Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Hayotning saodatli lahzalari

Bundan bir necha yil avval “Gulxan” jurnalida yozuvchi Shoyim Boʻtayevning “Narvon” nomli jajji qissasi eʼlon qilindi. Ana shu qissa sabab jurnalxonlarimizdan qarama-qarshi fikrlar bildirilgan, bahs-munozaralarga sabab boʻluvchi koʻplab maktublar olgandik.

Shoyim Boʻtayev ana shunaqa – qanday asar yozmasin, xoh u kichik hikoya boʻlsin, xoh qissa oʻquvchini chuqur oʻylashga, voqelikka atroflicha yondashishga, munosabat bildirishga undaydi. Bir soʻz bilan aytganda, Shoyim Boʻtayev kitobxon ongini uygʻotadigan yozuvchi.

Tavalludining 60 yilligi arafasida yozuvchi bolalik sahifalarini birgalikda varaqladik.

 

– Shoyimjon, ayting-chi, bolaligingizda erkatoy boʻlganmisiz?

– O, judayam! Ota-onaga erkatoy boʻlmagan farzand bormi? Xalqda gap bor-ku, hatto qora qoʻngʻiz ham bolasini oppogʻim, deydi! Bolalikda shoʻxlik qilib koyish eshitsa ham oʻsha koyishda erkalash borligini katta boʻlgach biladi. Negaki, hayot uning boshini ota-ona singari silashga qodir emas. Hayotning shirin munosabatidan, ota-onaning achchiq kaltagi yaxshi. Inson hayotining eng saodatli lahzasi ota-onasi qoshida boʻlib turishidir. Bunday lahzani boshiga baxt qushi qoʻnib, shohlik taxtiga chiqsayam topolmaydi, shuning uchun “Bolaligim – poshsholigim” deyishadi. Erkatoylik haqida bir narsa qoralaganman, menimcha, “Gulxan” oʻquvchilariga ogʻirlik qilmasa kerak.

– Qani, eshitaylik-chi?

– Gʻunchaga aytsam, bol berar – ariga bermay, yigʻib qoʻyar har tongda. Issiq kunda soya sol desam, yomgʻirini yogʻdirmay bulut ortimdan ergashib yuradi. Yerga aytsam, bir meva oʻstirib beradi men uchun – ikki dunyo jannatida topilmas sira. Aytmay turib shunday qarasam, jonini beradi men uchun doʻstim. Togʻ ham har kuni chaqirib, xazina-yu dafinalarini koʻrsatgisi keladi, zumrad-u zabarjad solib qoʻynimga iyitgisi keladi meni oʻziga – allaqanday yaltiroq toshlar deb togʻning ham oldiga borgim kelmas hech. Axir men onamning kiprigi soyasida oʻsgan shunday erkatoymanki – shunga deb tilimni ovora qilgim kelmaydi. Quralayim, gavharim deya tantiqlangan gulman axir – nigohim koʻtarib qaray olmayman, asragim keladi koʻzimni. Asragim keladi faqat...aytmasdan dilimni tushunsa, daryoday toʻlgʻonsam, qirgʻoqday toʻshalsa oʻshanda aytardim, aytarim – Soʻzimni.

– Ajoyib, ona tabiatga qilingan erkalikni nasriy nazmda ifodalabsiz. Erkaliklaringizni kiprik qoqmay bajargan, yana bir ulugʻ zot – onangizning sizni hayratga solgan fazilatlari?

– Qay birini aytay? Ustimdan koʻrpa sirgʻanib ketsa, uni yopib qoʻyishlarinimi, oyogʻimga tikan kirsa kiprigida olguday zirillashlarinimi, hovlimizdan koʻrinib turgan Turkiston tizma togʻiga yuzimni qaratib oq surpdan tikib bergan yaktakni egnimga kiydirayotib “mening umrim togʻdek, yaktagim umri qordek boʻlsin”, deb ayt deb oʻrgatishlarinimi, kitob uchun tikib bergan latta sumkaga non solib berishlarinimi. ...Aytib tugatib boʻlmaydi. Shu oʻrinda bir voqea esimga tushdi.

– Qanday voqea?

