Abdurauf Fitrat
Abdurauf Abdurahmon o‘g‘li Fitrat madaniyatimiz tarixida shoir, nosir, dramaturg, publitsist, tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi, faylasuf, san’atshunos va jamoat arbobi sifatida munosib o‘rin olgan.
U 1886-yili Buxoroda ziyoli oilasida tug‘ilgan. Buxoro, Istanbul madrasalari va dorilfununlarida o‘qigan. Fitrat arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi o‘zlashtirgan.
Adibning otasi savdo ishlari bilan shug‘ullangan. U asosan, onasi Mustafo bibi (Bibijon) tarbiyasida bo‘lgan. Sharq adabiyotini yaxshi bilgan Mustafo bibi farzandini Bedil, Navoiy, Fuzuliy, Zebuniso, Uvaysiy kabi benazir shoirlarning g‘azallaridan xabardor qilgan.
Fitrat 1909-yili Turkiyaga o‘qishga borib, 1913-yilgacha Istanbul dorilfununida tahsil oladi. Uning ilk she’riy to‘plami 1911-yilda “Sayha” (“Chorlov”) nomi bilan chop etiladi. “Sayyohi hindi”, “Munozara” kabi asarlari ham shu davrda Turkiyada bosilib chiqadi.
Fitrat 1917-yili “Hurriyat” gazetasini tashkil etib, unda xalqning istiqboli uchun kurashga da’vat etuvchi she’r va maqolalarini e’lon qiladi. Fitrat faqat yetuk shoir, publitsist va hikoyanavis emas, yetuk dramaturg sifatida ham badiiy madaniyatimiz tarixidan mustahkam o‘rin egalladi.
1922-yili nashr etilgan “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamida Cho‘lpon, Elbek bilan birga Fitratning ham bir qator she’riy asarlari ilk bor o‘zbek o‘quvchisiga havola etilgan.
Fitrat yirik adabiyotshunos olim sifatida ham bir qancha asarlar yaratgan.
Fitrat, ayni paytda, davlat va jamoat arbobi sifatida ham keng faoliyat yuritgan. Jumladan, 1921-1923 yillarda Buxoro Xalq Jumhuriyatida maorif xalq noziri bo‘lib xizmat qilgan. 1923-1924-yillarda esa shoir Moskvadagi Sharq tillari institutida ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanadi.
Fitrat ham mustabid tuzum tazyiqi ostida 1937-yilda hibsga olinib, 1938-yil 4-oktabrda otib tashlangan. Fitrat nomi va ijodi garchi, 60-yillarda oqlangan bo‘lsa ham, faqat istiqlol davriga kelib ro‘shnolik yuzini ko‘rdi.
1991-yil 25-sentabrda milliy ozodlik yo‘lida ko‘rsatgan jasorati, o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Fitratga vafotidan keyin Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.