Mangu xotiralar
Shu kunlarda koʻpmillatli xalqimiz Ikkinchi jahon urushida erishilgan Gʻalabaning 74 yilligini nishonlamoqda. Besh yil davom etgan mashʼum urushda bir yarim milliondan ziyod Oʻzbekiston fuqarosi qatnashgan ekan. Ularning yarim milliondan ortigʻi halok boʻlgan. 133 ming nafarga yaqini bedarak yoʻqolgan. 60 mingdan ortiq vatandoshimiz esa urushdan nogiron boʻlib qaytgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida xalqimizga quyidagi tarixiy dalillarni yana bir bor eslatib oʻtdi:
– Oʻsha olovli yillarda Oʻzbekistonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha “Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – gʻalaba uchun!” deb yashadi, orom va halovatdan voz kechib, tinimsiz ogʻir mehnat qildi. Respublikamiz frontning mustahkam taʼminot bazasiga aylandi.
Oʻzbekiston ahli urush hududlaridan koʻchirib keltirilgan 1 millionga yaqin insonga boshpana berib, oʻz nonini ular bilan baham koʻrdi. Ayniqsa, ota-onasi, oilasidan judo boʻlgan 200 ming nafar begunoh bolalarni “Sen yetim emassan!” deb bagʻriga bosib, mehr-muruvvat koʻrsatdi.
Shuningdek Prezidentimiz xalqimizga kelgusi yili Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan Toshkent shahrining eng koʻrkam maskanlaridan birida ushbu shonli sanaga bagʻishlab ulkan Gʻalaba bogʻi barpo etilishi, uning tarkibida shon-shuhrat muzeyi qad koʻtarishi haqida ham toʻxtalib oʻtdilar.
– Yoshlarimiz, – dedilar muhtaram Prezidentimiz, – kimlarning jasorati tufayli qariyb 75 yil mobaynida urush balosini koʻrmasdan, tinch va baxtli zamonda yashayotganimizni bilishi va buning qadriga yetishi zarur.
Urush qahramonlari haqida gapirar ekanmiz, tabarruk Ona siymosi koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Chunki el-yurt himoyasini or-nomus ishi, deb biladigan mard va botir oʻgʻlonlarni voyaga yetkazgan ulugʻ zot onadir. Urushning barcha azob-uqubatlarini eng koʻp tortgan insonlar ham mushtipar onalarimizdir.
Bamisoli sabr-bardoshdan yaralgan, urush yillarida muqaddas Vatan timsoliga aylangan bunday metin irodali onalar yurtimizda koʻplab topiladi.
Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qishlogʻida Zulfiya aya Zokirova ismli bir moʻtabar onaxon yashab oʻtganlar. Turmush oʻrtogʻi vafot etgach, aya besh oʻgʻil va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazganlar. Zulfiya aya Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh azamat oʻgʻlidan judo boʻlgan. Taqdirning bunday beshafqat zarbasiga Zulfiya Zokirovadek matonatli, qahramon oʻzbek ayoli bardosh bera oldi. Buning uchun odamda qanchalik kuchli iroda, qanchalik metin sabr-bardosh boʻlishi kerak!
Mana, yoshlarimiz, farzandlarimiz kimdan namuna va oʻrnak olishlari kerak!
“Yaxshilar yodi hech qachon unutilmaydi”, deydi xalqimiz. Biz ezgu niyat bilan barpo etadigan Gʻalaba bogʻi markaziga Zulfiya Zokirova va uning frontdan qaytmagan besh oʻgʻli, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal oʻrnatsak, unga “Matonat madhiyasi” deb nom bersak, nima deysizlar?
Yuqorida aytib oʻtilgan soʻzlarga diqqat qilsak, bugungi tinch va osoyishta hayotga qanday ogʻir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilganini yana bir bor his etamiz.
Qadrli oʻquvchilar, siz yashayotgan tuman, mahalla, shahar yoki qishloqda Ikkinchi jahon urushida qatnashgan faxriylar boʻlsa, ular haqida, bosib oʻtgan shonli yoʻllari haqida batafsilroq maʼlumot toʻplab, bizga yozib yuboring. Eng yaxshi maqolalar jurnalda eʼlon qilib boriladi.