– Bundan taxminan 20 yil muqaddam ayni yoz chillasida bolalarning sevimli yozuvchisi, ustozim Xudoyberdi Toʻxtaboyev bilan qishlogʻimga bordik. Xudoyberdi aka bir-ikki kun ichida qishloqdoshlarim bilan qadrdonlashib ketdi. Bir payt kattalar bolalikda oʻqigan kitoblari borasida bahsga kirishib ketishdi. Yoshlar otalari televizorda koʻrgan yozuvchi bilan nima haqida bunchalik qizishib tortishayotganiga aqllari yetmasdan angrayib qolgandi. Boyaqishlarning esini taniganidan buyon miyasida pul topishdan oʻzga xayol yoʻqligini payqab qolgan Xudoyberdi aka otalarga, bolalaringizni ham oʻzingiz kabi kitobxon qiling-da, deb tanbeh berganda ular oʻzbekcha kitoblar kelmayotganini bahona qilishdi. Qaytayotganimizda hamqishloqlari bilan bizni kuzatgani chiqqan rahmatli onam darvoza ogʻzida ustoz bilan keng kovul koʻylak yengi ostidan qoʻl berib xayrlashdi. Meni esa peshonamdan, yuzlarimdan qayta-qayta oʻpar, aslo qoʻyvorgilari kelmasdi. Mashina katta yoʻlga chiqqach, Xudoyberdi aka choʻntaklaridan dastroʻmol chiqarib koʻz yoshlarini artdilar-da, haydovchidan toʻxtashni iltimos qildilar. Mashina toʻxtagach baralla yigʻlab yubordilar. Ancha fursat oʻtgach, qir uchida yolgʻiz turgan onamga ishora qilib, onam esimga tushib ketdi, dedilar. Bugun shu voqeani yozayotib men ham yigʻladim. Ustozning oʻshandagi holatlarini men endi his etdim. Juda yomon boʻlgan ekan. Onalarimizdan Alloh rozi boʻlsin.

– Mana bugun 60 yoshga toʻldingiz. Jurnal oʻquvchilari nomidan chin qalbimizdan tabriklaymiz. Eslaysizmi, birinchi marta tugʻilgan kuningizni qachon, qanday nishonlagansiz?

– Men oʻzimning tugʻilgan kunimga uncha eʼtibor beradigan odam emasman. Ajoyib-a? Taqvim boʻlmagan zamonlarda odamlar qanday yashashgan ekan? Ular tugʻilgan kunlarini eslay olishmagan boʻlsa kerak. Bolalik paytimizda qishloqda tugʻilgan kun degan narsalar yoʻq edi, keyin talabaligimda tabriklashganda gʻalati boʻlganman. Qirq yoshimda esa, oʻzimga-oʻzim ishonmay, e-ha, qirqqa kirib qoʻyibman-ku, degan oʻyda shu yoshga lallaygancha borib qolganim uchun oʻkinganman.

– Hozir-chi?

– Hozir unday emas, lallaysam ham qalbim bir nimalardan toshib ketsa yosh boladek quvonaman, hayotning nashʼasi shu boʻlsa kerak, deb oʻylayman.

– Maktabga borgan kuningizning ilk taassuroti qanday boʻlgan?

– Maktabga yoshim yetmay shoshib borib qolganimni eslayman. Oʻzimdan katta bolalarning orasida bir-ikki kun oʻtirganim yodimda bor. Keyin aldab-suldab chiqarib yuborishgani juda alam qilgan. Menga “Alifbe” kitobi sehrli koʻrinardi. Bugungacha ham hech qaysi kitob unchalik sehrli koʻrinmagan. Ehtimol, hozirga qadar oʻz “Alifbe”mni qidirib yurgan boʻlsam kerak.

– Oʻquvchilik davringizdan qolgan xush va noxush voqealar.

– Xush hodisalar koʻp, aybi bor bolalarni koʻmirxonaga qamab qoʻyishlari haqida qulogʻimga chalingani ilk noxushlik boʻlgan. Shundan soʻng koʻmirxona haqida juda koʻp oʻylaganman, uni tasavvurimda qanday jonlantirganim hanuzgacha yodimda. Armiyada gaupvaxtada oʻtirganimda ham oʻsha koʻmirxonada oʻtirgandek edim. Keyin har xil kunlar oʻtdi, ammo koʻmirxonani tasavvurimdan yoʻqota olmadim. Bu meni qiynaydi.

