqida qiziqib soʻradik. U kishi “Yuz marta eshitgandan bir marta koʻrgan yaxshi” dedi-yu, bizni qishloqdagi 39-maktab rahbari boshchiligida “Boʻston”ga kuzatib qoldi. Obod qishloqning mahalla fuqarolar yigʻini binosi joylashgan hududga yetib kelganimizda bu yerdagi bunyodkorlikni koʻrib quvonib ketdik. 160 oʻrinli “Boʻston” madaniyat saroyi binosi poytaxtdagi ulkan konsert zallaridek jihozlangan. Binodagi maxsus xonalarda qishloq bolalari uchun musiqa, raqs, vokal toʻgaraklari faoliyat yuritayotgan ekan, mahalla oqsoqoli Abdugʻofir Bekmurodov bizni istirohat bogʻi tomon yetakladi.
– Yurtimiz rahbari baraka topsin, – dedi oqsoqol. – U kishining tashabbuslari bilan qancha xayrli ishlar boʻlmoqda. Mana shu koʻrib turganingiz bogʻ ham necha yillardan beri qarovsiz, tashlandiq ahvolga kelib qolgandi. Qishloq namuna sifatida olindi-yu, hammayoq yashnab ketdi.
Darhaqiqat, “Yoshlar bogʻi” deb nom berilgan istirohat bogʻi eng soʻnggi dizayn boʻyicha obodonlashtirilgan. Mahalla va bogʻ ichidan oqib oʻtgan ariq boʻylariga silliq toshlar bilan bezak berilgan. Bolalar maydonchasiga xilma-xil yangi attraksionlar oʻrnatilgan. Muzqaymoqxoʻr bolalar uchun muzqaymoq qadoqlaydigan soʻnggi rusumdagi uskunalar bilan jihozlangan sex ishga tushibdi. Moʻjazgina muzqaymoq kafesi bolalarga xizmatni boshlab yuboribdi. Nevaralarini yoniga olib bogʻda aylanib yurgan buvijonlar chehrasidan shukronalik hissi yaqqol sezilib turibdi. 90 yoshli Yoʻldosh boboni aytmaysizmi? Salqin joydagi oʻrindiqda Bolalar maydonchasida qiyqirib argʻimchoq uchayotgan evaralarini huzurlanib kuzatyapti. Bogʻ oʻrtasidagi elektron kutubxona atrofi ham bola yetaklagan yosh onalar bilan gavjum. Bu kutubxonaning diqqatga sazovor jihati shundaki, unda muqovasi aks etgan kitoblarning elektron burchagiga telefoningizni yaqinlashtirib, asarni yuklab olishingiz mumkin. Ana sizga moʻjiza!
Xullas, “Boʻston”lik bolalarning yozgi taʼtil kunlari bundan buyon taassurotlarga boy va sermazmun oʻtishiga ishonch hosil qildik.
Tumandagi 27-umumtaʼlim maktabining 3-sinf oʻquvchisi Fazilat Yoqubova bir kunda butun mamlakatimizga mashhur boʻlib ketdi. Qanday qilib deysizmi? Prezidentimiz Boʻka tumaniga kelganlarida bu yerda sanʼatning turli yoʻnalishidagi toʻgaraklarga qatnayotgan oʻgʻil-qizlar bilan ham suhbatlashdilar. Shu kuni Fazilat Yoqubova yigʻilganlarga beshta muhim tashabbusga bagʻishlangan sheʼrini ifodali qilib aytib berdi. Fazilatning iqtidoridan quvonib ketgan davlatimiz rahbari oilada qiziga yaxshi taʼlim-tarbiya, ijodiy muhit va sharoit yaratib bergani uchun Fazilatning otasiga avtomobil sovgʻa qildi. Oʻziga esa uyida “Fazilat” nomli kutubxona ochib berishini aytdi. Yana , Prezidentimiz Boʻka tumanida “Yangi kelajak nihollari” ansambli tashkil etib, uni zarur musiqa asboblari, texnika bilan taʼminlash haqida ham topshiriq berdilar. Toʻgaraklarda xalq artistlari, taniqli sanʼatkorlar mahorat darslarini oʻtishi belgilandi. Sanʼat sirlarini oʻrganayotgan yoshlarga Prezident sovgʻalari topshirildi.
Shu kuni Muhabbat opa bilan tumandagi 3-maktabda tashkil etilgan “Nihol” sogʻlomlashtirish oromgohida miriqib dam olayotgan bolalar davrasida ham boʻldik. Oromgohda oʻgʻil bolalar oʻrtasida oʻtkazilayotgan shaxmat musobaqasining ustidan chiqdik. Atrofiga eʼtibor bermay, butun diqqatini shaxmat taxtasiga qaratgan bolalar kuzatayotganimizni sezmay ham qolishdi. Maktab yoʻlagi boʻylab ichkariga kirib borar ekanmiz, bolalar ijro etayotgan chiroyli bir qoʻshiq qulogʻimizga chalindi.
Havaskor hofizlar ustozlari Umrzoq Choʻliyevdan “Uxlab turdim” qoʻshigʻini oʻrganishayotgan ekan.
– Oromgohimizning birinchi mavsumiga asosan boshlangʻich sinf oʻquvchilarini jalb qilganmiz, – deydi maktab direktori Barno opa Musayeva.
– Mavsum davomida guruhda maktabimiz oʻquvchilaridan tashqari “Mehribonlik uyi”ning 200 nafar tarbiyalanuvchisining ham dam olishi rejalashtirilgan.
Aktyorlikka qiziquvchi bolalar teatr toʻgaragida Oydin Abdumannopovadan mahorat sirlarini oʻrganishmoqda. Eng muhimi toʻgarak aʼzolari “Yosh kitobxon” toʻgaragi bilan hamkorlikda ishlamoqda. Yaʼni bolalar oʻqigan asarlarining oʻzlariga maʼqul boblarini sahnalashtirishmoqda. Jajji aktyorlarning jajji spektakllarini oromgohdagi barcha bolalar miriqib tomosha qilishyapti. Kitob muallifining hayoti va ijodi bilan ham tanishib olishyapti.
Dilnoza Neʼmatullayeva boshchiligidagi yosh raqqosalar, Ismat Kamolovning rassom shogirdlari ham oʻrtoqlarining maroqli hordiq chiqarishlariga hissa qoʻshmoqda.
– Sanjar, suyunchi bering, xushxabar, – deydi oromgoh boshligʻi Zamira Hayitqulova kompyuter toʻgaragi rahbariga, – vaʼda qilingan 15 ta kompyuterni olib kelishdi...
Shu kuni yosh chevarlar ham 2 dona yangi tikuv mashinasiga ega boʻlishdi.
Yozgi dam mehnatga hamdam, deyishadi. Miriqib dam olish bilan birga kitobga oshno boʻlayotgan, hayotda asqotadigan hunarlarni ham oʻrganib olayotgan boʻkalik bolalar yangi oʻquv yilida eng faol, eng aʼlochi oʻquvchilarga aylanishiga ishonamiz. Boʻkalik oʻquvchi va ustozlar bilan suhbatdan maʼlum boʻldiki, Boʻkada bugun davom etayotgan obodonlik nafaqat qishloq guzarlardan balki odamlar koʻnglidan boshlangan ekan.
Obodlik koʻngildan boshlangan joyda esa oʻsish boʻladi. Biz kundan kunga chiroy ochib borayotgan Boʻkadan qalbimizda ana shunday ishonch bilan qaytdik.
Z.HASANOVA