Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

“Chotqol”dagi taʼtil taassurotlari

Bolalar, siz qaysi faslni yoqtirasiz? Aytmasangiz ham may­li, chunki o‘zim bilaman. Albatta, yozni-da! Sababi, unda ta’til uzoq davom etadi. G‘arq pishgan shaftoli-yu o‘riklar sizga kuch-quvvat beradi. Anhor-u ariqlarda, soy va daryolarda cho‘milasiz. Oromgohlar bag‘rida mazza qi­lib dam olasiz. Do‘stlar orttirasiz, turli chiniqtiruvchi sport mashg‘ulotlarida,“Kim epchil-u kim chaqqon” muso­baqalarida o‘zingizni sinab ko‘rasiz. Fikrimizga isbot izlab, Bo‘stonliqning so‘lim go‘shasi — “Chotqol” oromgohiga bordik.

Oromgoh sport o‘yinlari haftaligi bayram dasturlari tashkil etiladigan Kastra maydonidan boshlanar ekan. 700 kishiga mo‘ljallangan ushbu maydonda bolalarni kutib olish va kuzatish tadbirlari o‘tkaziladi. Shuningdek, kechki payt gulxan atrofida do‘stona suhbatlar tashkillashtiriladi. Tongda maydon bo‘ylab “Chotqol FM” radiosining ovozi jaranglab, “Quvnoq startlar” musobaqasiga chorlaydi.

Chap tomonga burilib, zinadan chiqsangiz, Estra­da — sahna ko‘rinishlari namoyish etiladigan joyni ko‘rasiz. U yerda bolalar sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha teatr tomoshalari, notiqlik qobiliyatlarini namoyon etishlari mumkin.

Yana biroz odimlasangiz, Dance Area — raqs maydonchasiga duch kelasiz. Kechki ovqatdan so‘ng musiqa va raqs tadbirlari uyushtiriladi. Ay­nan shu maydonchada raqqosalar uchun “Raqs jilosi” ko‘rik-tanlovi tashkillashtiriladi.

6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan dam oluv­chilar o‘zlarini ertaklar olamiga tushib qolgandek his qiladilar. Ular qo‘nim topgan 10 ta otryad ham xuddi “Oppog‘oy va yetti gnom” multfilmidagi pakana odamlar kulbasidek. Asosiysi, ular bu yerda uyqudan erta turishga, gigiyenaga amal qilib, qo‘l-yuz yuvishga, badantarbiya mashqlarini bajarib, tanani chiniqtirishga odatlanadilar. Oromgoh tarbiyalanuvchilari amaliy mashq­lar bilan birga ovqatlanish tartibiga ham rioya qilishadi. Taomnomaga muvofiq bir kunda besh mahal ovqatlanishadi. “Yaxshi dam — mehnatga hamdam” deganlaridek, bolalar o‘zlarining sevimli mashg‘ulotlari — vokal ijrochiligi, bisser to‘qish, shaxmat-shashka, gimnastika, raqs kabi to‘garaklarda shug‘ullanishadi. Ayrim rassom bolajonlar yo‘lkalardagi asfaltga rasm solishadi. Oromgohda bolalarning iste’dodi har tomonlama yuksalishi uchun ularga zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, basseynda suzish bolalarning jon-u dili. Bolalar sport turlari bo‘yicha umumjamoaviy musobaqalarda qatnashadilar. G‘o­liblar esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan mukofotlanadilar.

— Yoz bo‘yi faoliyat yuritgan “Chotqol” orom­gohida jami 1370 nafar o‘g‘il-qiz sog‘lomlashtirildi, — deydi oromgoh ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘­yicha ish yurituvchisi Sherzod Xoliqov. — Oromgohga jalb etilgan ishchilar, harbiylar, psi­xologlar bolalarning maroqli dam olishi uchun kamarbasta. “Ma’naviyat va marifat” xonasida “Sport — sog‘lik garovi”, “Yangi O‘zbekiston — yangicha dunyoqarash” nomli tadbirlar, “Sehrli barmoqlar”, “Yosh kitobxon” kabi mu­sobaqalar tashkillashtirildi.

Bolalarning shodligi qay darajadaligini bilish maqsadida ularni suhbatga tortdik.

 

Anvar MURODILLAYEV,

Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi 2-maktabning 7-sinf o‘quvchisi:

— Bisser to‘qish faqat qiz bolalarning qo‘lidan keladi, desangiz adashasiz. Bunday noyob qobiliyat o‘g‘il bolalarda ham bor. Men shu yerdagi “Mohir qo‘llar” to‘garagida toshlardan munchoq, taqinchoqlar yasashni o‘rgandim. Qo‘limdagi munchoqlarni o‘zim yasadim. Onamga ham taqinchoq hozirlab qo‘ydim. Bundan tashqari, shaxmat-shashka to‘garaklariga qatnayapman.

 

Nuridiyda ABDULLAYEVA,

Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 43-maktabning 6-sinf o‘quvchisi:

 — Raqs va suzish. Bu ikkala sport turi bir-biriga qanchalik aloqadorligini shu yerda angladim. Raqs tushishni oldin ham “qotirardim”. Lekin suzishdan juda qo‘rqardim. Bir kuni suvga tushayotganimda murabbiyim “Hovuzda o‘zingni raqs tushayotgandek erkin tut”, deb uqtirdi. Buni amalda sinab ko‘rdim. Endi suvda baliqdek yengil, chiroyli harakatlarim bilan o‘rtoqlarimni qoyil qoldiryapman. Chunki raqsdagi nozik harakatlarni suvda ham bajaryapman. Buni ko‘rganlar “Sendan yaxshi sinxron suzuvchi chiqadi”, deb maqtashmoqda. Yozgi ta’tilim har yili shunday soz o‘tishini istardim.

 

Imron TOLIBJONOV,

Toshkent viloyati Qibray tumani;

— Ikki oydan beri shu yerdaman. Hecham zerik­kanim yo‘q. Hali maktabga chiqmasam ham men bu yerda futbol o‘ynashni, hindcha raqsga tushishni, o‘qish va yozishni o‘rgandim. Televizorda “Bollivud Battle”, “Hindi Shou”ni oilaviy ko‘rardik. O‘shanda hind aktyorlariga taqlid qilib, raqsga tushardim. Endi mening ham o‘yinlarimni barcha oromgoh bolalari miriqib tomosha qilmoqda. Bugun Shohruhxon ijro etgan “Are Re Are”ni o‘ynayman. Ajabmas, ertaga iste’dodimni “oyinayi jahon”da ham tomosha qilsangiz.

Demak, bolalar oromgoh bag‘rida mazza qilib dam olishmoqda. Ishonamizki, bunday mazmunli hordiq chiqargan bolalar yangi o‘quv yilini o‘zgacha kuch-g‘ayrat va ishtiyoq bilan boshlaydilar!

 

Azim AXTAMOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.