– Eng birinchi oʻqigan kitobingiz?

– Eslashimcha, “Poʻlat qanday toblandi”. Ammo undan oldin “Ayiq va dehqon” ertagini bilardim.

– Qaysi biri yaxshi?

– Menimcha, “Ayiq va dehqon”da donolik koʻproq boʻlsa kerak.

– Qanday?

– Dehqon bilan ayiq oʻrin almashishida. Ayiqni dehqon aldaydi, ertakdan soʻng tasavvur etsangiz dehqonni hamma aldaydi. Oʻrta ichida ayiq ahmoq boʻlib qolaveradi.

– Siz oʻzingizni yolgʻiz xis etganmisiz?

– Yoʻq, yolgʻiz emasman, qalbimda Yaratuvchiga cheksiz muhabbatim bor.

– Shoyimjon, Siz bolalar uchun ham koʻplab asarlar yozgansiz.

– Uncha-muncha, qoʻldan kelgancha.

– Bunday asar yozishda asosiy eʼtiborni nimaga qaratish lozim?

– Bolalar uchunmi?

– Ha.

– Ular bilan hamnafaslikka.

– Qanday?

– Bolalarning ajoyib shoiri Hamza Imonberdiyev bilan yaqin edim. U biron joyga mehmonga borsa, bolalar bilan bir dasturxonda oʻtirmasa koʻngli toʻlmasdi. Bolalar bilan birga oʻynardi. Quddus Muhammadiy “odamning ikki kuragi oʻrtasida tuz yigʻiladi, shuning uchun dehqonlarning yaktagi oʻsha joyidan tezda sitilib, yirtilib tushadi”, deb oʻzi ham ikki kuragi oʻrtasidan ter chiqarish uchun oʻn yettinchi qavatga ham liftni kutmay piyoda chiqardi. Qalbi toza odam edi, uzoq umr koʻrdi. Poʻlat Moʻmindek yumshoq koʻngil, mehribon odamni koʻrmaganman. Qoʻlidan ushlab olib koʻziga qarab soʻzlayotganida har qanday odam oʻzida ijobiy energiyani his qilib turardi. Nosir Fozilov, Safar Barnoyev, Sulton Jabbor, Habib Rahmat, Abdurahmon Akbar – har biri oʻzgacha, alohida bir olam edi. Habib Rahmat “Hamza” metro bekatidan chiqaverishda Kabo Abening “Quti odam”iga oʻxshab tirqishidan sotuvchining boshigina koʻrinadigan, ikki kishi sigʻmaydigan kioska – yaʼni, gazeta doʻkonchasida gazeta-jurnal sotib oʻtirardi.

Chingiz Aytmatov bilan Moskvada birga tahsil koʻrgan Aziz Abdurazzoq soqol-moʻylovini oʻstirib gnomday boʻlvolib “Buyuk Ipak Yoʻli” metrosi bekatiga ertalab ishga shoshib shoʻngʻiyotganlarga non berayotgandek kitob taqdim etib turardi, narx-navosi ustida tortishmas, oʻn soʻmlik kitobni bir soʻmga ham berib yuboraverardi. Odamlar siyraklashgach kitoblarini yigʻishtirib olib ketaverardi. Keyin-keyin Habib akaning “qutichasi” ham, Aziz akaning yoymasi ham zamon talablariga dosh berolmay supirilib ketdi. Aziz Abdurazzoqning “Danak ichidagi daraxt” kitobini oʻqiganmisiz?

– Ha, albatta. Siz aytgan ustozlarimiz bolalar adabiyotining ustunlaridir. Ammo endi qoʻlidan yozish kelmaganlar ham oson deb oʻylab bolalar adabiyoti ichida oʻralashib, kitoblar chiqarishyapti...

– Foydasi yoʻq.

– Nimaning?

– Yuzta kitob chiqarsayam, ijodkor boʻlmasligi mumkin.

– Toʻgʻri, bolalar ijodkori boʻlish uchun bolalarning maʼnaviy dunyosi darajasiga koʻtarilish talab etiladi. Bu alohida mavzu.

Qiziqarli suhbat uchun katta rahmat. Sizga kuch-quvvat, uzoq umr tilaymiz.

 

 

Muhabbat HAMIDOVA suhbatlashdi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.