Adabiyot va sheʼriyat bayrami
Yaqinda Jizzax viloyatida respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy Zomin seminari bo‘lib o‘tdi. Uch kun davom etgan ushbu anjumanda adabiy muloqotlar, ijodiy suhbatlar, mahorat darslari, kitob taqdimotlari, mushoiralar, she’riyat oqshomlari bo‘lib o‘tdi. Seminar ishtirokchilari Zominning betakror tabiati bag‘riga sayohat qildilar. Yosh ijodkorlar ustozlarning saboqlaridan bahramand bo‘ldilar.
Seminarning bolalar adabiyoti yo‘nalishida bosh-qosh bo‘lgan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir Dilshod Rajab “Gulxan” jurnaliga ishtirokchi ijodkorlarning she’rlarini taqdim etdi.
***
OYOQNI QOʻLGA OLGIN
Tong otib, xo‘rozlar ham
“Qu-qu”lashib baqirdi.
Shu payt mayin ovozda
Onajonim chaqirdi:
– O‘rningdan tur, Boburjon
Tez avtobusga ulgur.
“Oyog‘ing qo‘lga olib”,
Chaqqon qimirla, yugur.
Onam aytganin qilib,
Oyoqni qo‘lga oldim.
Lek yugurish o‘rniga
Yerga o‘tirib qoldim.
Kattalarning negadir,
Ko‘p g‘alati so‘zlari.
Gapining ma’nosiga
Tushunarmi o‘zlari?
Sarvinoz QOZOQOVA
***
DORBOZ SICHQON
Yugurib, yurib sichqon,
Pishloq topdi nogahon.
Sap-sariq, dum-dumaloq,
Hidi ham xushbo‘y, oh-oh!
Nafsiga bo‘lib qurbon,
Qopqonga tushdi sichqon.
O‘zin pishloqqa otdi,
Tanasiga sim botdi.
Qorni to‘q, lek ko‘zi och,
Chi-chilab bo‘ldi dorboz.
***
MUSHUGIM
Dada, mushuk obering,
Mehmon-mehmon o‘ynayman.
Yaqin do‘stimni har kun
Sichqon bilan siylayman.
Uyimizda tunlari
Eshitilar gumbur-gum.
Bilaman qayerdadir
Ovqat yeydi mushugim.
Dilshoda ABDUMUTALLIBOVA
***
BALIQ OVLASHGA BORSANG
Qo‘shni bolaga shunday,
Deb savol berdi Hasan:
–“Baliq ovlashga borsang,
Nima olib ketasan?”
Qo‘shni bola bir o‘ylab,
Asta kulib, ham so‘zlab:
–“Hech narsa,– dedi birdan,
–Axir qo‘rqaman suvdan”.
Tojigul YO‘LDOSHEVA
***
HIMOYACHI
– Qizim, shuncha shokolad
Yebsan, zarar-ku axir.
Akangga ham bermabsan,
Bunchalar bo‘lma baxil.
Oyijon, men ularni,
Tatib ko‘rib baridan.
Himoya qilib turdim
Yemasin, deb aridan.
***
SIR
Nafisaning “og‘zi bo‘sh” –
Sir saqlashni bilmaydi.
Onasi tayinlagan
Ishlarni ham qilmaydi.
Bir kuni deng dadasi,
Akasini so‘radi:
– Kitob o‘qiyaptimi,
Nimaga kech turadi?
– Va’da berdim akamga,
Men so‘zimdan qaytmayman.
Kompyuter o‘ynar har kun,
Buni sizga aytmayman.
Muxlisa TOSHPO‘LATOVA