Uy vazifasi berilmaydigan maktablar
Aziz bolalar! Niderland qirolligi maktablaridagi taʼlim tizimining oʻziga xos jihatlarini bilasizmi?! Gollandiyada yashovchi bolalarning nega dunyodagi eng baxtli bolalar deb atalishini-chi? Bilmasangiz, mazkur sahifani diqqat bilan oʻqib chiqing. Barcha savollaringizga javobni esa koʻp yillardan buyon oilasi bilan Gollandiyada istiqomat qilayotgan yurtdoshimiz Feruza SHOSAIDOVA hikoyalaridan topasiz!
Niderland qirolligi maktablari oʻziga xos va noanʼanaviydir. U yerdagi oʻquv maskanlari nafaqat Yevropa davlatlaridagi, balki butun dunyo maktablaridan keskin farq qiluvchi jihatlari bilan ajralib turadi.
Gollandiyada (Niderland qirolligining norasmiy nomi) boshlangʻich va oʻrta maktablar mavjud. Boshlangʻich maktablarda 4 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar taʼlim olishadi. Oʻquvchilar 12 yoshdan oʻrta maktabga oʻtkaziladi. Barcha maktablar uchun umumiy boʻlgan darsliklar yoʻq. Har bir maktab taʼlim vazirligi tomonidan belgilangan standartlarga amal qilgan holda dars yoʻnalishi va darsliklarini oʻzi belgilaydi. Maktabda mashgʻulotlar soat 8:30 dan boshlanib 15.00 gacha davom etadi. Faqat chorshanba butun davlat boʻylab qisqartirilgan kun, deya eʼlon qilingan va shu kuni darslar soat 12:30 da tugaydi. Gollandiya maktablariga bolalar 4 yoshdan qabul qilinadi. Yilning qaysi fasli, haftaning qaysi kuni boʻlishiga qaramasdan bola 4 yoshga toʻlgan kunning ertasigayoq maktabga boradi. 4 va 5 yoshli bolalar bitta sinfda oʻqib, taʼlim olishadi. Bu yoshdagi, yaʼni 1-2 guruh (bizning tilimizda sinf) oʻquvchilari partasiz sinfxonalarda boʻgʻin, tovushlarni oʻrganib, qoʻshiq kuylaydilar, birgalikda rasm chizib, turli xildagi qiziqarli oʻyinlar oʻynashadi. Bunday taʼlimning vazifasi oʻquvchida jamoaga kirishishni oʻrgatish, motorikani rivojlanishiga hissa qoʻshish va yuqori sinfga oʻtish uchun poydevor yaratishdan iboratdir.
6 yoshga toʻlgan bolalar (3-sinf) endilikda ancha jiddiy boʻlgan maktab tizimida taʼlim ola boshlaydilar. Odatda bitta partada 4 ta oʻquvchi oʻtiradi. Sinfda taxminan 20-30 nafargacha bola oʻqiydi. Oʻquvchilar maktabga istagan kiyimlarida keladilar. “Maktab formasi” degan tushuncha bu mamlakat oʻquvchi va oʻqituvchilari uchun begonadir. Oʻquvchilar maktab sumkalarida faqatgina idishchalarga solingan tushliklarinigina olib keladilar. Oʻquv qurollari – kitob, daftar, qalam, ruchka, darsliklarning hammasi oʻquvchining partasidagi shaxsiy tortmasi yoki qutisida qoladi, uyga hech narsa olib ketilmaydi. Gollandiya maktablarining eng ajoyib va bizni hayratga solgan yana bir jihati, bu yerda oʻquvchilarga uy vazifasi berilmaydi. Oʻrta maktabga chiqqunlariga qadar oʻquvchilar uy vazifasisiz maktabning oltin davridan bahramand boʻlib yashaydilar.
