Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Barcha gʻolib Oʻzbekistondan

Esingizda bo‘lsa, “Gulxan” jurnalining 2022-yil 11-sonida “Tabiiy fanlar toshdek og‘ir...mi? (Yoxud mashaqqatni nazarga ilmagan kichkina buyuklar)” nomli maqolamiz e’lon qilingandi. Unda bo‘lg‘usi o‘zbek “Mendeleyev”lari – Azizbek Nazarov, Shahzoda Hakimovalar kelajakdagi rejalari, orzulari haqida sizlarga so‘zlab berishgandi. Bugun o‘sha orzular birin-ketin amalga oshganini ko‘rib, dildan suyunishingiz, ularga havas bilan qarashingiz turgan gap.

Gap shundaki, 16-24-iyul kunlari Shveytsariyada o‘tkazilgan 55-Xalqaro kimyo olimpiadasida qatnashgan qahramonlarimiz Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi Azizbek Nazarov hamda Uchtepa tumanidagi 81-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Abdulloh Mahmudov oltin, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi Shahzoda Hakimova kumush, Toshkent shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi Sohibjon Dilmurodov bronza medalini qo‘lga kiritdi.

90 ga yaqin davlatdan qariyb 350 o‘quvchi ishtirok etgan mardi maydonda bunday natijalarga erishish oson emas. Bu marragacha yetib kelish uchun o‘quvchidan cheksiz sabr, kuchli bilim va mustahkam ishonch talab etiladi. Zero, Vatan bayrog‘ini jahon arenalarida hilpiratish baxti hammaga ham nasib etavermaydi. Oltin medal sohiblari 165 mln. so‘m, ustozi 148,5 mln. so‘m miqdorida, kumush medal olganlar 99 mln. so‘m, ustozi 82,5 mln. so‘m hamda bronza medal egasi 66 mln. so‘m, ustozi 49,5 mln. so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Bu yutuq Mustaqilligimizning 32 yil­lik to‘yiga katta to‘yona bo‘ldi. Sizda ham tengdoshlaringiz kabi kuch-g‘ayrat, bilim mujassam. Ishonamizki, kelasi yili to‘yonani Vatanimizga siz hadya etasiz...

 

Azim HALIM o‘g‘li

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.