Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Shoir boʻlganmish

Miraziz juda ko‘p badiiy kitob o‘qiydi. Shundanmi,  gohida  she’r  mashq qilib turardi. Biroq negadir yozganlarini sinfdoshlariga emas, menga ko‘rsatardi. Unga havas  qilib men  ham  she’r, hikoyalar  yoza boshladim.  Qishki  ta’tildan so‘ng  maktabga  kelgan zahotim e’lonlar taxtasidan maktabimizda  adabiyotga, ijodga qiziqqan bolalar uchun “Yosh qalamkash”  to‘garagi ochilgani, xohlovchilar  har shanba darsdan so‘ng bu to‘garakka qatnashi mumkinligi haqidagi  xabarni  o‘qib qoldim. Bu ayni  ko‘nglimdagi gap  bo‘lgani  uchun  darrov  Mirazizga aytdim. U ham xursand bo‘lib ketdi. To‘garakka  a’zo bo‘lishga kelishdik.  Eng qizig‘i, to‘garakni  hikoyalari darsliklarga kiritilgan, men yaxshi ko‘rgan  yozuvchi  olib borar ekan.

Birinchi mashg‘ulotda ustoz  hammamiz bilan birma-bir tanishdi. Qaysi  yozuvchilarning asarlarini o‘qiganimiz, ko‘proq nima yozishga qiziqishimiz, hatto adabiyotga  munosabatimizni ham so‘radilar. Keyin  yozgi ta’til haqida  kichikroq she’r, hikoya, qatra  yozishga buyurdilar.  Men qatra yozdim. Ustozga yoqdi. Aziz  lavha, Malika bilan  Miraziz she’r yozdi.

– She’r yozish texnikasini yaxshi   o‘zlashtirgan ekansiz. Ammo, – tomog‘ini qirdi ustoz, – Malikaning she’ri menga kimnidir uslubini, yanayam  ochiqrog‘i,  she’rini eslatib yubordi.

– Yo‘q ustoz, o‘zimning she’rim, o‘zim yozganman, – dedi Malika  ikkilanibroq.

– Biz shaharda  yashaymiz, sen yaylovni, u yerdagi tabiatni ko‘rib  turganday juda jonli tasvirlagansan. Shunga hayronman.

– To‘g‘ri ustoz, bu she’r menga ham tanish. Adashmasam, 4-sinf o‘qish kitobida shunga o‘xshash she’r bor, – dedim men.

– Ta’tilda  Dehqonobodga – buvimnikiga borganman, – dedi Malika. – Keyin qo‘shib qo‘ydi, – balki  yodlagan she’rlarimdan  ilhomlangandirman.

– Shundaymi, unda she’ringni menga ko‘chirib ber. Uyda bafurja  o‘qib ko‘ra­man. Lekin yozolmasangiz,  yozolmay­man, deng. Urishmayman. Biroq birovni she’rini ko‘chirib olib, meniki deyish, kechirilmas gunoh, hatto, jinoyat. Shu gapim esingizdan chiqmasin.

– Ustoz, esladim, o‘tgan yili shu  “Yaylovda” she’rini  yaxshi  ko‘rib  yodlagandim. Ayrim  qatorlari  doim  xayolimda  aylanardi. Bilmasdan  ko‘chirib  qo‘yibman. Boshqa  bunday qilmayman. Yaylov  haqida o‘z  tasavvurimni yozishga harakat qilaman.   Axir,  yaylovda  bo‘lganman-ku, qo‘y- qo‘zilar yugurib-yugurib o‘tlaydigan yam-yashil may­don. Atrofdan maysalarning xushbo‘y hidi  kelardi, – dedi Malika   ko‘zini  yumib, boshini tebratgancha.