Maktabda oshxona, hatto kichkina bufet ham yoʻq. Har bir oʻquvchi uyidan olib kelgan yegulik – buterburod, pishloqli non va ichimlik bilan tushlik qiladi yoki katta tanaffusda uyiga borib, ovqatlanib kelishi mumkin. Katta tanaffus 1 soat-u 15 daqiqa davom etadi. Oʻquvchilar darslar orasidagi kichik tanaffuslarda meva yoki sabzavot bilan tamaddi qilib olishadi. Bolalar har qanday ob-havo sharoitida – yomgʻir yoki qor yogʻayotgan boʻlsa-da, albatta, maktab hovlisiga chiqadilar. Chunki gollandlar toza havo bolalarni yana-da sogʻlom boʻlishlariga katta yordam beradi, deb hisoblaydilar. Gollandiyada eng ommabop va deyarli har bir fuqaro foydalanadigan transport turi bu – velosiped. 2 yoshdanoq bu yerning bolalari velosiped haydashni oʻrganadilar. Koʻchada ota-onasining velosipedi yonida oʻzining kichkinagina velosipedchasiga oʻtirib bogʻchasiga ketayotgan bolalarni uchratasiz. Ular maktabga ham velosipedda keladilar. Har bir taʼlim maskani hududida velosipedlar uchun maxsus turargohlar bor. Maktab dasturiga velosiped haydash qonun-qoidalarini oʻrgatuvchi fan ham kiritilgan. Bu darsda oʻquvchi va oʻqituvchilar maktabdan tashqarida velosipedlarga oʻtirib, koʻchalarda amaliyot oʻtkazadilar.
Gollandiya maktablarida doimiy dars jadvali mavjud emas. Oʻqutuvchi qaysi fanni oʻtishni oʻzi hal qiladi. Odatda, kunning birinchi yarmida matematika, til, fizika kabi murakkab fanlar oʻtilsa, kunning ikkinchi yarmida esa mehnat, tabiat, jismoniy tarbiya kabi yengilroq darslardan mashgʻulot olib boriladi. Bu mamlakatda juda koʻp suv havzalari boʻlganligi sabab, maktab bitiruvchilariga shahodatnoma berishdan oldin oʻquvchidan, albatta, suzishni oʻrganganligi haqidagi diplom soʻraladi. Chunki maktablarning dars jadvaliga suzish darsi ham kiritilgan. Ammo, darsdan tashqari vaqtda deyarli har bir oʻquvchi oʻz ixtiyori bilan suzishga qatnashadi. Suzishni oʻrganish har bir golland oʻquvchisining norasmiy majburiyati hisoblanadi.
Quyi maktab darslari 8-sinfni bitirgunga qadar davom etadi. Soʻng bolalar oʻrta maktabga oʻtadilar. 8-sinf yakunida oʻquvchilar bitiruv testi, imtihon topshiradilar. Test natijasi oʻquvchining kelgusi hayotini belgilaydi. Imtihonning natijasi oʻrta maktabdagi uch yoʻnalishdan qaysi biriga loyiq deb topilsa, oʻquvchi oʻsha yoʻnalishdagi oʻrta maktabda oʻqishni boshlaydi.
Gollandiya maktablarining yana bir jihati – davomatga oʻta qattiqqoʻllik bilan yondashuvda. Sababsiz bir kun dars qoldirgan oʻquvchining ota-onasi kattagina jarima toʻlaydi. Ayniqsa, taʼtil oldi va taʼtildan keyingi kunlar davomat qattiq tekshiriladi. Gollandiyada eng uzoq taʼtil – yozgi, yaʼni iyul oyi oʻrtalarida boshlanib, 6 hafta davom etadi. Yil davomidagi boshqa taʼtillar esa 7 kun va 14 kunni tashkil etadi. Maktablarda taʼlim olish tekin, faqat bir yilda bir marotaba 20-50 yevro atrofida maktab fondi toʻlanadi. Bu jamgʻarilgan pullar oʻquvchining bir yillik oʻquv quroli, darsliklar, maktab maʼmuriyati tomonidan uyushtiriladigan sayohat va bayramlarda ishtirok etishi, xarid qilinadigan sovgʻalar uchun ishlatiladi. Bir yilda ikki marta ota-onalar majlisi boʻladi. Oʻquv yilining boshidagi majlisda yil rejasi bilan tanishtiriladi. Oʻquv yili soʻngidagi yigʻilishda esa ota-onalarga farzandlarining yakuniy natijalari taqdim etiladi.
