Yashillik bag‘rida
Toshkent – turli xil tarixiy binolar, yodgorliklar, shuningdek, go‘zal yashil bog‘lar, xiyobonlarga boy serquyosh va zamonaviy shahardir. Ona tabiatning ana shunday tarovatli maskanlaridan biri Yaponiya madaniyatiga muvofiq bezatilgan yapon bog‘idir. Ushbu ajoyib go‘sha Toshkentning “O‘zekspomarkaz” hududida joylashgan. Bog‘ 2001-yil 25-avgustda ochilgan. Bog‘ tabiatning go‘zalligi va uning ulug‘vorligini belgilaydigan toshlardan iborat.
Agar siz Yaponiya madaniyatida to‘liq nafas olishni istasangiz, birmuncha vaqt tashqi dunyodan uzoqlashib, o‘zingizni yapon falsafasini o‘rganishga bag‘ishlashingiz kerak. Bog‘ning yonida ta’sirchan ko‘l mavjud bo‘lib, u ko‘p sonli mehmonlarning diqqat-e’tiboriga sazovor joydir. Aksariyat aholi bo‘sh vaqtlarini ko‘l bo‘yida o‘tkazishni yaxshi ko‘radilar. Bundan tashqari, ba’zi oilalar go‘zal manzarani tomosha qilish, bog‘da yashaydigan o‘rdak, g‘oz, kabutarlar va oqqushlarni boqish uchun kelishadi.
Bog‘da siz mashhur yapon sakurasini ham ko‘rishingiz mumkin.
Bu yerda ajoyib o‘simliklar, daraxtlar, yashil maysazorda yuradigan toshbaqalar va tovuslar ham mavjud. Ayniqsa, yozning jazirama issiq kunlarida bu yashil hudud nafaqat Toshkent aholisining, balki poytaxtimizga dam olish uchun turli viloyatlardan kelgan mehmonlarning ham sevimli go‘shasiga aylandi.