Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qatimlari tillodan

Mehrimni qoʻshib tikdim

Madaniy merosimiz boʻlgan xalq amaliy sanʼati uzoq oʻtmishga, betakror anʼanalariga ega. Zardoʻzlik ham ana shunday qadimiy sanʼat turlaridan biri hisoblanadi. Buxoro XVI asrda zardoʻzlik markaziga aylangan. Sababi, barcha zarur xom ashyolar shu yerning oʻzida tayyorlangan. Tilla suvi yuritilgan iplar, zar tikiladigan matolar, toʻqilgan duxobalar, xullas, butun bir sanoat tizimi shu yerda shakllangan.

Keyinchalik buxorolik usta-hunarmandlarning ishlari Buyuk Ipak yoʻli boʻylab tarqalgan va dovrugʻi butun dunyoga taralgan.

Kashtachilikning esa palak, soʻzana, kirpech, gulkoʻrpa, zardevor singari nodir namunalari borki, ularning saqlanib qolishi va taraqqiy etishida kenja avlod vakillarining ham hissasi bor.

Ular kashtachilik sanʼati anʼanalariga ranglar nazokati va naqsh elementlarini shu darajada mohirlik bilan singdirmoqdaki, qadimiy sanʼatimiz yanada nafislashib, madaniy merosimiz xorijiy davlatlar muzeylarida ham yuksak baholanmoqda.

Bugungi mavzuimizga uygʻun tarzda zardoʻz momolarimiz qoʻlidan korchoʻblarini olib, choynakpoʻshaki, gʻilofi, zardoʻzi choponlar tikayotgan, nafis ipaklarga rang-barang bezaklar bilan jilo berayotgan hunarmand qizlar bilan tanishtirmoqchimiz.

Mushtariyxonning aytishicha, korchoʻb, likkak, patilla zardoʻzlik sanʼatining asosiy ish qurollari sanaladi. Pardozlangan boʻz, qalin duxobaga naqsh solayotgan barmoqlar qaltiramasligi, asboblarni mahorat bilan ishlatishda sabrli boʻlmogʻi lozim. Aks holda, ish koʻngildagidek chiqmaydi. Zardoʻzlik sanʼati ikki karra mohirlik va mehnat degani, negaki avval naqsh tushiriladigan choponni, choynakpoʻsh yoki yelpigʻichni tikib olish kerak. Mushtariyxon dastlab choklari qiyshiq chiqqanda, naqshlari egri tushirilganda, zar iplari salqib qolganda xafa boʻldi. Ammo qunt bilan oʻrganaverdi. Vaqt oʻtib ustozi Musabbiha opa unga Munisaxon bilan birga Sochida oʻtkaziladigan Xalqaro tanlovga borishini aytganda qunt, uquv va sabr-toqat bir kun muvaffaqiyat sari yetaklashiga amin boʻldi. Zar iplariga mehrini, orzularini qoʻshib tikkan qiz olis va nufuzli tanlovda ishtirok etish uchun rus oʻlkasi tomon yoʻl oldi.

 

Zardevor tilsimi

Sohillarida oppoq koʻpiklar mavj urayotgan dengiz, koʻm-koʻk archazorlarga burkangan, yosh iqtidor egalarining qalbida ishtiyoq va yangi ijod zavqini choʻgʻlantirayotgan oʻlkaning muhtasham Oʻquvchilar saroyi bugun har kungidan-da gavjum. Hashamatli saroyning ulkan boʻlinmasida xalq amaliy sanʼatining jajji durdonalari terib chiqilgan. Mushtariyxonning yonida oʻzbekistonlik yana bir yosh hunarmand qiz Munisaxon “Bereg pobeda” tanlovida ishtirok etmoqda. Boshqa davlatlardan borgan ishtirokchilar matoga moyboʻyoqda ishlov berilgan asarlarini namoyish etmoqdalar. Hakamlarga esa qoʻl mehnati bilan yaratilgan, barmoqlar sehridan jonlangan kashta va soʻzanalar, yelpigʻich-u, choynakpoʻshlar koʻproq maʼqul keldi. Darvoqe, Munisaxon tanlovda bejirim kashtalari bilan qatnashmoqda. Bundan ilgari u “Kamalak yulduzlari” respublika tanlovida qatnashgan edi. Oʻshanda anor tasviri tushirilgan kashtani tikish uchun oylab ter toʻkkan edi. Unga xolasi Muattarxon opa ilk bor kashtachilik sirlarini oʻrgatgan. Barmoqlariga igna sanchib olganda, naqshlarni koʻngildagiday chiqarolmaganda har qanday hunarning oʻziga xos mashaqqatlari borligini anglagan. Xolasi saboqlariga amal qilgan Munisa 2018-yil “Kamalak yulduzlari” respublika tanlovida gʻolib boʻldi. Shu yilning may oyida Sochida oʻtkazilgan yirik tanlovda 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Musabbiha opaning aytishicha, xorij mamlakatlarida qoʻl mehnati, ayniqsa xalq amaliy sanʼati, milliy hunarmandchilik buyumlari yuksak qadrlanadi. Hakamlar qizlarning serjilo kashtalariga, soʻzana-yu, zardoʻz choponlariga mahliyo boʻlib “Ofarin, haqiqiy moʻjiza!” deya baholashdi.

Tanlovdan soʻng Qoradengiz sohillarida chigʻanoqlar terishdi, rangli toshlar yigʻishdi, kislorodga toʻyingan musaffo havodan simirib, yangi asarlar yaratish uchun ilhom olishdi.

Mushtariyxon Obloqulova Toshkent viloyati Piskent tumanidagi 19-maktabning 7-sinfida, Munisaxon Yoʻldoshxonova esa 1-maktabning 6-sinfida tahsil olishadi. Ular tumandagi 30-Bolalar musiqa va sanʼat maktabining Xalq amaliy sanʼati boʻlimida hunar sirlarini oʻrganishadi. Munisaxon boʻsh vaqtlarida jiyanlari Farzona va Poʻlatga ertak kitoblar oʻqib beradi, kelgusida shifokor boʻlishni niyat qilgan. Mushtariyxonning esa eng katta orzusi – Parij koʻrgazmalar zallarida qalb qoʻri va orzulari qoʻshib tikilgan millatimiz maʼnaviyatini koʻrsatuvchi amaliy sanʼat namunalarini namoyish etish.

Orzular roʻyobga chiqish uchun yaraladi, faqat niyatlarga qanot bogʻlasak boʻlgani.

 

Umida SADATOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.