Oʻquvchining oʻqituvchi oldida hech qanday majburiyati yoʻq, doskaga chiqib sheʼr yodlash yoki mavzuni tushuntirish kerak, degan tushunchalar begona. Hayratli tomoni, bu davlatda oʻquvchilarga baho qoʻyilmaydi, oʻqituvchilar oʻquvchilarni umuman urishishmaydi. Gollandlar bunday erkin tizimni bolada maktabga boʻlgan muhabbatni soʻnib qolmasligida, kelajakda hayotda erkin fikrli boʻlib oʻsishida, jamiyatda oʻz yoʻlini qiynalmay topishida yordam beradi, deb taʼkidlaydilar.
Oʻqituvchilar oʻquvchilar bilan oʻzaro yaqin doʻstdek munosabatda boʻladilar. Haddan ziyod bu erkinlikka qaramay, ustozlarning oʻquvchilar oldidagi hurmati juda yuqori. Gollandiyalik ustozlar maktabdan, oʻqituvchidan qoʻrqish bolaning ilmga boʻlgan qiziqishini soʻndiradi, aksincha, ular bilan oʻrtoqlashib, muammosiga koʻmak berish, quvonchiga sherik boʻlish bilan birga oʻquvchining mehrini qozonib, hurmatga erishiladi, deb hisoblaydilar.
Gollandiya – egasiz, koʻchada yashovchi daydi hayvonlar yoʻq boʻlgan yagona mamlakat. Bu yerda hattoki hayvonlarning ham oʻz haq-huquqlari bor. Jonivorlarga nisbatan beshafqatlik jinoyat hisoblanadi. Uydagi mushuk yoki kuchukka oila aʼzosidek qaraladi. Har bir uy hayvonining sogʻligʻi sugʻurtalangan boʻlib, ular zarur vaksinalarni olishi maxsus idoralar tomonidan nazorat qilinadi.
Gollandiya ariqlarida oʻrdaklar bisyor. Tabiatni tomosha qilish uchun chiqqan odamlar oʻzlari bilan non olib kelib, ularni mehr bilan oziqlantirishadi. Mening qizlarim har kuni maktabdan kelgach, qoʻliga katta non boʻlaklarini olganicha koʻchamizdagi ariqchada suzib yuruvchi oʻrdaklar oshiqadilar. Bu yerdagi barcha turdagi qushlar odamlarga oʻrgangan.
Biz bugun hikoya qilayotgan ushbu oʻlka olamga mashhur Golland atirgullari-yu lolalari bilan insonlarni oʻziga maftun etibgina qolmay, unda oʻsayotgan har bir oʻsimlik, nafas olayotgan har bir jonivorga boʻlgan mehr tufayli ham oʻziga xosdir.
Shaxsan men uchun – oʻz yurtimda yetarlicha qattiqqoʻllik, meʼyor va qoidalarga rioya qilgan, hattoki taʼtilda ham uyga berilgan vazifalarni bajarib katta boʻlgan oʻquvchi uchun Gollandiyadagi taʼlim tizimi biroz oddiy, baʼzan hayratlanarli tuyuladi. Har yerning oʻz tosh-u tarozisi bor, deganlariday, bu tizimning men uchun kamchilikdek koʻringan jihati shuki, ota-ona farzandining fanlar bilan bogʻliq harakatlari, oʻzlashtirish darajasidan toʻliq xabardor boʻla olmaydilar. Ota-onalarning oʻz bolasiga fanlarni oʻzlashtirishiga turtki boʻladigan yordamni oʻz vaqtida bera olmasligi, har kunlik oʻtilayotgan mavzular bilan tanisha olmay, nazorat qilolmasliklari men uchun ajablanarli hol boʻldi.
Bunday qaraganda, Gollandiya maktabining oʻquvchisi boʻlish bu – oʻz transport vositasida – velosipedda maktabga borish, hamisha maktab darvozasi oldida qoʻlida kofe solingan krujkasi bilan “Xayrli tong”, deya jilmayib qarshi olayotgan direktor va oʻqituvchi, kosmik kemaga oʻxshagan sinfxonada dars oʻtish, doim yordamga tayyor, irq, millat ajratmaydigan sinfdoshlar bilan miriqib suhbatlashish, sportga muhabbat, uyushqoqlik, erkinlikni oʻrganish demakdir. Zero Gollandiyada yashovchi bolalarni dunyoning eng baxtli bolalari deb atashlari bejiz emas.
Nilufar JABBOROVA yozib oldi.