–   Juda  yaxshi.  Hozir  xuddi shoirlardek   fikrlading. Demak,   o‘z  tuyg‘ularing ifodalan­gan  she’r  yoza  olasan. Bu  qo‘lingdan  keladi. Keyingi mashg‘ulotda buni  isbotlaysan, – jilmaydi  ustoz. Keyin Mirazizga, – qani  shoiri zamon, she’r  o‘qish  sening  navbating, – dedilar. Miraziz shoshilmasdan  o‘rnidan  turdi.  Garchi  qo‘lida  she’r  yozilgan  varaqni  ushlab  olgan  bo‘lsa-da, uni  yoddan  ifodali  qilib  o‘qidi.

Ustozga  Mirazizning she’ri yoqdi.

–  Yangi fikr, chiroyli o‘xshatishlar bor.  Ko‘p kitob o‘qiganing seziladi, – deb maqtadilar. Shu tariqa Miraziz ustozni erkatoyiga aylandi. O‘ziyam har bir mashg‘ulotga bitta  yangi she’r  yozib keladi-da!  Juda iste’dodli. Ustoz  qanday mavzu  bersa, hech qiynalmay yangi qofiyalarni topib, she’r yozadi. Yana  albatta, o‘ziga xos fikr bo‘ladi. Biroq  Miraziz maqtovlardan  taltayib  ketdimi yoki  ilhom kelmayaptimi,  to‘garakka kelmay qo‘ydi. Ustoz uyiga telefon qilsa, hech kim ko‘tarmaydi. O‘zi ham qo‘ng‘iroq qilmaydi.

– Ulug‘bek, Mirazizdan xabar ol-chi,  betob bo‘lib qolmadimikin? – dedilar ustoz navbatdagi mashg‘ulotda. Dushanba kuni dars boshlanmasidan avval uning sinfiga bordim. Bir oz kutib turgandim, harsillab-gursillab   kelib qoldi.

– Miraziz yaxshimisan, namuncha qizarib ketding, qayerdan kelyapsan?

– Boks to‘garagidan, rosa mashq qildik o‘ziyam, – dedi u og‘zi qulog‘iga yetgudek tirjayib.

– Iye, endi boksga qatnayapsanmi? Bizning to‘garakka bormaysanmi? Ustoz so‘rayotgandi.

– Ha o‘rtoq, endi “Yosh qalamkash”ga bormayman. Jurnalda she’rim chiqdi. Hammaga yoqdi. Bo‘ldi, she’r yozishni, shoirlikni o‘rganib oldim-ku, qatnab nima qilaman?! She’r yozgim kelganda yozaveraman. Endi men shoirman, – dedi u, shuni ham bilmaysanmi, degan  ohangda. Keyin  maqtandi. – Endi  boks   to‘garagiga qatnayapman. Murabbiy  aytdi, – menda  kuchli qobiliyat  bor  ekan.

– Boksdan chempion bo‘lishing bilan yana boshqa to‘garakka borasanmi?

–   Topding, bir yigitga qirq hunar oz. Boksdan keyin shaxmat  bilan shug‘ullanaman, – dedi kinoyamni tushunmay. Men ortiqcha gapirmay xayolimda charx  urayotgan savollarga javob izlab yo‘lga tushdim.

Nahotki, ikkita she’ri gazeta-jurnalda chiqqan odam shoir bo‘lib qolsa. Unda nima uchun Alisher Navoiy, Pushkin, Zulfiya,  Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuflar umr bo‘yi she’r yozish­gan? Axir mening ham she’rlarim jurnalda chiqyapti-ku! Nega o‘zimni hali shoir his qilmayapman. Balki, Miraziz xato qilayotgandir. Bu fikri bilan  u o‘zining yuzaga chiqayotgan noyob qobiliyatini yo‘qotib qo‘ymaydimi?

 

Ulug‘bekning maktubini

Muhabbat HAMIDOVA

oqqa ko‘chirdi

 

Tahririyatdan:

Qadrli jurnalxon, yuqoridagi  voqeani  siz  qanday  baholaysiz? Mirazizni  fikriga  qo‘shilasizmi  yoki...

Maktublaringizni  kutamiz!

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.