Farhod Musajon
Bolalarning sevimli yozuvchisi Farhod Musajon 1933-yil 19-dekabrda Toshkent shahrining O‘qchi mahallasida ziyoli oilada tug‘ildi.
Bo‘lg‘usi adib maktabni tugallab, hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti sharq fakultetining eron-afg‘on bo‘limiga o‘qishga kirdi. Uni bitirgach, “Sharq yulduzi”, “G‘uncha” jurnallarida, “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”) gazetasi tahririyatida, so‘ng O‘zbekiston radiosining adabiy eshittirishlar bo‘limida ishladi. 1967-yilda “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga taklif etildi. Bir yildan so‘ng Moskvada, ikki yillik ssenaristlar Oliy kursida o‘qidi. 1970-yildan to 1999-yilgacha kino sohasida, dastlab kinostudiyada muharrir, so‘ng bosh muharrir, keyinchalik “O‘zbekkino” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishladi.
Farhod Musajonning 1959-yilda “Daradagi qishloqda” nomli birinchi hikoyalar to‘plami chop etildi. Shundan so‘ng adibning “Oftobni quvalab” (1963), “Bahor nafasi” (1964), “Bo‘sh kelma, Aliqulov!” (1965), “Turdi, galstuk va men” (1970),”Chin do‘stlik” (1976), “Chevar qiz” (1982), “Buloq suvi” (1982), “Turdi, velosiped va men” (1983) kabi kitoblarining yaratilishi bolalar uchun katta bayram bo‘ldi.
Keyinchalik adib o‘zining bolalarga atab yozgan barcha hikoyalarini to‘plab “Tekin tomosha” nomi bilan nashr ettirdi. Farhod Musajon dramaturg sifatida “Xayolparastlar”, “Oq kabutar”, “Sabil qoldi”, “O‘g‘limni qaytarib beringlar” nomli pyesalarini yaratdi.
Adib kattalar uchun ham barakali ijod qilib “Dushanba, nonushtadan so‘ng” (1974), “Sunbula”, “Bog‘ ko‘chamni qo‘msayman” (1977), “Himmat” (1984), “Bog‘ ko‘cha” (1987), “Qilich va soz” (2000), “Lafz” (2003), “Kuymagan jonim manim”, “Ekran yulduzi” kabi o‘ttizga yaqin kitoblarini nashr ettirdi. Bulardan tashqari adib “Oq kabutar”, “Talvasa”, “Tomosha davom etadi”, “Imtihon” kabi pyesalar, “Jazirama oftob ostidagi uy”, “Birovning boshi”, “Ko‘zlarim yo‘lingda”, “Huvaydo”, “So‘nmas ziyo”, “Sensan sevarim”, “Men senga zor”, “Askiya”, “Qiziqchi” kabi badiiy filmlar ssenariylari muallifi hamdir.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Farhod Musajon adabiyotimiz oldidagi xizmatlari uchun G‘afur G‘ulom nomidagi mukofotga sazovor bo‘ldi. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi.
Xalqimizning sevimli yozuvchisi Farhod Musajon 2013-yilda Toshkentda vafot etdi.